Ayni paytda Oliy Majlis Senatining yigirma ikkinchi yalpi majlisi o‘z ishini davom ettirmoqda.
Majlisda Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevning hududlarni rivojlantirish haqidagi hisoboti eshitildi.
Hisobotda qayd etilganidek, Toshkent shahrini har tomonlama rivojlantirish borasida muayyan ishlar amalga oshirildi. Jumladan, joriy yilning to‘qqiz oyi davomida shahar bo‘yicha yalpi hududiy mahsulot hajmi 87,8 trillion so‘mni tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 114,1 foizga o‘sgan. Aholi jon boshiga nisbatan yalpi hududiy mahsulot 31,2 million so‘mdan ortiqni tashkil etgan.
Bektemir, Mirzo Ulug‘bek, Olmazor, Sergeli, Uchtepa, Chilonzor, Yunusobod, Yakkasaroy tumanlaridagi 8 ta kichik sanoat zonasida 1 trillion 237,3 milliard so‘mlik 582 ta investitsiya loyihasi amalga oshirilib, 239,2 milliard so‘mlik import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarilgan.

Bektemir, Uchtepa, Shayxontohur, Yashnobod, Yangihayot tumanlarini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha qabul qilingan qarorlar doirasida sanoat va xizmat ko‘rsatish sohalarida umumiy qiymati 6,8 trillion so‘mlik 120 ta investitsiya loyihasi ishga tushirilib, 11 mingga yaqin yangi ish o‘rinlari yaratilgan. Jami 911,9 million dollar miqdorida mahsulotlar eksport qilinib, reja 137,2 foizga bajarilgan, eksport geografiyasi 80 ga yaqin mamlakatni qamrab olgan.
Ichki va tashqi bozorlarda talab yuqori bo‘lgan mahsulotlar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish dasturiga asosan 221 ta loyiha doirasida 2 trillion 946,6 milliard so‘mlik yangi turdagi mahsulotlar ishlab chiqarilgan va o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 2,5 barobarga oshgan.
Hokim hisobotida “Raqamli Toshkent” dasturi doirasidagi ishlar haqida ham to‘xtalib o‘tildi. Mazkur dastur doirasida geografik axborot-tahlil tizimi – Geoportal joriy qilinib, unga vazirlik va idoralarning 30 dan ortiq axborot tizimlari integratsiya qilingan. Shuningdek, shahar infratuzilmasi va davlat xizmatlari sifatini ta’minlash bo‘yicha faol jamoatchilik nazoratini olib boruvchi “Xalq nazorati” portali va uning mobil ilovasi ishga tushirilgan. Portal orqali fuqarolardan kelib tushgan 3 mingdan ortiq muammoli masalaning 2 mingdan ziyodi ijobiy hal etilgan.
Hisobotda Toshkent shahrini rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar bilan birga, ayrim muammolar hamda yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar mavjudligi ham qayd etildi. Jumladan, davlat va jamoat ehtiyojlari uchun yer uchastkalari olib qo‘yilishi munosabati bilan yetkazilgan zararlarni qoplash bo‘yicha 2020 yil va 2021 yilning o‘tgan davri davomida 30 nafar mulkdorga kompensatsiya mablag‘i to‘lab berilmagan.
Jamoat transportining o‘zaro bog‘liqligini ta’minlash, ayniqsa, aholi gavjum nuqtalarda yo‘lovchilarning bir transportdan ikkinchi transportga qisqa vaqtda xavfsiz o‘tish imkoniyatini yaratish maqsadida qo‘shimcha ravishda transport-o‘tish bog‘lamalarini tashkil etish zarurati mavjud.
Qayd etilganidek, “Toshshahartransxizmat” aksiyadorlik jamiyatiga qarashli korxonalar tasarrufidagi avtobuslarning 16,6 foizi (196 tasi) texnik nosozligi bois harakat muntazamligi ta’minlanmayapti, yo‘lovchilarning avtobuslarni kutib turish vaqti ayrim yo‘nalishlarda 25-40 daqiqani tashkil qilmoqda.

Toshkent shahrida oqova suvlarni qabul qilish bo‘yicha mavjud Salar, Bo‘zsuv va Bektemir inshootlarida suv tozalash samaradorligi loyiha bo‘yicha 75 foizni tashkil etadi, biroq bugungi kunda ushbu inshootlar 35,5 – 51,3 foiz quvvat bilan ishlamoqda.
Shaharda qurilish ob’ektlarining keskin ko‘payishi natijasida hosil bo‘layotgan changlarni suv sepib bostirish choralari yetarlicha ko‘rilmayotganligi atmosfera havosiga changlarning me’yordan ortiq chiqarilishiga olib kelmoqda.
Joriy o‘quv yilida Toshkent shahridagi 25 ta umumta’lim maktabi 2,1 koeffitsiyentdan yuqori quvvat bilan faoliyat yuritmoqda, 2026 yilda maktab yoshidagi bolalar soni 496,1 mingga yetishi kutilayotganligi bois yangi maktablar qurishga ehtiyoj ham ortib bormoqda.
Shuningdek, hisobotda jinoyatchilik va huquqbuzarliklar holati, ularning oldini olish masalalariga ham to‘xtalib o‘tildi. Ta’kidlanganidek, jinoyatchilik va huquqbuzarliklar darajasi 2020 yilning mos davriga nisbatan 3 barobarga ortgan. Bundan tashqari, psixotrop hamda kuchli ta’sir etuvchi moddalar, nazorat ostidagi dori-darmonlarning aholi orasida noqonuniy muomalasi keskin avj olib borayotganligi kriminogen vaziyatga jiddiy tahdid solmoqda. Ichki ishlar organlari tomonidan 59 ta dorixonada o‘tkazilgan tadbirlar davomida jami 66 ming donadan ortiq turli xildagi kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarining noqonuniy sotilishi holatlari aniqlanganligi buning yaqqol tasdig‘idir.
Majlisda senatorlar tomonidan mavjud muammoli masalalarni hal etish bo‘yicha tegishli chora-tadbirlar ko‘rish zarurligi ta’kidlanib, mutasaddi vazirlik va idoralar rahbarlarining axborotlari tinglandi va muhokama etildi.
Muhtarama Komilova, O‘zA