Bu yil Farg‘ona viloyatida uchinchi bor o‘tkazilgan “Onalarga ehtirom” festivalining yakuniy bosqichi doirasida Marg‘ilon shahridagi “Ijodkorlar bog‘i” da katta bayram dasturi tashkil etildi. Bog‘ hududidagi amfiteatr viloyatning barcha shahar va tumanlaridan kelgan 1,5 ming nafardan ziyod mo‘’tabar onaxonlar hamda ayollarni o‘z bag‘riga jamladi.
Dunyoda ona mehridan ulug‘ his yo‘q, uning ta’rifiga so‘z ojiz. Buyuk mo‘’jiza bo‘lgan bu zot hayotimizning mazmuni, jonini ham farzandiga bag‘ishlaydigan xilqatdir. Farg‘onada tashkil etilgan “Onalarga ehtirom” festivali ularga bo‘lgan mehrning katta tantanasi sifatida bayram qilindi. Barcha shahar va tumanlarda, tashkilot va korxonalarda onalarga ehtirom ko‘rsatildi.
Mazkur festivalning yakuniy bosqichi shodiyonasini viloyat hokimi Xayrullo Bozorov ochib berdi.
Prezidentimiz boshchiliklarida bugungi kunda yurtimizda amalga oshirilayotgan ulkan islohotlarning markazida mo‘’tabar onalarimiz, mehribon ayollarimizni e’zozlash, roziligini olish, hayotlarini yengillashtirish, sog‘-salomat bo‘lib, baxtli bo‘lib yashashlarini ta’minlash maqsadlari mujassam ekaniga e’tibor qaratgan viloyat hokimi “Onalarga ehtirom” bayramini tashkil etilishi ham ushbu ezgu maqsadlarga xizmat qilishini aytib o‘tdi.
[gallery-11987]
Viloyatda ham xotin-qizlarning hayot va mehnat sharoitlarini yaxshilash, ularga daxldor ijtimoiy muammolarni hal etishga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda.O‘tgan yili 48 mingdan ziyod xotin-qizlarning bandligi ta’minlandi, 22 ming nafardan ko‘proq ayollarga 405 milliard so‘mdan ziyod kredit ajratildi. 23 mingdan ortiq opa-singillarimiz mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasb-hunarlar va tadbirkorlikka o‘qitildi. Bu kabi sa’y-harakatlar ko‘plab xonadonlarga quvonch va shodlik olib kirib, odamlarning hayot darajasi va sifatini tubdan o‘zgartirmoqda. Minglab ayollarimizning ruhi ko‘tarilib, ularning ertangi kunga ishonchi mustahkamlanyapti.
Turizm va madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov Farg‘onada o‘tkazib kelinayotgan “Onalarga ehtirom” festivali milliy qadriyatlarimizni saqlab qolish yo‘lida qilinayotgan katta qadam ekanini qayd etib, ushbu festivalni respublika miqyosida tashkil etish, “Onalarga ehtirom” bayrami har bir mahallagacha kirib borishini ta’minlash uchun harakat qilishini bildirdi.
–Ushbu tadbirni tashkil etish zamirida yosh avlod ongu shuuriga onadek tabarruk zotga hurmat ko‘rsatish, uning oldidagi ado etib bo‘lmas qarzni chuqurroq anglash va mehri, zahmatiga munosib javob qaytarish kabi fazilatlarni singdirish g‘oyasi mujassam, – deydi O.Nazarbekov. – G‘olib bo‘lgan onaxonlarning azmu shijoati, zamon bilan hamnafasligini ko‘rib, to‘g‘risi, chin dildan quvondik. Tadbirda biz, san’atkorlar onajonlarimiz uchun jo‘shib kuyladik. Ularning tabarruk zot ekanini yana bir karra madh etdik. Zero, onalar har doim e’zozga, eng yaxshilariga munosibdirlar.
Festival doirasida “Eng yaxshi mutaxassislarni tarbiyalagan ona”, “Eng ibratli mehnatkash ona”, “Eng yahshi tadbirkorlar onasi”, “Vatan fidoiysi onasi”, “Eng matonatli ona” kabi 12 ta nominatsiyada viloyat miqyosida g‘olib bo‘lganlarga mukofotlar topshirildi.
Munojot Yo‘lchiyeva, Abduhoshim Ismoilov, Ilhom Ibrohimov, Zulayho Boyxonova, Alisher Fayz, Abdujalil Qo‘qonov, Muhsinbek Mo‘minov, Ziyoda Qobulova kabi ko‘plab respublikamizda taniqli san’atkorlar ishtirokida kuy-qo‘shiqlar, shuningdek viloyat san’at ustalari tomonidan tayyorlangan Ona mavzusidagi sahna ko‘rinishlari bayramga o‘zgacha shukuh baxsh etdi. Tadbirning konsert qismi Ozodbek Nazarbekov ijrosidagi jozibali qo‘shiqlar bilan yakunlandi.
“Onalarga ehtirom” festivali Marg‘ilon uzra porlagan rang-barang va yorqin mushaklar bilan yakunlandi.
M.Sulaymonov, O‘zA
M.Qodirov olgan surat