Andijon shahrida joylashgan Muhammad Yusuf nomidagi ijod maktabida 10 dekabr – O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi qabul qilingan kun munosabati bilan “Onam allasidek suyuklisan, milliy madhiyam” hamda “Davlat ramzlari milliy g‘ururimiz” mavzuida ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.
Tadbir avvalida O‘zbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi yangradi.
O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi viloyati boshqarmasi, Ma’naviyat va ma’rifat markazi shahar bo‘limi, Adliya boshqarmasi, Yoshlar ittifoqi shahar kengashi hamda shahar Madaniyat bo‘limlari hamkorligida tashkil etilgan tadbirda milliy g‘ururimiz, o‘zligimiz ramzi bo‘lgan madhiyamizda mard, oliyjanob va mehnatkash xalqimizning o‘tmishi, buguni va kelajagi, orzu-umidlari, ulkan maqsadlari mujassam ekanligi ta’kidlandi.
Uning har bir satri, musiqasi yosh avlodni Vatanga muhabbat, milliy va umumbashariy qadriyatlarga hurmat, istiqlol g‘oyalariga sadoqat ruhida tarbiyalashga da’vat etishi bilan ahamiyatli ekanligi aytib o‘tildi.
Badiiy qismda taniqli san’atkorlar hamda yosh iste’dodlarning Vatanni, istiqlolni madh etuvchi kuy-qo‘shiqlari barchaga xushkayfiyat bag‘ishladi.
Zuhriddin UMURZOQOV (surat), O‘zA