English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“OPEC” O‘zbekistonga 100 million dollar beradi
19:54 / 2022-12-13

“OPEC” Xalqaro taraqqiyot jamg‘armasi Xalqaro islom savdoni moliyalashtirish korporatsiyasi (ITFC) bilan hamkorlikda O‘zbekistonga muhim qishloq xo‘jaligi mahsulotlari xaridi uchun jami 100 million dollar ajratyapti.

“O‘zbekiston qariyb 40 foizi Qora dengiz hududidan yetkazib beriladigan don, sabzavot, shakar kabi mahsulotlar netto-importchisi hisoblanadi. Qolaversa, Ukrainadagi vaziyatning global oqibati, oziq-ovqat va xom ashyo narxi oshishi sharoitida oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash masalasi juda muhim”, deyiladi, jumladan, jamg‘arma saytida e’lon qilingan hisobotda.

Ekspertlar fikricha, bu o‘rinda sabzavot deganda, asosan, kartoshka tushuniladi. Zero, kartoshka O‘zbekiston meva-sabzavot segmentidagi eng yirik import pozitsiyasi sifatida mamlakat oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashda juda muhim.

Qayd etilishicha, ajratilayotgan mablag‘ O‘zbekiston oziq-ovqat bozorini arzon zarur tovarlar bilan barqaror ta’minlashga xizmat qiladi.

Ma’lumot o‘rnida aytish kerak, 2022 yil iyun oyida “OPEC” oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha 2022-2025 yillarga mo‘ljallangan 1 milliard dollarlik Harakatlar rejasini e’lon qildi. Bu hujjat asosiy mahsulotlar importi moliyalashtirilishini nazarda tutib, hamkor mamlakatlarni o‘rta va uzoq muddatli istiqbolda oziq-ovqat bilan barqaror ta’minlashga yordam beradi.

1976 yil tashkil etilgan, rivojlanayotgan mamlakatlar va xalqaro rivojlanish hamjamiyati bilan hamkorlikda ish olib boradigan “OPEC” Xalqaro taraqqiyot jamg‘armasi rivojlanishni rag‘batlantirish, odamlar imkoniyatini kengaytirishni maqsad qilgan. Tuzilma oziq-ovqat, energiya, infratuzilma, bandlik, toza va oqova suv, sog‘liqni saqlash va ta’lim kabi muhim ehtiyojlarni qondirishga ko‘maklashadigan qator loyihalarni moliyalashtiradi.

bugungi kunga qadar “OPEC” 125 dan ortiq mamlakatda turli loyihalarga jami 22 milliard dollardan ko‘p mablag‘ sarflagan.

G.Sattorova, O‘zA