Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Onlayn: “Davlat qarzi to‘g‘risida”gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda qabul qilindi
16:51 / 2021-12-21

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida “Davlat qarzi to‘g‘risida”gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.

bugungi kunda O‘zbekiston Respublikasi nomidan mablag‘ jalb qilish va davlat kafolatini berish o‘ndan ortiq normativ-huquqiy hujjatlar bilan tartibga solinadi. Biroq sohadagi qonun va qonunosti hujjatlarida davlat qarzini boshqarishning asosiy prinsiplari va davlat qarzini boshqarish maqsadlari aniqlanmagan.

Davlat qarzini boshqarish siyosatini belgilovchi asosiy hujjat – davlat qarzini boshqarish strategiyasini ishlab chiqish va tasdiqlash jarayoni hamda davlat qarzini boshqarish bo‘yicha yagona vakolatli organ qonun darajasida belgilanmagan, davlatning shartli majburiyatlari qonun bilan tartibga solinmagan.

Ushbu omillar tufayli davlat qarzining tez sur’atlar bilan o‘sib borishi kuzatilmoqda, davlat qarzi bo‘yicha zarur mablag‘larni o‘z vaqtida to‘lashda qiyinchiliklar vujudga kelmoqda. Buning barchasi kelgusida davlat qarzi va shartli majburiyatlar hajmining keskin o‘sishi hamda makroiqtisodiy barqarorlik uchun xatarlarning ortishiga olib kelishi mumkin.

Shu ma’noda “Davlat qarzi to‘g‘risida”gi qonun loyihasi eng dolzarb hujjatlandan biri sanaladi. Qonun loyihasi bilan davlat qarzi summasining YAIMga nisbatan eng yuqori miqdori 60 foizdan oshmasligi, davlat qarzi hisobidan faqat ijtimoiy va infratuzilma loyihalarini moliyalashtirish mumkinligi nazarda tutilmoqda.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Oliy Majlis palatalari, Hisob palatasi, Vazirlar Mahkamasi, Markaziy bank va Moliya vazirligining davlat qarzini boshqarish sohasidagi vakolatlari belgilanmoqda. Xususan, davlat qarzini boshqarishda parlament rolini oshirish maqsadida Oliy Majlis palatalariga davlat qarzining cheklangan hajmini belgilash, davlat qarzini boshqarish strategiyasi ijrosini ko‘rib chiqish hamda jalb qilingan mablag‘larning maqsadli ishlatilishi to‘g‘risidagi hisobotlarni eshitish vakolatlari berilmoqda.

Muhokamalarda so‘z olgan deputatlar mazkur qonun loyihasining muhimligini qayd etgan holda o‘z takliflarini bildirdilar. Jumladan, deputat Shuhrat Polvonov Oliy Majlis palatalarining davlat qarzi to‘g‘risidagi hisobotlarni eshitishi hamda moliya vazirligining vakolatli organ sifatida parlamentga hisobot berishi bilan bog‘liq normalar tor doirada ifoda etilganini ta’kidladi. Deputatning fikricha, qonun loyihasini ushbu muhim masalada parlament nazoratini batafsil ochib beradigan moddalar bilan to‘ldirish zarur.

Majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda qabul qilindi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisi davom etmoqda.
 

Muhtarama Komilova, O‘zA