Yaponiyaning ilg‘or ilmiy markazlaridan biri bo‘lgan Kioto shahridagi ATR Computational Neuroscience laboratoriyasi inson ongining eng sirli jabhalaridan biri — tushlar olamiga kirish yo‘lini ochuvchi texnologiyani ishlab chiqdi.
Bu texnologiya orqali inson miyasi faoliyati asosida ko‘rilgan tushlarni yozib olish va vizual shaklda qayta tiklash imkoniyati yuzaga kelmoqda.
Mazkur texnologiya nevrologiya, sun’iy intellekt va tasvirlarni qayta ishlash sohasidagi eng so‘nggi yutuqlarga asoslanadi. Tizim ishlashi davomida inson miyasining faoliyati magnit-rezonans tomografiyasi (MRI) yordamida kuzatilib, tush paytida paydo bo‘ladigan vizual signallar maxsus algoritmlar orqali dekodlanadi. So‘ngra ushbu ma’lumotlar asosida ko‘rilgan tushning taxminiy vizual tasviri tiklanadi.
Internet foydalanuvchilari orasida bu texnologiyaga katta qiziqish kuzatilmoqda. Mutaxassislar bu yondashuv kelajakda psixologik holatlarni chuqur tahlil qilish, tushlar asosidagi kasalliklarni aniqlash va ong osti jarayonlarini o‘rganishda yangi ufqlarni ochishini ta’kidlamoqda.
Shu bilan birga, bu texnologiya atrofida axloqiy va shaxsiy daxlsizlik bilan bog‘liq savollar ham yuzaga chiqmoqda. Tushlar — insonning eng shaxsiy va nozik tajribalari sanaladi. Ularga kirish va ularni yozib olish imkoniyati qanday me’yorlar asosida tartibga solinishi kerakligi borasida hali ko‘plab muhokamalar kutilmoqda.
<iframe width="791" height="445" src="https://www.youtube.com/embed/c2xOnuqkbUs" title="Ong sirlarini ochuvchi yutuq" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Shubhasiz, bu yutuq inson ongining chuqur qatlamlarini o‘rganish yo‘lida muhim qadam bo‘lib, kelajakda nevrologiya va sun’iy intellekt sohalarida yangi inqilobiy yechimlarga turtki bo‘lishi mumkin.
Madinabonu Nasriyeva,Ulug‘bek To‘xtayev (video), O‘zA