Alla – ona mehrining samimiy ifodasi bo‘lib, ushbu sehrli ohang go‘dak qalb qo‘rida, ongu shuurida ezgu hislar kurtak yozishiga sababchi bo‘ladi. Ma’naviy yorug‘likdan bahramand bo‘lishning, milliy ruhda tarbiyalashning, milliy tilimizni singdirishning bosh bo‘g‘ini – ona allasi bilan bog‘liq.
Ona allasi faqat chaqaloqning orom olishi uchun aytilmaydi, balki uning vositasida bolaning ko‘ngil dunyosiga milliy ruh kiradi. Ona tilidagi mehr-muhabbat, nasliy tuyg‘ular va orzular go‘dakning jismu jonida ildiz otadi.

Shu bois Qashqadaryo viloyati Koson tumanining barcha mahalla va qishloqlarida milliy qadriyatlar shukuhi uyg‘unlashgan “Onam allasida ulg‘aygan tilim” shiori ostida o‘tkazib kelinayotgan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar katta-yu kichikka birdek manzur bo‘lmoqda.
Tadbirlarda mehnatsevarlik, tashabbuskorlik, fazilatlari bilan hamfikr, hamnafas bo‘layotgan, tumanning ijtimoiy-iqtisodiy rivojiga o‘z hissasini qo‘shib, bugungi kunda xalqparvar, vatanparvar, tinib-tinchimas, fidoyi, faolligi bilan yoshlarga o‘rnak bo‘layotgan jonkuyar oqila ayollar, mehribon buvijonlar, onaxonlar nabira-yu evaralari bilan shuningdek, ijodkor yoshlar ishtirok etmoqda.

Darhaqiqat, ona tilini e’zozlash, qadrlash, serqirra imkoniyatlarini, so‘z boyligini borligicha saqlash, takomillashtirish, davlat tili sifatidagi mavqeyi va nufuzini oshirish har birimizning muqaddas burchimizdir.

– Davlat tili tengsiz boyligimizdir, nomus-orimizdir. Til xalqni yanada jipslashishga, milliy qadriyatlarni asrab-avaylashga undaydi, – deydi Koson tumani hokimi maslahatchisi M.Hayitova. – Albatta, bunday tadbirlar faqat oylik davomidagina emas, balki yil davomida muntazam o‘tkaziladi. Allalar millat mulki sifatida qadrlanadigan ona tilimizni yosh avlod ongiga singdirish hamda ularda ona tiliga hurmat tuyg‘usini yanada kuchaytirishga xizmat qiladigan buyuk ma’naviy xazina. Yosh avlodni ana shu ruhda tarbiyalash esa pedagoglar, qolaversa, keng jamoatchilikning vazifasi, burchi hisoblanadi. Yana bir yutug‘imiz shundaki, targ‘ibotlar natijasida jamiyatimiz a’zolarining tilga bo‘lgan munosabati o‘zgarib, til madaniyati yuksalib bormoqda.

Masalan, tumanning chekka hududlaridan biri hisoblangan “Pistali” mahallasida “Ona tilimda kuylayman” nomli adabiy-badiiy tadbir tashkil etildi. Tadbirda milliy kuy qo‘shiqlar, laparlar hamda aytishuvlar, bahru-bayt ayniqsa, “Onam allasida ulg‘aygan tilim” mavzusidagi tanlov va unda faol ishtirok etgan ayollar barchada katta taassurot qoldirdi.
– 150 nafar nabiram, 85 nafar evaram bor va ularning barchasi o‘z tilimda aytgan allam bilan ulg‘aygan, – deydi tanlovning eng keksa ishtirokchisi 95 yoshli Mahkam momo. – Yangi O‘zbekistonning farzandlari uchun doim alla ona tilimizda jaranglasin. Bugun ham ularga qarata allani aytib berdim.
Shuningdek, tadbir doirasida milliy taomlar, hunarmandchilik hamda milliy liboslar ko‘rgazmalari ham tashkil etildi.
O‘lmas Barotov,
O‘zA.