Huquqiy munosabat
Har bir jismoniy shaxs o‘zining roziligisiz yoki xabarisiz kredit rasmiylashtirilishining oldini olish uchun kredit bitimini tuzishni taqiqlash huquqiga ega.
Xo‘sh, buning uchun fuqaro qayerga murojaat qilishi kerak?
Toshkent davlat yuridik universiteti Yuridik klinikasi xodimi Imomali Tuyev bu bo‘yicha quyidagicha tushuntirish berdi:
– Bu holatda fuqaro avvalo, kredit byurosiga ariza berishi kerak bo‘ladi.
Ariza berish esa quyidagilar orqali amalga oshiriladi. Jumladan, Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali elektron shaklda, davlat xizmatlari markazlari orqali yozma yoki elektron shaklda, kredit byurolariga bevosita murojaat qilish orqali ariza berish mumkin bo‘ladi.
Ariza berilgach, u darhol reyestrga kiritiladi va kredit bitimi tuzishga taqiq qo‘yiladi. Fuqaro xohlasa, taqiqni olib tashlash uchun ham ariza berishi mumkin.Ushbu xizmatlar bepul ko‘rsatiladi.
Reyestrning huquqiy ahamiyati shundaki, kredit byurolari jismoniy shaxslarning arizalari asosida ro‘yxat yuritadi.
Banklar, nobank kredit tashkilotlari yoki mikromoliya tashkilotlari reyestrni tekshirmasdan turib kredit bitimini tuzishi mumkin emas.
Agar shunday holat yuz bersa, ya’ni fuqaroning xabarisiz kredit rasmiylashtirilsa, barcha huquqiy oqibatlar ushbu moliyaviy tashkilot zimmasiga yuklanadi.
Bundan xulosa shuki, ushbu kafolat fuqarolarning huquqlarini himoya qiladi — fuqaro istasa, kredit rasmiylashtirilishini taqiqlab qo‘yishi mumkin. Bu tartib ularni firibgarlikdan himoya qiladi va banklar hamda kredit tashkilotlari zimmasiga mas’uliyat yuklaydi.
ASOS: "Kredit axboroti almashinuvi to‘g‘risida"gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni, 16¹-modda.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA