Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Onlayn tanlov: ijodkor oʻquvchilar uchun yana bir imkoniyat
15:12 / 2020-04-11

Andijonda umumtaʼlim maktablari oʻquvchilari oʻrtasida “Kuch – adolatdadir” deb nomlangan onlayn koʻrik-tanlov oʻtkazilmoqda.


Andijonda umumtaʼlim maktablari oʻquvchilari oʻrtasida “Kuch – adolatdadir” deb nomlangan onlayn koʻrik-tanlov oʻtkazilmoqda.

Koronavirus pandemiyasi tufayli mamlakatimizda joriy etilgan karantin sharoitida umumtaʼlim maktablari oʻquvchilari televideniye orqali namoyish etilayotgan onlayn dars mashgʻulotlarini kuzatib, oʻz bilimlarini oshirib bormoqda. Onlayn-darslarda andijonlik oʻquvchilar ham faol ishtirok etmoqda.

Muhtaram Prezidentimiz xalqimizga murojaatida oʻquvchi va talaba yoshlarga qarata: “Aziz farzandlarim, uyda vaqtingizni bekor oʻtkazmang. Onlayn darslarni qunt bilan oʻzlashtiring. Kitob oʻqing, bilimingizni oshiring, badantarbiya va jismoniy mashqlarni bir kun ham qoldirmang” deya aytgan fikrlari mazkur yoʻnalishdagi ishlarni yana-da yuqori bosqichga koʻtarishga undamoqda. Ana shundan kelib chiqib, viloyat xalq taʼlimi boshqarmasi tashabbusi bilan karantin davrida oʻquvchilarning boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etish maqsadida ulugʻ bobokalonimiz, buyuk sarkarda sohibqiron Amir Temur tavalludining 684-yilligiga bagʻishlab “Kuch — adolatdadir” deb nomlangan onlayn koʻrik-tanlov oʻtkazilmoqda.

- Onlayn tanlovda umumtaʼlim maktablarining 5 ming 653 nafar 7-11- sinf oʻquvchilari tasviriy va amaliy sanʼat yoʻnalishidagi ijod namunalari bilan ishtirok etdi, — deydi viloyat xalq taʼlimi boshqarmasi boshligʻi Azizbek Mirkomilov. – Mazkur tanlov karantin sharoitida oʻquvchilarning boʻsh vaqtini mazmunli oʻtkazish, ularning tasviriy va amaliy sanʼatga boʻlgan qiziqishini oshirish, shu bilan birga, oʻquvchi yoshlar qalbida tariximizga, buyuk bobomizga boʻlgan hurmat va vatanparvarlik tuygʻularini mustahkamlashga xizmat qiladi.

Joriy yil 31-martdan 9-aprelga qadar umumtaʼlim maktablarining 7-11-sinf oʻquvchilari tomonidan tasviriy va amaliy sanʼat yoʻnalishi boʻyicha onlayn tarzida yuborilgan barcha ijodiy ishlar mutaxassislar tomonidan koʻrib chiqildi. Yakuniy xulosalarga koʻra, har bir tuman va shahardan bir nafardan, jami 16 nafar oʻquvchining ijodiy ishlari yuqori baholanib, tanlovning viloyat bosqichiga taqdim etildi.

- Onlayn tanlovda sohibqiron Amir Temur hayoti va faoliyati aks etgan bir necha ijodiy ishlarim bilan qatnashdim, — deydi Qoʻrgʻontepa tumanidagi 10-umumtaʼlim maktabi 10-sinf oʻquvchisi Behruzbek Xurboyev. — Tanlov ijodiy mahoratimizni yana bir bor sinovdan oʻtkazish imkonini berdi. Ijodiy ishlarim tuman oʻquvchilari oʻrtasida eng yuqori baholanganligi esa meni yana-da ilhomlantiradi.

Onlayn tanlovning viloyat bosqichi gʻoliblari bir necha kun ichida eʼlon qilinadi. Gʻolib va sovrindorlar viloyat xalq taʼlimi boshqarmasi tomonidan munosib ragʻbatlantiriladi.