Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy markazi hamda uning hududiy filiallari o‘rtasida navbatdagi rejali videokonferensaloqa yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Mazkur yig‘ilish Prezident ko‘rsatmalari asosida onkologiya xizmatlarini yanada takomillashtirish, tibbiy yordam sifatini oshirishga qaratilgan qarorlar ijrosini muhokama etish maqsadida tashkil etildi.
Tadbir davomida sog‘liqni saqlash tizimidagi dolzarb masalalar atroflicha tahlil qilinib, 2026 yilgacha mo‘ljallangan strategik rejalar muhokama qilindi.
Yig‘ilish kun tartibidagi eng muhim masalalardan biri saraton kasalliklarini erta aniqlash va tashxis qo‘yish tizimini kuchaytirish bo‘ldi. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, onkologik kasalliklarni dastlabki bosqichda aniqlash bemorlarning sog‘ayish ehtimolini bir necha barobar oshiradi. Shu boisdan, markaz va filiallarda zamonaviy skrining dasturlarini kengaytirish, aholining turli yosh toifalarini muntazam profilaktik tekshiruvlardan o‘tkazish tizimini yanada takomillashtirish zarurligi qayd etildi.
Tibbiyot sohasidagi texnik imkoniyatlar zamon bilan hamnafas bo‘lishi lozim. Shu nuqtai nazardan, yig‘ilishda tibbiy uskunalardan foydalanish darajasini oshirish, mavjud texnologiyalarni to‘liq quvvatda ishga solish, ularning servis xizmatini muntazam ta’minlash masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, yangi uskunalarni olib kelish bilan bir qatorda, mutaxassislar malakasini oshirish, tibbiy xodimlarni zamonaviy diagnostika va davolash usullariga o‘qitish masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi.
Yig‘ilishda kimyo terapiyasi dori tayyorlash bo‘limlarining faoliyatini takomillashtirish masalasi ham muhim yo‘nalish sifatida ko‘tarildi. Bu borada markazda ishlab chiqilgan namunaviy tartiblar asosida barcha hududiy filiallarda standartlarga mos sharoitlar yaratish, dori tayyorlash jarayonida xavfsizlik va sifat nazoratini kuchaytirish zarurligi ta’kidlandi.
Tadbirda hududlar kesimida saraton kasalliklarini tahlil qilish, epidemiologik ko‘rsatkichlarni solishtirish, statistik ma’lumotlar asosida aniq chora-tadbirlar ishlab chiqish masalalari ko‘rib chiqildi.
Yig‘ilish davomida markaz va uning hududiy filiallari o‘rtasida o‘zaro hamkorlikni kuchaytirish, vakolat chegaralariga qat’iy rioya qilish zarurligi ham alohida ta’kidlandi. Bu bir tomondan, boshqaruv samaradorligini oshirsa, ikkinchi tomondan, mas’uliyat va nazorat tizimini mustahkamlaydi.
Yig‘ilish yakunida 2026 yilgacha mo‘ljallangan strategik rivojlanish dasturi loyihasi ko‘rib chiqildi. Unda tibbiyot infratuzilmasini modernizatsiya qilish, yangi diagnostika markazlarini tashkil etish, xalqaro hamkorlikni kengaytirish, shuningdek, ilmiy-tadqiqot faoliyatini kuchaytirish masalalari o‘rin olgan.
Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi tomonidan o‘tkazilgan videokonferensaloqa yig‘ilishi mamlakatda onkologiya xizmatlarini yangi bosqichga olib chiqish yo‘lidagi muhim qadamlardan biridir. Yig‘ilishda belgilangan vazifalar ijrosi, albatta, bemorlar uchun sifatli, tezkor va xavfsiz tibbiy yordam ko‘rsatish tizimini takomillashtirishga xizmat qiladi.
Dildora DO‘SMATOVA,
O‘zA