So‘nggi vaqtlarda onkologik kasalliklar ko‘payib borayotgani tashvishli holat. Mamlakatimizda bu xavfli xastalikning oldini olish, uni barvaqt aniqlash va davo choralarini ko‘rish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Har yili davlat byudjetidan ushbu kasalliklarning oldini olish va davolash imkoniyatlarini kengaytirish hamda zarur mutaxassisliklar bilan ta’minlash maqsadlariga muayyan miqdordagi mablag‘lar ajratilmoqda.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlarining hududlardagi o‘rganishlari doirasida O‘zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasi a’zosi Noiba Inoyatova Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida bo‘ldi. Xalq vakili tibbiyot sohasidagi islohotlar ijrosi markazda qay darajada ta’minlanayotgani bilan tanishdi.

Tibbiyot markazi mutasaddilari mazkur tibbiyot markazidagi shart-sharoitlar haqida batafsil ma’lumot berdi. Deputat bemorlar uchun yaratilgan shart-sharoit va qulayliklarni o‘rganib chiqdi. Markazda davolanayotgan bemorlar holidan xabar oldi.

Markazda koloproktologiya, urologiya, jarrohlik, ginekologiya, mammologiya, oftalmologiya, tayanch-harakat tizimi bosh va bo‘yin onkologiyasi, ximioterapiya, radioterapiya, anesteziologiya, reanimatsiya kabi statsionar bo‘limlar mavjud. Shuningdek, bu yerda maslahat-diagnostika poliklinikasi va yordamchi bo‘limlar faoliyat olib boradi.
Deputat markaz faoliyatini yanada samarali yo‘lga qo‘yish bo‘yicha tavsiyalar berdi. Shu bilan birga, aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilish va tibbiy madaniyatni yuksaltirish zarurligini ta’kidladi.
M.Komilova,
O‘zA