English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Onlayn: Yer qa’ri uchastkalarini sotish yoki garovga qo‘yish taqiqlanmoqda
13:13 / 2022-03-29

Yer qa’ri uchastkalarini sotish, hadya qilish, meros qilib qoldirish, omonatga yoki garovga qo‘yish taqiqlanmoqda. Yer qa’ridan foydalanganlik uchun to‘lov turlari va miqdori aniq belgilab qo‘yilmoqda.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining bugungi majlisida ko‘rib chiqilgan “Yer osti boyliklari to‘g‘risida”gi qonun loyihasida ayni normalar o‘z ifodasini topgan. 

Deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda ko‘rib chiqilgan qonun loyihasi Prezidentimizning “Geologiya sohasiga investitsiyalarni faol jalb etish, tarmoq korxonalarini transformatsiya qilish va respublika mineral-xom ashyo bazasini kengaytirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorining 7-bandi ijrosini ta’minlash maqsadida ishlab chiqilgan. 

Ushbu hujjat Davlat geologiya qo‘mitasi tomonidan foydali qazilmalarni geologik o‘rganish va qazib olish, ularni muhofaza etish munosabatlarini tartibga soladi. Loyihada yer osti boyliklaridan foydalanish sohasidagi maxsus vakolatli davlat organlari ro‘yxati va ularning vakolat doiralari aniq belgilanib, yer qa’ri uchastkalarining davlat fondiga yangi “zaxira fondi” tushunchasi kiritilgan holda uning mohiyati yoritib berilmoqda. 

Shuningdek, yer qa’ri uchastkalaridan foydalanish tartib-taomillari takomillashtirilmoqda. Xususan, geologik jihatdan o‘rganish o‘tkazilmagan va kam o‘rganilgan yer qa’ri uchastkalarini xalqaro standartlar asosida bloklar (maydonlar)ga ajratish tizimi joriy etilyapti.  

Majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda konseptual jihatdan qabul qilindi. 

Muhtarama Komilova, O‘zA