English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Onalik – eng yuksak maqom
11:18 / 2022-03-09

Har doimgidek ishdan hovliqib uyga qaytayapman. Do‘kondan nimalardir xarid etgan bo‘ldim. Qo‘lim to‘ldi. Ro‘paramdan chiqqan notanish yigit telefondagi suhbatini tezda tamomlab, qo‘limdagi yuklarni ko‘tarib oldi.

– Bunaqa og‘ir yuk ko‘tarmang, onajon, – dedi notanish yigit. – Onajonim ham sizdeklar. Og‘ir narsa ko‘taraverib, endi kasal bo‘lib, uyda yotib qoldilar. 

Hay-haylashimga qaramay, yigit yukni tepa qavatgacha olib chiqdi. Xaltalarni uyimiz ostonasiga qoldirib, tezda g‘oyib bo‘ldi. Hayratda dong qotganidim o‘shanda. Yigitning mutlaqo notanish ayolni o‘z onasiga teng ko‘rgani, mehribonchiligidan lol edim. 

Onajon – tabarruk, eng yoqimli, mas’uliyatli, ham zalvorli so‘z. Onalik – yuksak maqom. Nimaiki yutuqqa erishgan bo‘lsak, bari onalarimizga taalluqli! Ishga mas’uliyat bilan qarashda, vazifani qunt bilan ado etishda, sabr, intizomda onajonlarimiz asosiy ustozlarimiz, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Bunga otalarimiz ham bosh-qosh, albatta. 

Bolalikda buvimning hovlisiga ko‘p borardim. Xatminisa buvim eskicha o‘qigan, Qur’on tilovatini kanda etmaydigan onaxon edilar. Ularni hovlilariga ro‘paradagi qo‘shni Marusya buvi ko‘p chiqardi. Ikkovlon rosa hasratlashishardi. Ajabki, bir og‘iz ruscha bilmaydigan buvim o‘zbekcha so‘zlardilar. Marusya buvi bo‘lsa, o‘z tilida gapirardi. Gurunglashib, hatto birgalikda yig‘lashib, ko‘z yoshi ham to‘kib olishardi! Ajabo, ularning har biri o‘z ona tillarida dardlashardi. Shunday bo‘lsa-da, ikki onaxon bir-birlarining gapini tushunishardi. Onalarning umumiy o‘zlari tushunadigan tili bo‘lsa kerak-da! 

Tabarruk ustozimning qizlari Yevropadagi ilmiy jamoada mehnat qiladi. Toshkentga kelganlarida, mehmonga borib, suhbatlashib qolgandik. O‘zbekistondan ham ayollar bormi, deb so‘raganimda, yo‘q, bir afg‘on ayol bilan qo‘shnimiz, azbaroyi ona tilimizga hurmat sababli o‘zaro suhbat davomida u afg‘on tilida, men esa o‘zbekcha so‘zlashamiz. Lekin tushunamiz bir-birimizni, deb qoldilar... 

Doim tantanalar, bayramlar bo‘lsa, oddiy ayollar ko‘z o‘ngimdan o‘taveradi. Markaziy ko‘chalarda hamma yoqni qishin-yozin chinnidek tozalab, obodonlashtirib yurgan ayol-qizlar tushlikda o‘t-o‘lan, maysazor ustida davra qurib, xaltasidan nonmi, biror yegulikni o‘rtada birga baham ko‘rib o‘tirganiga ko‘p bor ko‘zim tushgan. Ularning ham gap mavzusi asosan, oila, uydagi yumushlar girdobi, bola-chaqa tashvishi... Olis-olis qishloqlarda umrini o‘g‘il-qizi, ro‘zg‘ori tashvishiga bag‘ishlagan, rohat, farog‘atni faqatgina ular baxtida ko‘rayotgan oddiy ayollar ming-minglab bor. Axir bayram ularga ham taalluqli-ku! 

Keyingi besh-olti yillar davomida xalqimiz dardu tashvishi, ayniqsa oddiy ayollar uchun imkoniyatlar yaratish, ularning turli muammolarini hal etish ustuvor bo‘lmoqda. Bu e’tibor Prezidentimizning 8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan yo‘llagan tabrigida ham o‘zining yorqin ifodasini topgani bilan ahamiyatlidir. Zero, barchamizning yutuqlarimizda jonfido onalarimizning hissasi beqiyosdir. 



Nazokat Usmonova, O‘zA