Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Onlayn-qimor: inqiroz tomon bosilgan qadam
20:57 / 2023-08-17

Shaxsiy fikr

Keyingi paytlarda Internet orqali pul tikiladigan turli o‘yinlarda ishtirok etish oqibatida katta mablag‘ni yutqazib qo‘yib, xonavayron bo‘lgan, hatto, o‘z joniga qasd qilganlar haqidagi xabarlar paydo bo‘la boshladi.

E’tibor bersak, turli totalizatorlar orqali pul topishga urinayotganlarning aksariyati yoshlardir. Ular allaqanday mo‘’jiza sabab bir lahzada katta yutuqlarga erishish mumkin, deb o‘ylashadi. 

Vaholanki, muvaffaqiyatga erishish uchun yillab mehnat qilish  zarur. Buni esa yoshlar anglab yetayapdi. Demak, bunda biz kattalarning ham aybimiz bor. Farzandlarimizni yaxshi-yomonni ajrata oladigan qilib tarbiyalashda xatolarga yo‘l qo‘yilmoqda.  

Aytish kerakki, tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlar insonda umidsizlik va nochorlik hissini keltirib chiqaradi. Yirik miqdordagi mablag‘ni yutqazish huzur-halovatni yo‘qotishiga olib kelishini, chorasizlik esa hatto o‘z joniga qasd qilishgacha olib borishi mumkin. 

Ba’zi mamlakatlarda qimor o‘yinlariga qaramlik o‘zining zararli oqibatlari tufayli sog‘liqni saqlash sohasining muhim muammolaridan biriga aylangan. Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, so‘nggi bir necha yil ichida global miqyosda totalizatorlarda o‘ynash darajasi oshgan. AQSHda so‘nggi yillarda 6 milliondan ortiq odam qimor o‘yinlari tufayli sog‘lig‘ini yo‘qotib, davolanishga muhtojligini ma’lum qilgan. 

Bundan ham yomoni, totalizatorlarda katta mablag‘ni yutqazib qo‘yganlar duch kelayotgan moliyaviy qiyinchiliklar sabab ular tomonidan sodir etilayotgan huquqbuzarlik va jinoyatlar soni ko‘paymoqda. 

Yaqinda bir tanishim “1xbet.bet” totalizatorida 100 000 AQSH dollari miqdorida mablag‘ yutqazgani, oqibatda nafaqat o‘zining mol-mulki, balki tanish-bilishlarining do‘kon va avtomobillarini ham garovga qo‘yib bankdan katta miqdorda kredit olganini aytib berdi. Endi bankdan olingan qarzni qanday qoplashni bilmay boshi qotgan. Biror chora ko‘rmasa, garovdagi ob’ektlar kimoshdi savdosiga qo‘yiladi. Bir so‘z bilan aytganda, bir kishining qimorbozligi ortidan uning o‘zi ham, atrofidagi odamlar ham jabr ko‘rmoqda. Buning ustiga uning hayotida yolg‘onchilik, firibgarlik kabi salbiy hislatlar odatiy holga aylanib qolyapti.

Yutqazganlar bu haqda hammaga ham aytavermaydi. Ularning muammosidan odatda oila-a’zolari ham bexabar qoladi. Biroq, qattiq yashirilgan sir oxir-oqibat fojia yuz berganidan so‘ng fosh bo‘ladi. Achinarlisi, bunday hodisalarni ko‘ra bilib turib ham oqibatini anglab ham ayrim hamyurtlarimiz qimorga mukkasidan ketayapti. 

Milliy urf-odatlarimiz va mentalitetimizga, shuningdek, diniy qarashlarimizga yot bo‘lgan qimor o‘yinlarini noqonuniy ravishda tashkil etish holatlari, ayniqsa, onlayn tarzda ommalashib, o‘smir va yoshlarni o‘z domiga tortayotgani achinarli holatlardan biridir. 

Ta’kidlash joizki, bugungi kunda respublikamizda totalizator va bukmekerlik faoliyatini amalga oshirish va albatta, bunday xizmatlarni reklama qilish noqonuniy hisoblanadi. Bu borada mutasaddi idoralar tomonidan noqonuniy xizmatlar reklamasi aniqlanib, ularga chek qo‘yilmoqda. 

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan mutasaddi tashkilotlar bilan hamkorlikda 30 dan ortiq totalizator va bukmekerlik reklamasini noqonuniy ravishda yurituvchi saytlarga kirish cheklab qo‘yildi. 

Ma’lumot uchun: ushbu o‘yinlar, ayniqsa, “onlayn” qimor bilan bog‘liq jinoyatlar 2019 yilda 55 ta, 2020 yilda 86 ta, 2021 yilda 103 ta, 2022 yilning 6 oyida 90 tani tashkil etgan.

Binobarin, mamlakatimizda qimor va tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlarni qonunga xilof ravishda tashkil etish hamda o‘tkazish Jinoyat kodeksining 278-moddasida jinoyat sifatida belgilab qo‘yilgan. 

Qolaversa, bunday o‘yinlarda qonunga xilof ravishda ishtirok etish, shuningdek voyaga yetmagan shaxsni qimor va tavakkalchilikka asolangan boshqa o‘yinlarda ishtirok etishga jalb qilish Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 191-moddasida ma’muriy huquqbuzarlik sifatida e’tirof etilgan. 

Jumladan, qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlarni qonunga xilof ravishda tashkil etish yoki o‘tkazish, shu jumladan, ana shunday o‘yinlar uchun qimorxonalar tashkil etish yoki ularni saqlash yetti yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Voyaga yetmagan shaxsni qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlarga jalb qilish, shunday harakatlar uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa, eng kam oylik ish haqining yigirma besh baravaridan ellik baravarigacha miqdorda jarima yoki ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud to‘rt oygacha qamoq bilan jazolanadi.

Qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlarni tashkil etish yoki o‘tkazish uchun telekommunikatsiya tarmoqlarida, shu jumladan, Internet jahon axborot tarmog‘i provayderlari tomonidan xizmatlar ko‘rsatish, tegishli dasturiy ta’minotdan nusxa ko‘paytirish, tarqatish, shunday harakatlar uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa, eng kam oylik ish haqining ellik baravaridan yetmish besh baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud olti oygacha qamoq bilan jazolanadi.

Aslida qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlarning qonunga xilof ravishda tashkil etilishi va o‘tkazilishi fuqarolarga nafaqat ruhiy ta’sir o‘tkazadi, balki moliyaviy qaramlikka duchor etib, oilaviy nizolarga ham sabab bo‘ladi. Shuningdek, ushbu faoliyat naqd pullarning bankdan tashqari muomalasi ko‘payishiga, soliqlar va boshqa to‘lovlarni to‘lashdan bo‘yin tovlanishiga yo‘l ochadi hamda shu orqali mamlakatimizning iqtisodiy ravnaqiga putur yetkazadi.

Dinimizda ham insonlar halol mehnat qilib pul topishga buyurilgan. Birovni aldab, xiyonat qilib, muttahamlik yo‘li bilan uning mulkiga ega bo‘lish haromdir. Qimor esa aynan shunday yo‘l bilan pul topishdir. 

Hayotda har bir odam omadli bo‘lishni, muvaffaqiyatga tez erishishni xohlaydi. Ammo, bu orzu-istaklarga halol yo‘l bilan erishish lozim. 

Aytmoqchi bo‘lganimiz - hayot bizga ikki yo‘lni ko‘rsatib qo‘ygan. Biri saodatga olib boruvchi, ikkinchisi esa zalolatga — boshi berk ko‘chaga olib boradigan yo‘l. 

Biz yoshlarimizni saodat yo‘liga boshlashimiz, ularni halol mehnat bilan turmush kechirishga o‘rgatishimiz kerak. Bundan o‘zimiz ham, yaqinlarimiz ham, jamiyat ham katta naf ko‘radi. 

Fuqarolarning ogohligini oshirish, davlatning bu boradagi nazoratini kuchaytirish hamda ota-onalar tomonidan o‘z farzandlarining bo‘sh vaqtlaridan unumli foydalanishi ustidan muntazam nazorat olib borilishi yuqoridagi kabi salbiy illatlarning oldini olishga xizmat qiladi. 

Tashpo‘lat Matibayev, 

sotsiologiya fanlari doktori, professor.

O‘zA