English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
"Oq-ko‘prik" stansiyasida yangi qurilgan po‘lat izlardan yuk poyezdlari harakati boshlandi
13:13 / 2023-11-11

Toshkent viloyatidagi "Oq-ko‘prik" temir yo‘l stansiyasida bugunga qadar jami 4 ta temir yo‘l izlari mavjud edi. “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rahbariyatining sa’y-harakati bilan joriy yil oktyabr oyidan boshla bu stansiyada bosqichma-bosqich po‘lat izlar sonini oshirish borasida amaliy ishlar olib borildi.

25 kun ilgari boshlangan, uzunligi 1200 metrdan ziyod bo‘lgan mazkur temir yo‘l qurilishining birinchi bosqichi nihoyasiga yetkazildi va bugundan ushbu temir yo‘ldan yuk poyezdlar harakatga tushdi. Bu bilan stansiyadagi po‘lat izlar soni yana bittaga ko‘paydi.  

Ayni kunda esa temir yo‘lchilar tomonidan ushbu stansiya hududida yana bitta temir yo‘l liniyasini qurish ishlari olib borilmoqda.  

Bugun “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ boshqaruvi raisi vazifasini bajaruvchisi Zufar Narzullayev boshchiligidagi ishchi guruh “Oq-ko‘prik” stansiyasiga kelib, bu yerda amalga oshirilayotgan ishlarni ko‘zdan kechirdi. Stansiya hududida qilinishi lozim bo‘lgan ishlar hamda qurilishning navbatdagi bosqichini ham qisqa muddatda sifatli qilib yakunlash borasida mas’ullarga vazifa va ko‘rsatmalar berdi.

– Qurilishning ikkinchi bosqichida bunyod qilinayotgan temir yo‘lning uzunligi ham 1200 metrdan ziyod. Qurilish jarayoni qizg‘in davom etmoqda. Barcha zarur texnika, mutaxassislar, ishchi xodimlar jalb qilingan. Yangi yo‘limizni foydalanishga topshirsak, stansiyadagi po‘lat izlarning soni 6 taga yetadi. Bu esa qo‘shni davlatlardan mamlakatimizga kirib kelayotgan yuk poyezdlarining sonini yanada oshirishga xizmat qiladi, – deydi  “Toshkent mintaqaviy temir yo‘l uzeli” unitar korxonasi boshlig‘i Sirojiddin Norqobilov.

Ma’lumotlarga ko‘ra, bugungi kunda ushbu stansiya orqali bir sutkada 28-30 juft yuk poyezdi qabul qilinayotgan bo‘lsa, po‘lat izlar ko‘payishi bilan poyezdlar sonini 45 tagacha oshirish imkoni yaratiladi. Bundan tashqari, bu yuklarni o‘z vaqtida manziliga yetkazib berishda ham muhim o‘rin tutadi.

 Abdulaziz RUSTAMOV, O‘zA