Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Oppoq ko‘ksi ezgulikka  to‘lgan  el
09:54 / 2025-05-31

1

        Bo‘lmadi hech yerda manzil-makonim,

        Zahru zaqqum bo‘ldi ichgan-yeganim,

        Aytsam-da, bo‘lmadi mening deganim,

        Kuygandan jon qiynalur xalq uchun...

Berdaq – Berdimurot Qarg‘aboy o‘g‘li Berdaq  boboning yuragidan sizib chiqqan bu og‘riqli “oh”lar qalblardan qalblarga ko‘chib aks-sado berganda o‘zbeklar va qoraqalpoqlarning ko‘nglidan nimalar kechmaydi, deysiz. 

Bundan qariyb 200 yil burun – 1827 yilda aynan Mo‘ynoqda dunyoga kelgan shoirning ushbu mahzun satrlari 2019 yilning 20 avgust kuni  O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning qoraqalpoq zaminida aytgan mana bu so‘zlarini yodimga  tushirdi: “Men Sizlar bilan uchrashganda, Sizning qizg‘in qarsaklaringizni sog‘inib emas, Sizlarning ko‘zlaringizdagi quvonchni ko‘rishga keldim. Sababi, tarixdan yaxshi ma’lum, qoraqalpoq xalqi o‘tmishda hamma vaqt qayg‘u alam, og‘ir dard bilan kun kechirgan”...

Prezident bekorga aytmagan edi bu so‘zlarni. Qoraqalpoq xalqining  o‘tmishini yaxshi bilgan, dardu-tashvishlarini dil-dilidan his qilgan odam aytishi mumkin edi buni.  Illo, har bir xalqning uzun tarixi, bosib o‘tgan yo‘li, boshidan kechirgan issiq-sovuq kunlari  bor. To‘fonu bo‘ronlar girdobida toblanib-chiniqmagan   elat ham,  millat ham yo‘q bu dunyoyi dunda. Ammo, hech kim qoraqalpoqchalik achchiq izg‘irinlarga duch kelmangan, hech kim qoraqalpoq kabi ko‘z yosh to‘kmagan bo‘lsa kerak. 

Kechmishi miloddan avvalgi asrlarga borib taqalguvchi  bu xalq, xalq bo‘lib shakllangandan boshlab  qayg‘uli damlarga yuzma-yuz kelaverdi: zo‘ravonlar qutqusiga uchradi, bir  manzilda qo‘nim topolmadi, “ko‘cha-ko‘ch”, “qocha-qoch” deyilmish tahlikalar ostida umrguzaronlik qilishga majbur bo‘ldi. Orol bo‘ylarida baliqchilik , chorvachilik bilan tinchgina yashab yurgan, ilk manbalarda “qora bo‘rkli”,  mo‘g‘ullar iste’losi davrida “qavmi  kulohi siyah” deb atalgan qoraqalpoqlarni  Chingiz lashkarlari Rus cho‘llariga haydadi.

“Qoraqalpoqlar bir yurtda yuz yil makon qilmadi, ko‘chib yurib, ko‘pchiligi yo‘lda o‘ldi...”, deya faryod urdi  u qora kunlarni  eslagan shoir Berdaq bobo.

Bir muddat  Kiyev Rusi dashtlari, Volga -Ural oraliqlari,  keyin Irtish sohillarida omonat kun kechirgan qoraqalpoqlar, Oltin O‘rda tarkibida Nug‘oy xonligini tuzdi. Ammo, sal o‘tmay shimollik yog‘iylar tazyiqiga uchrab, Turkistonga haydaldi. Qozoq xoni Abulxayrxonning zo‘ravonliklaridan keyin Xiva xonligi tarkibidagi og‘ir hayot, Yernazar Alako‘z, Aydos biy, Begis va Mirjiq kabi botirlarning ozodlik yo‘lida jon berishlari – bularning har biri azobli doston, qayg‘uli bir kitob. 

Keyin Sariqamish, O‘zbo‘y, Sayhun bo‘ylarida kun kechirgan xalq  nihoyat, yer yuzining  yarmini aylanib-aylanib, 18-asr o‘rtalarida, ne-ne mashaqqatlar bilan yana Jayhun sohillariga qaytib keldi. Keldi ota makoniga. Biroq, ko‘ch-ko‘chlar  bo‘ronida necha minglab o‘g‘il-qizlaridan bevaqt ayrilgan “qora bo‘rkli”larning manglayiga  osoyishta damlar   hali yozilmagan ekan: yana quv-quvlar, hayda-haydalar, urushlar, qon to‘kishlar... 

Gapirsang tiling, gapirmasang diling kuyadi.  Chor  Rossiyasi istilosi va sho‘rolar zamonida goh Rossiya, goh Qozog‘iston tarkibiga o‘tkazib-qaytirilgan  “qavmi kulohi siyah”lar, nihoyat, O‘zbekiston  bilan bir davlat, bir mamlakat maqomiga ega bo‘lgandan keyingina azaliy orzulari – ona zaminida muqim yashash baxtiga musharraf bo‘ldi. Ming afsuski, bu baxt ham  hali chala ekan. Yetmish yillik  sho‘ro zamoni bu elni nafaqat o‘zligidan butkul  ayirdi, balki, ochofat bosqinchilarning paxtadan oq, sholidan sariq oltin olish talvasasi, xalqni boyitish haqidagi cho‘pchaklarga yo‘g‘rilgan talonchiliklari xalqqa qo‘shib yer yuzidagi  atoqli dengizlarning biri bo‘lgan  Orol dengizining ham boshiga yetdi. Orolning chekinishi, million-million tonnalab zaharli, tuzli chang-to‘zonlarning osmonga ko‘tarilishi ona tabiat ko‘ksiga  bolta urdi, dengiz bo‘ylarida umrguzaronlik qilayotgan elning genofondini og‘uladi. 

“Tixiy Chernobil” – “Sokin Chernobil” deya olamga jar soldi mazkur fojia ko‘lamini his qilganlar.

Biroq tani boshqa – dard bilmas. Hukmdorlar Orolni qutqarish, umrini dengiz bilan bog‘lagan, dengizni Ona deb ulug‘lagan zahmatkash elga g‘amxo‘rlik qilish o‘rniga ularni Uzoq Sharqning Ussuriysk tomonlariga ko‘chirmoq rejasini tuzdi. 

O‘zbekiston Qahramoni, O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston xalq shoiri Ibroyim Yusupov: 

“Xavotir bor, qoraqalpoqlar,

Ko‘p uzamay ko‘char degan” so‘zlar bilan boshlanguvchi  she’rida qondoshlarining sinovlarga to‘la beorom o‘tmishiga mana endi Orol dardi ham qo‘shilgani, O‘zbekiston hududining 40 foizini tashkil qiladigan mintaqa, uning hayot manbai bo‘lgan dengiz, mehnatkash odamlar hayoti butkul xavf ostida qolganini alam bilan faryod urib kuyladi.

Dengiz o‘rnida paydo bo‘lgan sahrodan ko‘tarilayotgan to‘zonlar Antarktida sohillari, Grenlandiya muzliklari, Norvegiya o‘rmonlari, Yaponiya bog‘larigacha yetib borgan va Orol fojiasi dunyo fojiasiga aylanayotgan azobli kunlarda sobiq ittifoq korchalonlari, qoraqalpoqlarning dardiga malham bo‘lish o‘rniga, yuqorida ta’kidlaganimizdek, ularni  o‘z uyidan mosuvo qilish yo‘llarini izladi. Butun boshli elning kelajagi  shu tarzda vaqt hukmiga tashlab qo‘yildi. 

2

Mamlakatimiz mustaqillikka erishgandan  keyingina  ming yillik haqiqat asl o‘zaniga qaytdi. Qoraqalpoq eli o‘z zaminiga, bobomeros qo‘rg‘oniga ega bo‘ldi. Qoraqalpoq  dardi O‘zbekiston dardiga aylandi – butun O‘zbekiston bir bo‘lib  qondoshlari - jondoshlari dardiga shifo izladi.

Shavkat Mirziyoyev esa hali  Prezidentlikka nomzod paytidayoq birinchi saylov oldi uchrashuvini aynan shu zamindan boshladi. Xalq bilan uchrashdi, yuzma-yuz gaplashdi, qalbiga, dardiga, orzu-armonlariga quloq tutdi. Aslida hududning  mushkul ahvoli besh qo‘ldek ayon edi  u kishiga. Bosh vazirlik chog‘larida ovulma ovul yurgan Shavkat Miromonovich nomzodlik uchrashuvining o‘zidayoq o‘sha yillari mintaqa uchun eng og‘riqli bo‘lgan  ichimlik suvi ta’minotini yaxshilash, ko‘mir tannarxini pasaytirish, aholini elektr energiyasidan foydalanishini izga tushirish, maktabgacha ta’lim muassasalarini modernizatsiyalash, onalik va bolalikni muhofaza qilish, pensionerlarga xizmat ko‘rsatishni kuchaytirish kabi 11 ta ustuvor vazifaga e’tibor qaratdi.  Shu kundan  e’tiboran qoraqalpoq diyorida boshlangan islohotlarning barchasi  doimiy nazoratga olindi. 

Davlat rahbarining mehru muhabbati, vatanparvarligi, elsevarligi ming-minglab qalblarda egamenlik tuyg‘ularini olovlantirdi, bilaklarga kuch, yuraklarga alpona qudrat bag‘ishladi. Xalq birlashdi - kuch bo‘ldi, irmoqlar tutashdi - daryo bo‘ldi. Tirishqoqning chegasi toshga chega qoqadi, degan sharqona hikmatning naqadar haqiqat ekani hayal o‘tmay o‘z natijasini ko‘rsatdi – ishonch bilan ekilgan nihollar shirin-shirin mevalar bilan siyladi dasturxonlarni.  Muammolar birin-ketin barham topib, ovullarga chiroy, ko‘chalarga bahoriy nasimlar kirdi. Omborlarda don, dasturxonlarda non ko‘paydi. Iqtisodiyot  o‘sdi, sanoat, qurilish, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, biznes va xususiy tadbirkorlik, sayyohlik sohalari qanot yozdi. Katta yo‘lga tushgan katta karvon qo‘ng‘iroqlari  beadoq sahroyu cho‘llarni, dashtu dalalarni hayot qo‘shig‘iga to‘ldirdi. 

Shu yillarda, ya’ni so‘nggi 7-8 yil ichida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Qoraqalpoq o‘lkasini yuksaltirishga doir 14 ta farmon va qarori, Hukumatning 25 ta qaror va farmoyishi qabul qilindi. Bu tarixiy hujjatlar o‘lka xalqlariga turmush tarzini yaxshilash, yashash uchun qulay shart-sharoitlar yaratish,  iqtisodiyotni mustahkamlash,  daromadni oshirish, qishloq xo‘jaligi, ta’lim, tibbiyot, sport, madaniyat sohalarini rivojlantirish uchun  mustahkam zamin  yaratdi. 

3

Ilgari sanoat mahsulotlari deyarli  ishlab chiqarilmagan o‘lkada metallurgiya kombinati, neft-kimyo zavodi komplekslari paydo bo‘ldi, qurilish materiallari,  energiya resurslari va boshqa korxonalar birin-ketin ishga tushirildi. Sanoatning kirib kelishi tufayli avvallari ko‘rsatkichi eng past bo‘lgan 6 tumanda ishlab chiqarish 2-3 baravar ko‘paydi. Shundoq tumanlarning kanvonboshisi edi Kegayli. Ilgarilari umuman sanoat bo‘lmagan bu tumanda astoydil qilingan harakatlar va  hududlararo hamkorlik natijasida uchta yirik loyiha o‘zlashtirildi. “Aqtuba tekstil” shularning biri edi. Yiliga  uch million donadan ziyod trikotaj mollari ishlab chiqarish quvvatiga ega bo‘lgan korxona ishchilari yiliga  6 million dollarlik mahsulot eksport qilish maqsadida yeng shimarib ishga tushib ketdi. Korxona jihozlarining hammasi Germaniya, Yaponiya, Turkiya kabi davlatlardan olib kelib o‘rnatilgan eng zamonaviy uskunalar edi.

Yana bir ibratli jihat – korxonaning  o‘zida yoshlarni   kasb-hunarga qayta tayyorlovchi o‘quv markazi tashkil etildi. Unda ovullardagi kasbga qiziquvchi ishsiz yigit-qizlar malaka oshirdilar, hunar egalladilar.

Yutuqlar albatta quvonchli edi.  Ammo, Prezidentimiz ulardan qoniqmadi, qoraqalpoq  xalqining dasturxoni yanayam to‘kin bo‘lishiga asos bo‘ladigan yangi tashabbuslar qidirdi. Shu tariqa, Qoraqaopog‘istondagi  450 dan ziyod mahallaning har biriga to‘g‘ridan-to‘g‘ri 500 million so‘mdan qo‘shimcha mablag‘ ajratildi.

Bir mahallaga 500 million! Birgina shu raqamning imkoniyatlarini tahlil qilgan kishi, agar bu pullar to‘g‘ri sarflansa, qancha-qancha nochor oila og‘ir ahvoldan xalos bo‘lishi, qancha ishsizlar ishli, qancha ro‘zg‘orlar esa kichik-kichik tadbirkorlik bilan shug‘ullanish imkoniga ega bo‘lishini anglab oladi. 450 dan  ziyod  mahallaning har birida, boringki, o‘ntadan odam ishli bo‘lganda ham necha ming kishining qozoni qaynaydi.

Prezident tomonidan yana bir tashabbus – kadastrsiz uylar muammosi tilga olinganda ko‘plar joylaridan turib ketdi. Qarangki, Qoraqalpog‘istonda 38 mingta uy-joy va ko‘chmas mulklar kadastr qilinmagan ekan. Davlat rahbari soha mutasaddilariga bu masalani tezkorlik bilan bajarish vazifasini topshirdi.

Umuman, uy-joy muammosi Qoraqalpog‘iston uchun ham o‘ta muhim hisoblanadi. O‘sha yilning o‘zida 4 mingta uy-joy qurilishi va shunga qo‘shimcha, zamonaviy loyiha asosida yana 4 mingta yakka tartibda uy-joy qurishga 4 sotixdan yer ajratilajagi aholiga o‘zgacha quvonch va kayfiyat bag‘ishladi. 

Amalga oshirilayotgan  ishlar ko‘lami naqadar katta bo‘lishiga qaramay, baribir, Prezidentning ko‘ngli to‘lmasdi. 2018 yilning boshida davlatimiz rahbari yana qoraqalpoq zamini tomon yo‘lga otlandi. Berdaq boboning kindik qoni tomgan makon Mo‘ynoqqa bordi. Mo‘ynoqdan xuddi Orol kabi faqat nom qolgandi o‘sha paytlarda: fayz ketgan, korxonalar to‘xtagan, infrastruktura izdan chiqqan, ishsizlik va ertangi kunga umidsizlik hammaning sillasini quritgan... 

 Prezident mo‘ynoqlik yoshullilar,  mahalla raislari, yoshlar bilan uchrashib, maslahatlashdi. Orol dengizining qurigan hududlariga borib, vaziyatni yana bir karra ko‘rdi, tahlil qildi. 

 Bir paytlar ming-minglab odamlar farovon hayot kechirgan, tonnalab baliqlar ovlangan, dengiz va unga tutash yaylovlarda qo‘y-qo‘zilar o‘tlab yurgan, qushlar sayrog‘i, yosh-yalanglarning kuy-qo‘shiqlari jaranglab turgan manzilning bunday abgor ahvolini ko‘rish, uning kelajagini tasavvur qilish nihoyatda og‘ir va alamli edi.

 Yurtboshimiz holatni teran baholar ekan, bu dahshatli muammoni oqilona hal qilish yo‘llarini chuqur o‘yladi. Albatta, shu paytgacha ham mazkur  fojiani tuzatishga oid xalqaro rejalar, ilmiy strategiyalar, turli-tuman jamg‘armalar bor edi. Orolni qutqarish tashkilotlarining faoliyati to‘xtagan emas, faqat natijadan darak yo‘q edi, xalos. Prezident yangi strategiya taklif qildi: Orolning qurib qolgan qismiga o‘simliklar ekib, tuzli, zaharli to‘zonni to‘xtatish, uning o‘rniga yashil iqtisodiyotni tashkil etish kerak. Elboshi bundan boshqa chora yo‘qligini har tomonlama  ilmiy asoslab berdi.  Jahon hamjamiyati bu  fikrni insoniyat tarixidagi donishmandlikning yana bir yutug‘i sifatida baholadi.

Orol bo‘yini odamlarga rizq ulashadigan, ish va daromad manbaiga aylantiradigan makonga aylantirish ishlari ana shu tarzda yangidan boshlanib ketdi. Butun O‘zbekiston oyoqqa qalqdi, butun O‘zbekiston Orol bo‘ylarini obod qilishga astoydil bel bog‘ladi. Qoraqalpog‘iston Respublikasining barcha tuman va shaharlari muayyan viloyatlarga biriktirildi. Avvalo, atrofni, musaffo havoni tozalash, dengizning qurigan tubidan ko‘tarilayotgan million-million tonna chang va zaharli tuzlarni kamaytirish kerak edi. Shu maqsadda sho‘rga chidamli o‘simliklar ekishga kirishildi. El biriksa tog‘ni talqon, cho‘lni bo‘ston qiladi. Orol sohillarida hayot qaynadi, minglab odamlar bel, ketmon ko‘tardilar, yuzlab traktorlar gurillab yer haydadi, samolyotlar osmondan urug‘ sepdi. Avvalgi 40 yilllar davomida Orolning qurigan tubiga bor-yo‘g‘i 400 ming gektar saksavul ekilgan bo‘lsa, ana-mana  deguncha dengizning suv qurigan 2 million gektardan ortiq qismiga saksovul, qorabo‘roq, qandim, cherkez  kabi cho‘l o‘simliklari ekilib, to‘qayzor barpo etildi.

 Prezident bu orada Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bosh Assambleyasi sessiyalarida so‘zga chiqdi, xalqaro sammitlarda muhim takliflarni ilgari surdi.  Dunyo  ahlini yana va yana  Orol fojiasi va bu fojianing oldini olishga qaratdi.  Shu  tarzda Orol muammosiga qarshi  kurashda jahondagi barcha davlatlar birligini tashkil qiluvchi Trast fondiga asos solindi. 

 Birlashgan Millatlar Tashkiloti esa “Orolbo‘yi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi deb e’lon qilish to‘g‘risida”gi rezolyutsiyasini qabul qildi. Mintaqada hayot maromini me’yoriga keltirish – salomatlikni tiklash, tuz va qum ko‘chishining oldini olish, yashil hududlar yaratish maqsadida 14 million dollardan ortiq mablag‘ ajratildi. 

Orol bo‘yining flora va faunasini yaxshilash bo‘yicha milliy dasturning ishlab chiqilishi ham Prezident  tashabbusi edi.

Xalqning yo‘qolib borayotgan umidlari tiklandi.           

Davlat rahbarining “Madaniyat Mo‘ynoqdan boshlanadi!” degan so‘zlari esa Ustyurt kengliklari, sahroyu ovullar osha butun O‘zbekiston bo‘ylab yangradi va Surxondaryo-yu Samarqand, Buxoro-yu Farg‘ona, Sirdaryo-yu Toshkent – hamma-hamma joyda birdek aks-sado berdi. Buxoro viloyati tadbirkorlari Xo‘jayli,  xorazmliklar Shumanay,  samarqandliklar Nukus, sirdaryoliklar Qonliko‘l tumanlarida bog‘lar, uzumzorlar, ixcham issiqxonalar tashkil qildilar. Qolgan tumanlarda  undanda salmoqli  loyihalar bajarildi. Jumladan, qoramol, qo‘y va echkilarni ko‘paytirish, parranda, quyonchilik va asalarichilikni rivojlantirish  izga tushdi. Buning uchun xonadonlarga qo‘y va echkilar, quyonlar va asalarilar tarqatildi. Yuz minglab gektar maydonlarda “Yashil qoplamalar” barpo etildi. Umuman, viloyatlar tomonidan hududda umumiy qiymati 524 million dollar bo‘lgan 318 ta yangi investitsion loyiha ishlab chiqildi.  Shu tariqa ham yurt obod bo‘ldi, ham 20 mingdan ziyod yangi ish o‘rni yaratildi. 

4

 2022 yil. 23 fevral. Shu kuni Toshkentdan ko‘tarilgan birinchi raqamli bort, ya’ni Prezident uchgan samolyot, Nukusdan naq 200 kilometr olisdagi Mo‘ynoq aeraportiga kelib  qo‘ndi. Aeroport tugul yolg‘izoyoq yo‘llari ham qumga ko‘milib, yo‘q bo‘lib ketgan joylar chinakam bayram shukuhiga to‘ldi. “Men birinchi kelganimda “Madaniyat Mo‘ynoqdan boshlanadi” degandim. Shunday bo‘layapti. Mana shu aeroport ham bunga bir misol. Endi Toshkent – Mo‘ynoq – Nukus aviaqatnovi yo‘lga qo‘yiladi”, deya mo‘ynoqliklar qalbiga qaynoq  ruh bag‘ishladi mamlakat rahbari.

 Nafaqat madaniyat, balki Yangi Qoraqalpog‘iston ham aynan Mo‘ynoqdan boshlanmoqda, deya Yurtboshining so‘zlarini quvvatlashdi qoraqalpoqlar.

Atoqli oqin Ibroyim Yusupov jondoshlari shodligiga sherik  bo‘ldi: “Dunyoda 30-40 millionlab nufusi bor millatlar, elatlar bor. Ularning na davlati bor, na erki bor, na boshi uzra hilpirab turgan bayrog‘i bor. Qoraqalpoq shu ma’noda baxti chopgan xalq. Atigi 2  millionga yaqin aholisi bor, lekin erki bor, o‘z tug‘i, madhiyasi bor....” deya ko‘ksini g‘oz tutib o‘lanlar aytdi.

 Bugun 2 million 300 mingga yaqin aholi umrguzaronlik qilmoqda Qoraqalpoq diyorida. Eng muhimi, aholining asosiy qismi doimiy ish bilan band. Ishsizlik darajasi 5,8 foiz atrofida.

Mamlakat kundan-kun o‘sib, rivojlanib boryapti. Birgina o‘tgan 2024 yilning o‘zida investitsiya dasturi doirasidagi 252 ta  ob’ektda 886 milliard so‘mlik qurilish-ta’mirlash ishlari bajarildi. 118 ta yangi ob’ekt foydalanishga topshirildi. Bularning 37 tasi maktab, 23 tasi bog‘cha, 6 tasi sog‘liqni saqlash, 5 tasi sport, 2 tasi madaniyat, 17 tasi ichimlik suv, 23 tasi irrigatsiya va melioratsiya, 23 tasi avtomobil yo‘llari, 15 tasi boshqa soha ob’ektlaridir.

5

Ko‘zlangan marralar, rejalar esa yanada ulkan.  Kelgusi besh yilda 200 ming gektar yaylovni qayta tiklash va hosildorlikni oshirish choralari ko‘riladi, chorvachilikni rivojlantirish jamg‘armasi tashkil etilib, 5 foizli kredit ajratish tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Har bir tumanda 200 ming boshli parranda va 100 gektardan baliq xo‘jaliklari tashkil etiladi, shu tariqa go‘sht, sut, tuxum va baliq yetishtirish hamjmi 2 barobarga ko‘payadi.

 Shuningdek, kamida 760 ming gektar yer maydonlari qayta foydalanishga kiritilib, Amudaryo, Beruniy, To‘rtko‘l, Xo‘jayli, Ellikqal’a va Nukus tumanlarida qo‘shimcha intensiv bog‘ va tokzorlar baprpo etiladi. Aholi tomorqalarida suv ta’minotini yaxshilash orqali 12 ming nafar fuqaroning bandligi ta’minlanadi. 

 Ta’lim-tarbiyaga alohida e’tibor berilib,  bolalarni maktabgacha ta’lim bilan qamrov darajasi 71 foizdan 87 foizga yetkaziladi. Yangidan 40 ta davlat va xususiy, 525 ta oilaviy bog‘chalar tashkil etiladi, 73 ta davlat bog‘chasi rekonstruksiya qilinadi va yana 40 ming nafar bolaning bog‘chaga borish imkoniyati yaratiladi.

Shu o‘rinda O‘zbekistonda boshlang‘ich sinf o‘quvchilarini bepul ovqat bilan ta’minlash tizimi aynan Qoraqalpog‘iston maktablaridan boshlanganini iftixor bilan ta’kidlash lozim. Bu yerda 2022 o‘quv yilidan boshlab 1-4 boshlang‘ich sinf o‘quvchilari uchun bepul tushlik berish yo‘lga qo‘yilgan. Buning uchun har yil davlat byudjetidan 100 milliard so‘m mablag‘ ajratiladi.                               

 Endi mana bu raqamlarga e’tibor qiling. 2017-2024 yillarda “Bir qadam” tamoyili asosida mintaqada 74 ta oilaviy shifokorlik punkti, 81 ta oilaviy poliklinika, 92 ta MTP tashkil etildi. Ixtisoslashtirilgan markazlarning hududiy filiallarida 150 turdagi yangi texnologiyalar ishga tushdi. Yiliga 4500 nafar bemorga uzoq yo‘l yurib Toshkent yoki xorijga emas Qoraqalpog‘istonning o‘zida yuqori texnologik yordam olish imkoni yaratildi.     

 Bundan tashqari, 2022-2026 yillar davomida o‘lkani rivojlantirish uchun 43 trillion so‘m mablag‘ ajratiladi. Jumladan, byudjetdan – 10 trillion so‘m, xalqaro moliya tashkilotlaridan 19 trillion so‘m, bank kreditlaridan 14 trillion so‘m. Natijada yalpi hududiy mahsulot hajmi va sanoat mahsulotlari 1,5 barobar, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqarish 1,2 barobar, xizmatlar hajmi 2,9 barobar, qurilish ishlari hajmi 1,4 barobar oshadi.

Necha ming yillik tarixga ega bo‘lgan Qoraqalpoq hududi sayyohlikni rivojlantirish uchun qanchalar keng imkoniyatlarga ega ekanini aytishga esa ehtiyoj bo‘lmasa kerak. Mintaqada 94 ta madaniy meros, 35 ta ziyoratgoh, 12 ta muzey, 24 ta teatr mavjud. 

 2024 yilda 200,7 ming xorijlik sayyoh va 2 million 240 ming nafar ichki sayyohlar keldi bu zaminga. Turizm – sayyohlik xizmatlari eksporti hamji 30,83 million AQSH dollarini tashkil qildi. 

Joriy yilda sayyohlar sonini 3 million nafarga yetkazish, sayyohlik xizmatlari eksportini 50 million AQSH dollariga olib chiqish rejalashtirilgan. 

5

Haqli savol tug‘iladi. Qoraqaopog‘iston atigi 7 – 8 yil ichida qanday qilib 70 – 80 yillik  yutuqlarga erishdi? Javob bitta: adolatli va uzoqni ko‘zlab amalga oshirilayotgan oqilona siyosat! O‘lkadagi barcha islohotlar, hech shubhasiz, davlat rahbarining xalqiga,  ona vataniga bo‘lgan beadoq muhabbati tufayli amalga oshmoqda. Zero, Shavkat Mirziyoyev iqtidorga kelgach, 8 yil ichida 20 marta tashrif buyurdi Qoraqalpoq diyoriga.

Tashriflarning har birida o‘nlab, yuzlab yangi buloqlar ko‘z ochdi. Har bir tashrifdan so‘ng salmoqli “Yo‘l xarita”lari tasdiqlandi, vazifalar belgilandi, ijrolar taminlandi. 

Keling, shu o‘rinda yaqin o‘rtada amalga oshiriladigan loyihalarning ayrimlariga ham bir karra nazar tashlaylik:

Yaqin besh yilda aholini ichimlik suvi bilan ta’minlanganlik darajasi 68 foizdan 89,7 foizga ko‘tariladi. Buning uchun 3,2 ming kilometrlik ichimlik suvi tarmoqlari, 177 dona suv inshooti quriladi va ta’mirlanadi. 250 ta mahalladagi 300 mingta xonadon toza ichimlik suvi bilan ta’minlanadi. Olis hududlardagi ovullar, bog‘cha, maktab va shifoxonalarga sho‘r suvni toza ichimlik suviga aylantirib beradigan mingta uskuna o‘rnatiladi. Osiyo taraqqiyot banki mablag‘lari hisobidan shu yilning adog‘igacha 1 279 kilometrlik ichimlik suv tarmoqlari va 27 ta suv inshootlari quriladi.

Nukus shahri, Taxiatosh va Qo‘ng‘irot tumanlarida issiqlik ta’minoti tizimini modernizatsiya qilish uchun 350 milliard so‘mlik loyihalar amalga oshirilib, mingdan ortiq ko‘p qavatli uylar markazlashgan va individual issiqlik ta’minotiga ulanadi.

Yana 4 974 kilometr elektr tarmog‘i yangidan quriladi va rekonstruksiya qilinadi, 1.4 mingga yaqin transformator va podstansiya yangilanadi. 557 kilometr gaz tarmoqlari yaxshilanadi.

 Aholini arzon uy-joy bilan ta’minlash uchun 20,3 ming kvartirali 709 ta ko‘p qavatli uy (oldingi yillarga nisbatan qariyb 2 barobar ko‘p), ipoteka kreditlari hisobidan 2,5 mingta yakka tartibdagi uy quriladi. O‘tgan yilning o‘zida 2734 xonadonli 71 ta uy foydalanishga topshirildi.

Yana Osiyo taraqqiyoti banki ishtirokidagi “G‘uzor-Buxoro-Nukus-Beynau” avtomobil yo‘lining 232 kilometrlik qismi sementbeton qoplamasi bilan rekonstruksiya qilinib, foydalanishga topshirildi. 

Orolning qurigan hududida yana 1 million gektar o‘rmonzor va butazorlar barpo etiladi. Nukus shahri atrofidagi “yashil belbog‘” maydoni 200 gektarga kengaytiriladi. Shahar va tumanlar markazida jami 362 gektar, Nukus shahri va tuman markazlarida 70 gektar jamoat parklari, yashil maydonlar tashkil etiladi.

 Tadbirkorlikni rivojlantirish orqali 100 mingta yangi ish o‘rni yaratilib,  2022-2026 yillarda 60 trillion so‘mlik (oldingi yillarga nisbatan qariyb 5 barobar ko‘p) jami 2352 ta investitsiya loyihasi amalga oshiriladi. 45 ta kichik sanoat zonasi tashkil etilib, ushbu sanoat zonalarida qiymati 3 trillion so‘mdan ziyod loyihalar  amalga oshirilishi natijasida, qariyb 25 mingta yangi ish o‘rni tashkil qilinadi. Kambag‘allik va ishsizlikni qiqartirish, aholi daromadini oshirish uchun kelgusi besh yilda 238 mingdan ziyod doimiy ish o‘rinlari yaratiladi.

 Bu jozibador raqamlarni qog‘ozga muhrlayotib beixtiyor dono oqin Ibroyim Yusupovning mana busatrlari esimga tushdi:

                         Yaxshi so‘z jon ozig‘idir, naql bor,

                         Xushomadga har kim havas o‘zincha.

                         Shundayam, bir o‘tinchim bor, odamlar:

                         Qoraqalpoqni ko‘p maqtamang ko‘zimcha...

Haq gap. Qoraqalpoq xalqi ortiqcha maqtovni xushlamaydi. Ammo, bugun o‘lkada olib borilayotgan beqiyos ishlardan g‘ururlanmaslik, ularni olqishlamaslik ham mumkin emasda, axir!

Garchi Orol dengizining suvi kamaygan bo‘lsa-da, tabiat bu bepoyon zamin bag‘ridagi boshqa boyliklarni xalqimizga mo‘l-ko‘l qilib hadya qilmoqda. Mintaqada topilayotgan va ishga tushirilayotgan tabiiy boyliklar,  konlar buning tasdig‘idir.

6

 Qoraqalpog‘iston xaritasiga qarasangiz, ikki ulkan sahro –  Qoraqum va Qizilqum o‘rtasida joylashgan o‘lkaning yon-atrofida Borsakelmas, Qumbaskan, Qo‘yqirilgan, Qanliko‘l degan nomlar bilan atalgan joylarga ko‘zingiz tushadi. Bu nomlar o‘tmishdagi og‘ir fojialarni eslatib turadi, deydi Berdaq bobo she’rlarining birida. 

 Mahzunlikka qorishgan o‘tmish endi tarixning sarg‘aygan sahifalarida qoldi. Oldinda esa nurli, nurafshon yo‘llar...

Mamlakatning yorqin kelajagi nurlanib yotibdi ana shu yo‘llarning bepoyon quchoqlarida. Keyingi besh yilda 13 trillion 300 milliard so‘mlik investitsiya o‘zlashtirilgani, shuning 2 milliard 400 million dollari xorijiy investitsiya ekani bu yurtning ertasi naqadar porloqligidan darak beradi. Bu yo‘llardan tevarakka boqsangiz afsonaviy manzaralarga guvoh bo‘lasiz: bir yonda Markaziy Osiyoda yagona bo‘lgan Qo‘ng‘irot soda zavodi, bir yonda sanoatimizning lokomotiviga aylangan qiymati 4 milliard dollardan ziyod Ustyurt gaz-kimyo majmuasi, bir yonda Gennes kitobidan joy olgan, jahonda  muqobili yo‘q qoraqalpoq o‘tovi, bir yonda...

Beixtiyor o‘yga tolasiz, olimlar 100 jilddan iborat “Qoraqalpoq folklori”ni nashr qildilar.  7-8 yilda erishilgan  yutuqlar, agar ular kitob qilinsa, sig‘armikan yuzlab jildlarga? 

So‘nggi yillarda ilmiy muassasalar va oliy o‘quv yurtlarida amalga oshirilayotgan fundamental va amaliy tadqiqotlar, “Sahrodagi Luvr” deb shuhrat taratgan I.Savitskiy nomidagi Qoraqalpoq davlat san’at muzeyida olib borilayotgan ishlar... Bular qanday sig‘ar ekan   kitoblar quchog‘iga. 

Yoki o‘lkaning Xorazm bilan tutash  hududi – Beruniy tumanida Saudiya Arabistonining “ASWA Power” kompaniyasi bilan hamkorlikda qurilayotgan shamol elektr stansiyasi. Qaysi dostonga sig‘adi uning ta’rifi? 

– Qoraqalpoq insonlari mehnatkash, yeri boy. Endi shamollariyam iqtisodiyotga manfaat keltiradi. Agar biz katta-katta korxonalar quramiz, desak, hamkorlarimiz avvalambor “energetikang bormi, yo‘ling bormi, infratuzilmang bormi” deb so‘raydi. Bu yerda quvvati 100 megavatt bo‘lgan shamol elektr starnsiyasi barpo etilishi hudud iqtisodiyotiga qo‘shimcha kuch, zamin bo‘ladi,  - deydi  mamlakatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev.  – Kelgusi besh yilda bu hududda quvvati qariyb 1 ming 800 megavatt bo‘lgan 3 ta shamol stansiyasi ishga tushiriladi.

 Shunday. Qoraqalpog‘iston barcha jabhalarda, badiiyroq aytganda,  arslon shiddati bilan olg‘a borayotir. Davlatimiz rahbari zo‘r iftixor bilan ta’kidlaganidek: “Qoraqalpog‘iston taqdiri – bu O‘zbekistonning taqdiri, qoraqalpoq xalqining baxti va farovonligi – bu butun O‘zbekiston xalqining baxti va farovonligidir. Bizning oliy va ezgu maqsadimiz – birgalikdagi fidokorona mehnatimiz bilan Yangi O‘zbekiston tarkibida Yangi Qoraqalpog‘istonni bunyod etishdir”. Yurtboshimizning bu gaplari hayotiy haqiqat ekanini vaqt degan odil hakam ko‘rsatib turibdi ko‘zgu misoli. 

Bugun agar  Berdaq shoir hayot bo‘lganida edi, bir zamonlardagidek:

                  Shoir edim, ko‘zim ko‘rganin yozdim,

                  Ko‘nglimning bilganin, sezganin yozdim,

                  Zamon jafosidan sarg‘aydim, ozdim,

                  Kelurmi, deb, yaxshi kunlar  xalq uchun, - deya qon-qon yig‘lamagan, aksincha, yurtidagi evrilishlar qoshida hayratga to‘lib, shoir inisi Ibroyim Yusupov  singari:

                  -Mehnat desang yeng shimargan polvonday,

                  Aravada tog‘ keltir de, keltirar.

                  Do‘stlik desa, yulduz topib olganday,

                  Oq ko‘kragin ezgulikka to‘ldirar!  - deb hayqirgan bo‘lar  edi.

Abdusaid Ko‘chimov, jurnalist