Sirdaryoda ilk bor o‘tkazilgan “Onalarga ehtirom” festivali katta shodiyona bilan yakunlandi.

Guliston shahrida 8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan ilk bor o‘tkazilgan “Onalarga ehtirom” festivalining yakuniy viloyat bosqichi doirasida katta bayram dasturi tashkil etildi.

Viloyat musiqali drama teatri barcha shahar va tumanlardan kelgan mo‘’tabar onaxonlar hamda ayollarni o‘z bag‘riga jamladi. Festival doirasida “Ko‘p farzandli qahramon ona”, “Yuz bilan yuzlashgan ona”, “Eng matonatli ona”, “Eng ibratli qaynona”, “Eng yaxshi alla ijrochisi”, “Eng yaxshi rahbar ona”, “Eng yaxshi olima ona” kabi 26 ta nominatsiyada g‘olib bo‘lgan onalarga qimmatbaho sovg‘alar topshirildi.


Tadbirning konsert qismida O‘zbekiston xalq artistlari Yodgor Sa’diyev, Yoqub Ahmedov, Erkin Komilov, Mirolim Qilichev, Sharofiddin Muzropov, Saida Rametova, Muqaddas Xoliqova, Ra’no Yarasheva, Zuhra Ashurova hamda Lola Eltoyeva kabi O‘zbek Milliy akademik drama teatrining taniqli san’atkorlari tomonidan ijro etilgan she’r, monolog, kuy-qo‘shiqlar bayramga o‘zgacha shukuh bag‘ishladi.
Shuhrat Suyarov, O‘zA