Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Onlayn tizimining samaradorligi
10:27 / 2024-05-15

Iste’molchilarga sifatli xizmat ko‘rsatish orqali muammolarning oldini olish mumkin. Gaz ta’minoti tizimida bu borada ancha-muncha tizimli ishlar olib borilmoqda. Tabiiy yoki suyultirilgan gaz iste’molchilari to‘lovlarni onlayn amalga oshirmoqda. Shuningdek, uy ichi gaz jihozlariga ko‘rsatilayotgan texnik va profilaktik xizmat maxsus dasturga kiritilib, to‘lovlar turli mobil ilovalar orqali to‘lanmoqda.

“Hududgaz Buxoro” gaz ta’minoti filialida bu borada aniq vazifalar belgilanib, jarayonlar tizimli ravishda tashkil etilmoqda. 

– Xavfsizlikni ta’minlash nafaqat ta’minot xodimining, balki iste’molchining ham mas’uliyatli amallaridan biridir, –deydi gaz ta’minoti filialining mutaxassisi Sa’dulla Xalilov. – Gaz jihozlariga ko‘rsatilayotgan xizmat aslida majburiy hisoblanadi. Har bir iste’molchi belgilangan davrda uning amalga oshirilishiga e’tibor qaratishi shart. Bugun xodimlar har bir mahallada bo‘lib, xavfsizlikni ta’minlash barobarida iste’molchilarga qulayliklar haqida ham tushuntirmoqda. Gaz jihoziga ko‘rsatilgan xizmat uchun to‘lov naqd emas, balki onlayn to‘lanishi amalda ko‘rsatib o‘tilmoqda.  

Shofirkon tumanining “Boboato” mahallasida olib borilayotgan ish jarayoni bevosita e’tiborimizni tortdi. Jarayonning dastlabki daqiqalarida uy ichi gaz jihoziga xizmat ko‘rsatuvchi chilangar amaliy ishini fotosuratlar hamda raqamlar asosida maxsus dasturga kiritishdan boshladi. Invoys raqam esa iste’molchining telefoniga sms-xabar tariqasida yuborildi. Iste’molchi ayni shu raqamni mobil ilovaga kiritgan holda belgilangan narxnoma asosida to‘lovni amalga oshirdi.  

– Dastur ishga tushirilganligiga bir yildan oshdi, – deydi hudud iste’molchilarining gaz jihoziga texnik va profilaktik xizmat ko‘rsatib kelayotgan chilangar Dilshod Faxriyev. – Har tomonlama qulay. O‘z vaqtida ko‘rsatilgan xizmat unga kiritiladi. Iste’molchi tomonidan narxnomalar asosida to‘lovlar amalga oshiriladi. Mobil ilovalar orqali muammosiz to‘lanmoqda. Bu tizim iste’molchi va xodim o‘rtasida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan turli muammolarning oldi olinishida xizmat qilmoqda, savollar o‘z-o‘zidan yechimini topmoqda.  

Ta’kidlash lozim, viloyat bo‘yicha joriy yilning dastlabki choragida 35 mingga yaqin aholi iste’molchilarining gaz jihozlariga xizmat ko‘rsatildi. Jarayonlar esa onlayn dasturga kiritib borildi.  

 

Zarif Komilov,  

O‘zA muxbiri