“OPEN ANDIJAN” I Xalqaro forumi ish boshladi
Forum mamlakatimiz hamda xorijiy ishbilarmon doiralar oʻrtasida hamkorlikni yoʻlga qoʻyish, yurtimizga, xususan, Andijon viloyatiga xorijiy investorlarni jalb etish, investitsiya muhitini yaxshilash boʻyicha chora-tadbirlarni ishlab chiqish, Fargʻona vodiysida iqtisodiy oʻsishni oshirish uchun xorijlik ishbilarmon doiralar bilan samarali muloqot oʻrnatishni oʻz oldiga maqsad qilgan.

Forumda 20 dan ortiq davlatlar delegatsiyalari, Oʻzbekistonda akkreditatsiyadan oʻtgan diplomatik vakolatxonalar rahbarlari, xalqaro moliya institutlari, mahalliy va xorijiy OAV, shuningdek, mamlakatimizning turli hududlaridan tadbirkorlik subyektlari vakillari ishtirok etadi.
Hindistonning Gujarat shtatining gubernatori Vijay Rupani boshchiligidagi hindistonlik ishbilarmonlar forum mehmonlarining salmoqli qismini tashkil etadi. Bu Oʻzbekiston va Hindiston oʻrtasidagi doʻstlik, sheriklik va iqtisodiy hamkorlik munosabatlarini yanada mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Forum ishtirokchilari viloyatdagi yirik ishlab chiqaruvchi korxonalari faoliyati, Andijonning diqqatga sazovor joylari bilan tanishadi. Forum doirasida Andijon viloyati hokimi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi vakillarining chet ellik mehmonlar va investorlar bilan uchrashuvlari boʻlib oʻtadi.
Forumining asosiy tadbirlari viloyat Yoshlar markazi, Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi Andijon hududiy boshqarmasida boʻlib oʻtadi. Bu yerda Andijon viloyatining investitsiya va sanoat salohiyatiga bagʻishlangan koʻrgazma tashkil etiladi. “Oʻzavtosanoat” AK, “Andizansilko” qoʻshma korxonasi, “Sabo”, “Hamkor”, “Neil Granite” masʼuliyati cheklangan jamiyatlari singari 30 yaqin mahalliy ishlab chiqaruvchilar oʻzlarining eksport imkoniyatlarini namoyish etadi.
Shuningdek, mehmonlar farmatsevtika, yengil sanoat, mashinasozlik va qurilish sanoati, meva-sabzavotni qayta ishlash yoʻnalishlarida faoliyat yuritayotgan korxonalar mahsulotlari bilan tanishadi.
Anjuman doirasida mamlakatimiz va xorijiy ishbilarmonlar oʻrtasida hamkorlik shartnomalari tuzilishi belgilangan.