Onlayn bitiruv ishlari boshlandi
Oliy taʼlim muassasalarida talabalar bitiruv malakaviy ishlari boshlangan.
Oliy taʼlim muassasalarida talabalar bitiruv malakaviy ishlari boshlangan.
Pandemiya davrida barcha oliy taʼlim muassasalarida bitiruvchilar uchun zarur imkoniyatlar yaratish, ularni masofadan turib, onlayn tarzda bitiruv malakaviy ishlarini amalga oshirish ishlari joriy etilgan. Buxoro davlat tibbiyot institutida ham onlayn tarzda bitiruv ishlari amalga oshirilmoqda.
Oliy taʼlim muassasasining “Davolash ishi”, “Kasb taʼlimi (Davolash ishi)”, “Pediatriya ishi” va “Tibbiy profilaktika ishi” taʼlim yoʻnalishlari, shuningdek, klinik ordinatura va magistratura bitiruvchilarini koronavirus pandemiyasi tufayli muddatidan oldin ishlash uchun tibbiyot muassasalariga yuborish vazifasi topshirilgan edi.
Bakalavr bitiruvchilaridan Davolash ishi yoʻnalishi boʻyicha 136 nafar, kasbiy taʼlim (Davolash ishi) yoʻnalishi boʻyicha 31 nafar, 19 nafar magistrlar va 191 nafar klinik ordinatorlar institutni Yakuniy Davlat Attestatsiyalarini onlayn tarzda muvaffaqiyatli topshirdi. Natijada ish beruvchilar bilan tuzilgan shartnomalar asosida ishga taqsimlandi va tibbiyot muassasalariga ishga yuborildi.
Bugungi kunda institutda Oliy hamshiralik ishi hamda Stomatologiya yoʻnalishi boʻyicha tahsil olayotgan bitiruvchi talabalar uchun ham onlayn Yakuniy Davlat Attestatsiyalarini tashkil etish borasida ishlar amalga oshirilmoqda.
Barchani qiziqtirayotgan muhim masalalaridan biri bu albatta – kirish imtihonlari. Taʼlim muassasalariga hujjatlar qabulini takomillashtirib, masofadan, onlayn shaklda, internet orqali hujjat topshirish imkoniyati yaratilmoqda.
Maʼlumki, 2020-yildan kirish imtihonlari jami 5 ta – uchta majburiy va ikkita mutaxassislik fani boʻyicha oʻtkazilishi belgilangan edi. Lekin karantin sharoiti yoshlarning imtihonga toʻla tayyorgarlik imkoniyatini ham chekladi.
Qolgan qisqa vaqtdan unumli foydalanish imkoniyatini yaratish maqsadida, joriy yilda imtihonlarni soddaroq shaklda oʻtkazish boʻyicha prezidentimiz tomonidan topshiriqlar berildi.
Buxoro davlat tibbiyot institutida xorijiy talabalar qabulini ham tashkil etish yuzasidan ishlar olib borilmoqda. Xorijiy fuqarolardan yangi oʻquv yili uchun hujjatlar qabulini onlayn tashkil etish maqsadida bugungi kunda institut mutaxassislari tomonidan dasturiy taʼminot yaratish ustida ish olib borilmoqda.
Bunda xorijiy fuqarolar dasturga oʻz mamlakatlaridan turib bogʻlanib, kerakli hujjatlar nusxalarini yuklab, talabalikka qabul uchun ariza topshirish imkoniyatiga ega boʻladi.