Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Onlayn: 2022 yilda Davlat byudjetining asosiy qismi ijtimoiy sohaga yo‘naltirilmoqda
13:26 / 2021-12-15

Oliy Majlis Senatining navbatdagi yalpi majlisida “2022 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risida”gi qonun muhokama etildi.

Mazkur masala yuzasidan moliya vaziri Temur Ishmetov ma’ruza qildi.

Qonun bilan 2022 yil uchun asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar va konsolidatsiyalashgan Davlat byudjeti daromadlari va xarajatlarining prognozlari hamda 2023 – 2024 yillar uchun byudjet mo‘ljallari belgilanmoqda.

Asosiy e’tibor makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlash, Davlat byudjeti xarajatlarining samaradorligi va natijadorligi hamda iqtisodiyotning raqobatbardoshligini oshirish, investitsiyalar jalb etuvchanlik va ishbilarmonlik faolligini rag‘batlantirishga yo‘naltirilgan soliq siyosatini tatbiq etish maqsadlariga qaratilgan.

Qonunda soliq siyosatiga muhim o‘zgarishlar kiritilgan. Bunda yalpi ichki mahsulotda salmoqli ulushga ega ishlab chiqarish sohalarini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish nazarda tutilgan. Jumladan, 2022 yilda mamlakatimiz yalpi ichki mahsulotining o‘sish sur’atlari 6 foizni, shu jumladan, sanoatda 7 foizni, qurilish sohasida 8,1 foizni, qishloq xo‘jaligi sohasida 3,3 foizni tashkil etishi rejalashtirilmoqda.

Ijtimoiy jihatdan ahamiyatga molik davlat dasturlarini hamda ishlab chiqarish va noishlab chiqarish infratuzilmasini shakllantirishga doir loyihalarni moliyalashtirishni qo‘llab-quvvatlash maqsadida chet el manbalaridan grant asosida ajratilgan mablag‘larning birinchi darajali byudjet mablag‘larini taqsimlovchilar uchun ajratilishi belgilangan miqdorlarini ushbu qonunga o‘zgartirish kiritmasdan ko‘paytirish nazarda tutilmoqda.

2022 yilda konsolidatsiyalashgan byudjet daromadlari 254,6 trillion so‘m yoki yalpi ichki mahsulotning 30,3 foizi darajasida prognoz qilinmoqda. Davlat byudjeti daromadlari 199,5 trillion so‘m yoki yalpi ichki mahsulotning 23,8 foizi miqdorida belgilanmoqda. Davlat maqsadli jamg‘armalari daromadlari 31,9 trillion so‘m, xarajatlari esa 58,7 trillion so‘m miqdorida rejalashtirilgan.

Mamlakatimizda ijtimoiy sohaga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu kelgusi yilgi Davlat byudjetida ham o‘z ifodasini topgan bo‘lib, byudjetning ijtimoiy yo‘naltirilganligi ta’minlangan. Ijtimoiy sohaga, xususan, ta’lim sohasi xarajatlariga 46,9 trillion so‘m, sog‘liqni saqlash sohasi xarajatlariga 22,8 trillion so‘m, madaniyat va sport sohasi xarajatlariga 3,4 trillion so‘m va fanni yanada rivojlantirish tadbirlari uchun 1,5 trillion so‘m yo‘naltirish belgilanmoqda.

Byudjetni shakllantirishda mahalliy Kengashlar vakolatlari yanada kengaytirilishi munosabati bilan mamlakatimizning barcha tumanlarida (shaharlarida) tegishli byudjetlar tasdiqlangan umumiy xarajatlarining 5 foizi jamoatchilik fikri asosida shakllantirilgan tadbirlarni moliyalashtirishga yo‘naltiriladi. Bundan tashqari, tumanlar (shaharlar) byudjetlari qo‘shimcha mablag‘larining kamida 30 foizi jamoatchilik fikri asosida shakllantirilgan tadbirlarni moliyalashtirishga ham yo‘naltiriladi.

Taqdim etilgan axborot yuzasidan senatorlar o‘z fikr-mulohazalarini, takliflarini bildirdi. Shuningdek, Davlat byudjeti mablag‘laridan adolatli hamda maqsadli foydalanish ustidan parlament va jamoatchilik nazoratini kuchaytirish lozimligi qayd etildi.

Qizg‘in muhokama va fikr-takliflardan so‘ng qonun ma’qullandi.

Senat yalpi majlisi davom etmoqda.

 

Muhtarama Komilova, O‘zA