Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Onkologiya xizmati: Farg‘onada radiologiya bo‘limi ish boshladi
10:11 / 2021-08-05

Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Farg‘ona viloyat filialida 20 o‘rin-joyga mo‘ljallangan radiologiya (nur terapiyasi) bo‘limi ochildi.

Onkologik  kasalliklari nafaqat respublikamizda, balki butun dunyo miqyosida murakkab muammolardan biri bo‘lib qolmoqda. Shu bois ham mamlakatimizda mazkur xastalikning oldini olish, tibbiy xizmat ko‘rsatish sifatini yaxshilash borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. O‘tgan davr mobaynida onkologik kasalliklarini davolashga ixtisoslashgan muassasalarda moddiy-texnika baza mustahkamlandi, zamonaviy tibbiy jihozlar bilan ta’minlandi. Xorijiy klinikalar bilan aloqa o‘rnatilib, aholini skrining tekshiruvlaridan o‘tkazish ishlari yo‘lga qo‘yildi.

Davlatimiz rahbarining joriy yil 27 mayda qabul qilingan “Aholiga gematologiya va onkologiya xizmatlarini ko‘rsatish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori bu borada muhim ahamiyat kasb etmoqda. Unda gematologiya va onkologiya yo‘nalishlarida amalga oshirilayotgan islohotlarni izchil davom ettirish, mazkur sohada aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifati, ko‘lami va samaradorligini oshirish, bemorlar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish hamda ularni zarur dori vositalari bilan uzluksiz ta’minlash, shifoxonalarni zamonaviy diagnostika laboratoriyalari va tibbiy texnikalar bilan jihozlashga qaratilgan muhim chora-tadbirlar belgilab berildi.

Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy -amaliy tibbiyot markazi Farg‘ona viloyat filialida ish boshlagan radiologiya  bo‘limi  ham ana shu ishlarning amaliy ifodasidir.  

Bo‘limning ochilishida  viloyat hokimining o‘rinbosari Fayzullo Qosimov, Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori Mirzag‘olib Tillashayxov, viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Husan Mamajonov yurtimizda aholi salomatligini mustahamlashga qaratilayotgan yuksak e’tibor xususida so‘z yuritdi.

Islom taraqqiyot bankining 550 ming AQSH dollari mabag‘i hisobidan Chexiya davlatida ishlab chiqarilgan zamonaviy “TERABALT” nur apparati olib kelib, filialga o‘rnatildi. Ta’kidlash lozimki, Respublika onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Farg‘ona  viloyat filialida  radioterapiya bo‘limi  ochilishi uchun oxirgi bir yil mobaynida   mahalliy byudjet hisobidan qariyb 970 million so‘mlik qurilish-ta’mirlash va qayta jihozlash ishlari olib borildi.  Radiologiya bo‘limining ochilishi  Farg‘ona  viloyatining barcha bemorlariga   shu yerning o‘zida, ortiqcha sarson bo‘lmasdan vaqtida nur terapiya muolajalarini olish imkonini yaratadi. Ilgarilari nur muolajasini olish uchun 3-5 oygacha boshqa viloyat onkologiya muassasalarida navbatda turishiga to‘g‘ri kelardi. Bu esa davolash samaradorligini pasayishiga, ba’zi bemorlarda navbati yetguniga qadar kasallikni zo‘rayishi holatlari kuzatilardi.  

Endi esa hududdagi onkologiya markazida mahalliy byudjet mablag‘lari hisobiga radiologiya bo‘limi barpo etildi va eng zamonaviy radioterapevtik uskuna hamda yetuk kadrlar bilan ta’minlandi. Radiolog shifokorlar Belarus, Hindiston va Turkiya davlatlarining yetakchi klinikalarida o‘z malakalarini oshirib keldi.

[gallery-3282]

M. Sulaymonov,

M. Qodirov olgan (surat), O‘zA