Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Onalar va bolalar salomatligi doimiy e’tiborda
17:02 / 2023-09-20

So‘nggi yillarda Xorazm viloyatida onalar va bolalar salomatligini muhofaza qilish borasida keng qamrovli ishlar amalga oshirildi. Ona va bola hayoti uchun xavf soladigan turli xastaliklarni bartaraf etish, chaqaloqlarda uchraydigan genetik kasalliklar, tug‘ma nogironlik holatlarining oldini olishga asosiy e’tibor qaratilmoqda.

Birgina misol, viloyat Perinatal markazi tomonidan ayollarda homila davrida chaqaloqdagi turli irsiy kasalliklarni aniqlashning eng samarali usuli – noinvaziv skrining tekshiruvi yo‘lga qo‘yildi. Shuningdek, mutaxassislar tomonidan mazkur tekshiruv davomida homilasida ayrim nuqsonli alomatlar aniqlangan ayollarda amiotsentez testi amalga oshirilib, bu orqali homiladagi turli genetik, xromosoma kasalliklarini erta aniqlashning imkoni paydo bo‘lmoqda.

– Markazimiz tomonidan ayollardagi homiladorlik davrida kardiotomografiya tekshiruvlari ham o‘tkazib kelinyapti, – deydi Xorazm viloyat perinatal markazi rahbari Salomat Matyoqubova. – Ushbu amaliyot homila davrida chaqaloqdagi yurak bilan bog‘liq muammolar, shuningdek, onadagi kasallikning bolaga ta’siri, tartibsiz yurak urushi singari bir qator salbiy holatlarni aniqlab, ularni bartaraf etish choralarini ko‘rishda muhim ahamiyat kasb etadi. Mazkur tekshiruv usuli nihoyatda qulay va, eng asosiysi, ona va bola uchun mutlaqo xavfsiz.

Yangicha davolash uslublari joriy etilishi orqali onalik va bolalikni muhofaza qilish borasida ko‘plab yutuqlarga erishilmoqda. Jumladan, o‘ta kam va kam vaznli chaqaloqlarning yashash imkoniyati oshirildi. Markazning eng so‘nggi turdagi zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar bilan ta’minlanishi natijasida hatto 500 gramm vaznda tug‘ilgan chaqaloqlarni parvarishlash va reabilitatsiya qilish yo‘lga qo‘yildi. Viloyat perinatal markazida neonatal xirurgiya yo‘nalishi bo‘yicha chaqaloqlarda o‘tkaziladigan amaliyotlarning salmog‘i va sifati oshib, undan keyingi parvarish yanada yaxshilandi.

Bu yerda davolanayotgan onalar va chaqaloqlarda 7 xil turdagi qon tahlillarini aniqlash imkoni yaratildi. Ayollardagi ginekologik va boshqa kasalliklarni davolash maqsadida zamonaviy turdagi laparoskop va gisteroskop apparatlari keltirildi. Yuqori texnologik amaliyotlarni qo‘llash natijasida 90 foiz og‘ir asoratli ayollarda reproduktiv funksiya saqlanib qolinishiga erishilmoqda. Xorazm viloyatidagi ayollarning 54 mingdan ortig‘ini fertil yoshidagilar tashkil etadi.

Mavjud 13 ta tug‘ruq muassasasi tomonidan homilador ayollarga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatilmoqda. Viloyat skrining markazi ham bugungi kunda qo‘shimcha zamonaviy ultratovush va dopler apparatlari bilan ta’minlandi. Yurtimizda onalar va bolalar salomatligini mustahkamlash, sog‘lom bola tug‘ilishi uchun barcha zarur shart-sharoitni yaratishga qaratilgan chora-tadbirlar belgilanmoqda.

Shuningdek, onalar salomatligini muhofaza qilishning takomillashtirilgan tibbiy profilaktika va patronaj tizimi joriy etiladi. Ona va bola sog‘lig‘iga e’tibor – jamiyatga, kelajakka e’tibordir. Bu yo‘nalishda olib borilayotgan barcha islohotlar, albatta, kelajakda o‘z samarasini beradi.

Gulnoza Umirova,

jurnalist