Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Onaxonning muammosi
17:35 / 2024-10-08

Kecha ishdan uyga qaytayotganimda biror nima olay deb do‘konga kirdim. Kassa oldida bir onaxon «bor pulim shu, qolganini nafaqam tushsa, olib kelib beraman» deb turganini ko‘rib, onaxonni chetga oldim. Kassaga yetmayotgan summani to‘lab, onaxonni suhbatga tortdim. 3 nafar farzandi bor ekan, o‘g‘illarining daromadi yaxshi, faqat oilaviy munosabati buzilib, ota-onasidan alohida yashashar ekan.

Onaxon «turmush o‘rtog‘im og‘ir kasal, o‘zim ham tez-tez og‘rib turaman, dori-darmonlarimizga yetmaydi, o‘g‘illarimizning daromadi yaxshi, lekin bizga umuman qaramay qo‘ygan, xabar ham olishmaydi» dedi. 

Shu yerda huquqshunosligim yodimga tushib, onaxonga erinmasdan, ularning qonun bo‘yicha huquqlarini va voyaga yetgan farzandlarining onaxon oldidagi majburiyatlarini tushuntirib berdim. 

Ya’ni, Oila Kodeksining 109-moddasida «voyaga yetgan, mehnatga layoqatli farzandlar mehnatga layoqatsiz, yordamga muhtoj o‘z ota-onasiga ta’minot berishlari va ular to‘g‘risida g‘amxo‘rlik qilishlari shart» deb belgilangan. Ushbu Kodeksning 110-moddasida, voyaga yetgan, mehnatga layoqatli bolalar o‘z ota-onasiga ixtiyoriy ravishda moddiy yordam berishdan bo‘yin tovlasalar, ta’minot miqdori bolalarning oilaviy va moddiy ahvolini hisobga olgan holda sudning hal qiluv qaroriga asosan belgilanishi ko‘rsatib o‘tilgan.

Bundan tashqari, Oila kodeksining 116-moddasiga ko‘ra, ota-onasiga moddiy yordam berish to‘g‘risidagi sudning hal qiluv qarorlarini bajarmaslik jinoiy javobgarlikka sabab bo‘ladi. Jumladan, Jinoyat kodeksining 123-moddasida voyaga yetgan shaxslarning mehnatga layoqatsiz va moddiy yordamga muhtoj bo‘lgan ota-onani moddiy ta’minlashdan bo‘yin tovlashi, ya’ni ularni moddiy jihatdan ta’minlash uchun sudning hal qiluv qaroriga binoan undirilishi lozim bo‘lgan mablag‘ni jami bo‘lib 2 oydan ortiq muddat mobaynida to‘lamasligi, shunday qilmish uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa, — 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki 1 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi belgilangan.

Xullas, onaxonning qonun bilan kafolatlangan huquqlarini batafsil tushuntirdim. Lekin, ular bu huquqlaridan foydalanmasliklarini, mahalla ko‘y oldida nima degan odam bo‘lamiz, degan andisha qilishlarini aytib, kerakli hujjatlarni rasmiylashtirib beraman degan yordamimni rad etdilar. Rahmat aytib, ma’yus holatda mendan uzoqlashdilar. Ortilaridan qarab turib ko‘zimga yosh keldi. G‘alati holatga tushdim. Bu holatda o‘z farzandidan sud orqali aliment undirishga aslida ota-onalar emas, ota-onalarni ta’minlamayotgan farzandlar andisha qilishlari kerak edi. Afsuski, bunday holatlar kam emas jamiyatimizda... 

Ona farzandini qanchalik qiyinchilik bilan dunyoga keltiradi, bor mehrini berib uni ulg‘aytiradi. O‘z orzularidan, sog‘lig‘idan, hattoki ba’zi rejalaridan farzandining manfaati uchun voz kechadi. Ba’zi bir farzandlar ulg‘ayib, ozgina pul topib, katta odam bo‘lib qolganlarida esa, ota-onalarini ...... afsus. 

Iroda Qahhorova, huquqshunos