O‘zbekistonda onlayn kreditlar bozorida shaffoflikni ta’minlash va firibgarlik holatlarining oldini olish maqsadida yangi talablar joriy etilmoqda.
Markaziy bank tomonidan kredit tashkilotlariga qo‘yiladigan talablarga o‘zgartirish kiritishga oid qonun loyihasi muhokamalar portaliga qo‘yildi. Unga ko‘ra, endilikda barcha kredit tashkilotlari onlayn kreditlar bo‘yicha ma’lumotlarni kredit byurolariga real vaqt rejimida uzatishi shart bo‘ladi.
Hozirda kredit tashkilotlari ma’lumotlarni kredit byurolariga keyingi ish kunida yuborishadi. Bu esa qator muammolarga sabab bo‘lmoqda. Fuqarolar nomiga bir kunda bir nechta mikroqarz rasmiylashtirilishi, kreditlar haqida noto‘g‘ri ma’lumotlarning shakllanishi, firibgarlik holatlarining ko‘payishi bunga sabab bo‘ldi.
Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, 2024 yilning dastlabki 9 oyida bank kartalari va onlayn kreditlar bilan bog‘liq firibgarliklar natijasida 8 milliard so‘m zarar yetkazilgan.
So‘nggi paytlarda o‘zini bank xodimi yoki huquqni muhofaza qiluvchi organ vakili sifatida tanishtirgan shaxslar aholining ishonchiga kirib, Click, Payme va boshqa mobil ilovalardagi login, parol hamda OTP-kodlarni qo‘lga kiritmoqda. Shu orqali ular fuqarolar nomiga ruxsatsiz onlayn mikroqarz rasmiylashtirish imkoniga ega bo‘lishmoqda.
Taklif etilayotgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, kredit ma’lumotlari kredit byurolariga real vaqt rejimida yuboriladi. “Real vaqt rejimida” atamasi normativ hujjatga kiritilib, axborot almashinuvi huquqiy asosda tartibga solinadi. Ma’lumotlarning dolzarbligi, aniqligi va to‘liqligi ta’minlanadi.
Markaziy bank ta’kidlaganidek, mazkur choralar firibgarlik holatlarini kamaytirish, fuqarolarning kredit tarixini to‘g‘ri shakllantirish hamda qarz bozorida xavfsizlikni kuchaytirishga xizmat qiladi.
Yangi talablar amalga kiritilgandan so‘ng, bir fuqaro nomiga bir kunda bir nechta mikroqarz rasmiylashtirish amaliyotiga chek qo‘yiladi va onlayn kredit tizimidagi ishonch darajasi oshishi kutilmoqda.
Sh.Mamaturopova,
O‘zA