French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Onlayn taʼlimga talabalar tayyormi...
14:07 / 2020-04-16

Buxoro davlat universiteti rektori, professor Obidjon Hamidov bilan suhbatimiz ham shu haqda boʻldi.


Mamlakatimizda koronavirus pandemiyasi tarqalishi oldini olish maqsadida joriy etilgan karantin sharoitida taʼlim muassasalari, jumladan, oliy oʻquv yurtlari vaqtincha yopilgan boʻlsa-da, talabalar uchun taʼlim jarayoni toʻxtab qolgani yoʻq. Ularda AKTlar asosida taʼlim masofaviy usulda olib borilmoqda.

Buxoro davlat universiteti rektori, professor Obidjon Hamidov bilan suhbatimiz ham shu haqda boʻldi.

–Oliy taʼlim tizimida, xususan, kunduzgi taʼlimda masofaviy oʻqitishda yetarli tajriba yoʻq. Shu jihatdan olib qaraganda, universitetda bu muammo yechimi qanday boʻlmoqda?

–Avvalo shuni taʼkidlash kerak, internet maʼlumotlariga tayanadigan boʻlsak, jahonnning turli oliy oʻquv yurtlarida koronavirus pandemiyasi xuruji davrida turlicha yoʻl tutilyapti. Aytaylik, baʼzilari bir necha haftaga yoki semestr oxirigacha onlayn oʻqitish rejimiga oʻtayotgan boʻlsa, ayrimlari oʻz faoliyatida vaqtinchalik tanaffus eʼlon qilyapti. Boshqalari esa talabalarni toʻliq masofaviy oʻqitishga oʻtgan.

Mamlakatimizda oliy taʼlim tizimida onlayn va masofaviy oʻqitish maxsus sirtqi taʼlim shaklida hamda qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslarida qoʻllanilayotganligiga hali koʻp boʻlgani yoʻq. Shu nuqtayi nazardan, taʼkidlaganingizdek, bizda bu borada katta tajriba toʻplangan, deb boʻlmaydi. Shunga qaramay, respublikamiz oliy taʼlim muassasalari, jumladan, BuxDU yuzaga kelgan murakkab sharoitda oʻz faoliyatini davom ettirish uchun barcha texnik imkoniyatini ishga solmoqda.

Universitetimizda talabalar uchun masofaviy taʼlimni tashkil qilish boʻyicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Bunda soʻnggi bir yil davomida kredit tizimiga oʻtish boʻyicha tayyorgarlik ishlari boshlangani muhim ahamiyatga ega boʻldi. Oʻtgan davrda bir necha nafar professor-oʻqituvchi va mutaxassislarimiz Toshkent Vestminster universiteti, Toshkent shahridagi Turin politexnika universiteti, Toshkent Axborot texnologiyalari universitetida boʻlib, bu boradagi tajribani oʻrgandi. Shuningdek, talabalarning qishki taʼtili davrida professor-oʻqituvchilarimiz uchun Moodle platformasiga maʼlumotlarni joylashtirish, internet taʼlim resurslari, Google Classroom kabi ilovalardan samarali foydalanish, vebinarlar ( internet orqali seminar yoki onlayn seminar) ni tashkil qilish masalalariga bagʻishlangan oʻquv seminarlari oʻtkazildi.

Karantin munosabati bilan joriy yilning 16-martidan talabalarga taʼtil berilgach, koronavirus tarqalishi boʻyicha vaziyat yana-da murakkablashishi ehtimolini inobatga olib universitetda Moodle platformasiga joylashtirilgan oʻquv-nazorat materiallarini qayta koʻrib chiqish, ularni tartibga keltirish, toʻldirish va takomillashtirish borasida qator ishlar amalga oshirildi. Bu masala juda muhim. Masofaviy oʻqitish platformasiga bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari va magistratura mutaxassisliklari boʻyicha bahorgi semestrda oʻqitilayotgan 700 dan ortiq fanlar boʻyicha oʻquv va nazorat materiallari joylashtirildi hamda tegishli fanlar boʻyicha tizimga biriktirib chiqildi. 1-apreldan eʼtiboran universitetimizda masofaviy taʼlim yoʻlga qoʻyildi.

Onlayn va masofali oʻqitish uchun avvalambor, bir qancha shartlar bajarilishi kerak. Bunda avvalo, internet aloqasining mavjud boʻlishi va boshqa texnik sharoitlar mavjudligi talab etiladi. Universitetda hozirgi vaqtda umumiy internet tezligi 300 Mb/s ni tashkil qiladi hamda bu maʼlumotlarning asosiy qismi oliy taʼlim muassasidagi serverlarda joylashtirilganda ham zarur axborot almashinuvini yoʻlga qoʻyish imkonini beradi. Professor-oʻqituvchilarning uydan turib ishlashi inobatga olinib, ularning internetga ulanish imkoniyatlari oʻrganildi. Jarayonda mazkur toifa vakillarining aksariyat qismi 2-5 Mb/s tezlikli internetdan, boshqalari esa mobil internet tarmogʻidan foydalanayotganlari aniqlandi. Talabalarning Buxoro shahri va tuman markazlarida yashaydigan koʻpchilik qismi yuqori tezlikli internet, qolganlari esa mobil internetdan foydalanish imkoniga ega.

Shunisi ham borki, tumanlarning chekka va olis hududlarida yashovchi ayrim talabalar bilan mobil internet aloqasi orqali ulanishda ham muammolar yuzaga kelishi mumkinligi ayon boʻldi.

Masofaviy taʼlim sharoitida professor-oʻqituvchi va talabalar oʻrtasida muloqotni yoʻlga qoʻyish uchun muayyan shart-sharoit va dasturiy mahsulotlarning boʻlishi ham muhim ahamiyatga ega. Shu oʻrinda Moodle platformasini alohida qayd qilib oʻtish lozim. Bundan tashqari universitet professor-oʻqituvchilariga onlayn taʼlimni yoʻlga qoʻyishda videomuloqot oʻrnatish uchun Zoom, matnlarni birgalikda oʻqish uchun Perusall, oʻquv materiallarini tayyorlash uchun Google Docs va Google Slides, turli gʻoyalarni vizuallashtirishda Figma, videokontentni boshqarish maqsadida Kaltura va Panopto kabi dasturlardan foydalanish boʻyicha tavsiyalar berildi. Biroq mazkur tizimlarni oʻqituvchilarning oʻzlari mustaqil oʻrganishlari va amaliyotda qoʻllash malakalarini egallashlari talab qilinadi. Bu masalalarda ularga koʻmak berish uchun onlayn muloqotlar tashkil etilmoqda, gipermatnli yoʻriqnomalar tayyorlab berilmoqda.

– Sir emas, talabalarning koʻpchiligida Moodle platformasidan foydalanish koʻnikmalari yaxshi shakllanmagan. Qolaversa, joylarda internetga ulanish tezligi yetarli emas. Bu masofaviy oʻqitish samaradorligiga taʼsir koʻrsatishi mumkin-ku?

–Taʼkidingiz oʻrinli. Biz yuqoridagi muammolar oqibatida masofaviy oʻqitishda boʻshliq yuzaga kelmasligi uchun oʻquv materiallarini Telegram messenjerida guruhlar tashkil etgan holda, talabalarga materiallarni qoʻshimcha ravishda yetkazib berishni yoʻlga qoʻyganmiz. Toʻgʻri, jarayon silliq borayotgani yoʻq. Lekin mavjud qiyinchiliklarga qaramasdan universitetimiz rasmiy veb-sayti, Moodle platformasiga kunlik tashriflar soni ortib bormoqda.

Ha, masofaviy taʼlim koʻpchilik oliy taʼlim muassasalari qatori universitetimiz uchun ham ilk tajriba. Odatdagi sharoitda, bu usulni joriy etishga uzoq muddat tayyorgarlik koʻriladi. Biroq hozir vaqt ziq. Talabalarga oʻquv maʼlumotlarini yetkazish, ularning savollariga javob berish, bajargan topshiriqlarni tekshirish va baholashdan tashqari, ularni psixologik qoʻllab-quvvatlash kabi masalalarni ham hal qilishimiz lozim. Shu maqsadda universitetimiz veb-sahifasi, ijtimoiy tarmoqlar orqali rahbariyat, yetakchi professorlar, mutaxassislarimiz tomonidan videomurojaatlar qilindi. Koʻplab talabalarimiz bunday madadga ijobiy munosabat bildirib, vaqtdan unumli foydalanishga harakat qilayotganligi, masofadan taʼlim olish, onlayn tadbirlarda ishtirok etishga tayyor ekanliklari toʻgʻrisida lavhalar tayyorlab joʻnatmoqda.

–Bugungi kunda universitetda jahon standartlari darajasida zamonaviy mutaxassis kadrlar tayyorlash maqsadida Fransiya, Rossiya, Indoneziya va boshqa qator davlatlar oliy oʻquv yurtlari bilan hamkorlikda qoʻshma taʼlim dasturlari amalga oshirilmoqda. Shu nuqtayi nazardan olib qaraganda, karantin davrida xorijiy OTM bilan masofaviy taʼlimni ham yoʻlga qoʻyish koʻzda tutilganmi?

–Universitetimizning 12 ta fakulteti kunduzgi boʻlimlarida 11 ming nafardan ziyod bakalavrlar oʻqimoqda. Ularning 230 nafari xorijiy OTMlar bilan tuzilgan qoʻshma taʼlim dasturlari asosida bilim olayotir. Bu talabalarga bevosita xorij oliy taʼlim muassasalar bilan bogʻlangan holda onlayn hamda masofaviy taʼlim berish rejaga kiritilgan. Mazkur yoʻnalishda Rossiyaning hamkor xorijiy oliy taʼlim muassasalari bilan birgalikda tayyorgarlik ishlari koʻrilmoqda.

Umuman, oliy oʻquv yurtimizda koronavirus epidemiyasi sharoitida karantin talablaridan kelib chiqib, taʼlim yoʻnalishida onlayn shaklida qator anjumanlarni yoʻlga qoʻyish moʻljallangan. Masalan, aprel oyida ikkita ilmiy konferensiya, turli ilmiy, ijodiy loyihalar boʻyicha tanlovlar, beshta muhim tashabbus boʻyicha tadbirlar oʻtkaziladi. Bularning barchasi taʼlim sifat va samaradorligini oshirishga, professor-oʻqituvchilarimiz, mutaxassislarimiz hamda talabalarning axborot kommunikatsiya vositalaridan foydalanish madaniyatini yana-da yuksaltirishga xizmat qiladi.

Taʼkidlash joiz, ilmiy pedagogik jamoamiz karantin davrida masofaviy oʻqitish boʻyicha xorijda toʻplangan ilgʻor tajribani oʻrganish, uni qoʻllash, taʼlim jarayonini kredit tizimi asosida yoʻlga qoʻyish, oʻquv rejalari va fan dasturlarini takomillashtirish boʻyicha koʻplab takliflar bildirmoqda. Qolaversa, ular innovatsion axborot texnologiyalarga asoslangan ilmiy-pedagogik izlanishlarni olib borishayotir. Buning samarasida professor-oʻqituvchilarimiz tomonidan qisqa muddatda 300 ga yaqin videodarslar yaratildi.

Erkin YODGOROV suhbatlashdi.