French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Onlayn turnirda Javohir Sindorov FIDE reyting yetakchisini mag‘lub etdi
10:25 / 2026-02-25

Shaxmat bo‘yicha haftaning har seshanbasida dunyoning eng kuchli grossmeysterlari, xalqaro toifaga va tegishli razryad unvoniga ega “aql gimnastikasi” sohiblari o‘rtasida tashkil etiladigan “Titled Tuesday” onlayn turniri hamisha ming-minglab ishqibozlar guvohligida zo‘r hayajon bilan bo‘lib o‘tadi.

Bu safargi, ya’ni kecha o‘tkazilgan musobaqalar har qachongidan ham qiziqarli kechdi.

Turnirda yuzlab quyi darajaga ega shaxmatchilar safida ayni paytda FIDE reytingida yetakchilik qilayotgan Magnus Karlsen, Maksim Vashe-Lagrav, Fabiano Karuana, Xikaru Nakamura, Jan-Krzysztof Duda, Arjun Erigaysi kabi kuchlilar safida O‘zbekiston terma jamoasining bir qator a’zolari o‘z mahoratini namoyish etdi.

11 ta turdan iborat blits musobaqalarida mahoratli shaxmatchilarimizdan Javohir Sindorov, Shamsiddin Vohidov va Muhammadzohid Suyarov eng yaxshi ko‘rsatkichlarni qayd etdi.

O‘tgan yilgi jahon kubogi g‘olibi, shu kunlarda "Nomzodlar turniri"ga hozirlik ko‘rayotgan Javohir Sindorov turnir davomidagi o‘yinlar sarhisobiga ko‘ra, 9 ochko jamg‘argan holda qo‘shimcha ko‘rsatkichlar evaziga 6-o‘rinni egalladi.

Javohirning o‘tkazilgan turlar davomida taniqli shaxmatchilardan  Magnus Karlsenni mag‘lub etgani “Titled Tuesday” onlayn turnirining eng shov-shuvli natijalaridan biri bo‘ldi.

Musobaqalar davomida iste’dodli shaxmatchilarimizdan Sh.Vohidov 9 imkoniyatdan 6 ochko jamg‘ardi. M.Suyarov esa 9 imkoniyatdan 5,5 ochkoni qo‘lga kiritdi.

Turnirda 9,5 ochkoga ega bo‘lgan fransiyalik Maksim Vashe-Lagrav g‘oliblikni tantana qildi. 2-o‘rin polshalik Jan-Krzysztof Dudaga tegishli bo‘ldi. 3-7-pog‘onalardan joy olgan ishtirokchilar turnirni 9 ochko bilan yakunladi. Ular qatoridan Sindorov ham joy oldi.

T.Ro‘ziyev, O‘zA