O‘zbekiston Respublikasi Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari bo‘yicha qo‘mitasi tomonidan o‘tkazilayotgan “Do‘stlik” festivali doirasida poytaxtimizdagi “Navro‘z” bog‘ida “Ona zamin bag‘ridan...” deb nomlangan ko‘rgazma-yarmarka tashkil etildi.
Unda xorijdagi va yurtimizdagi turli xalqlar amaliy san’at ustalarining ijod namunalari poytaxt mehmonlari va hamyurtlarimiz e’tiboriga havola etildi.
Ko‘rgazma-yarmarkaning ochilishida mamlakatimizda turli millat va elat vakillari, diiny konfessiyalarning ahil va hamjihat yashashi, ular uchun zarur sharoit va imkoniyatlarni yaratish masalasiga ustuvor ahamiyat qaratilayotgani ta’kidlandi.
[gallery-24508]
– “Do‘stlik” festivali butun mamlakatimiz bo‘ylab katta bayram sifatida nishonlanmoqda, – dedi Respublika Rus milliy madaniyat markazi raisi Sergey Mironov. – Festival doirasidagi tadbirlar milliy madaniyat markazlari tomonidan erishilgan yutuqlar, ular olib borayotgan ishlarni xalqimizga yaqindan tanishtirish imkonini bermoqda. Shu bilan birga mazkur festival ko‘plab milliy madaniy markazlar vakillarini bir maydonga to‘plab, yutuq va natijalarni o‘rtoqlashishda ham alohida ahamiyat kasb etmoqda. Markazimizning O‘zbekiston bo‘yicha 23 ta bo‘limlari bor. Ular tomonidan yiliga minglab tadbirlar tashkil etiladi. Bularning barchasi O‘zbekistonda turli millat vakillarining emin-erkin yashashi, ijod qilishi yo‘lidagi e’tiborning amaliy ifodasidir.
- O‘zbekistonda 300 mingdan ortiq qirg‘izlar yashaydi, – dedi Respublika Qirg‘iz milliy madaniyat markazi raisi Rahmatilla Jabborov. – Qirg‘iz tilida ta’lim beruvchi 51 ta maktab bor. Andijon davlat pedagogika institutida qirg‘iz filologiyasi bo‘limi mavjud. Televideniye orqali qirg‘iz tilida “Aychurek”, “Elomon” singari ko‘rsatuvlar tayyorlanib, efirga muntazam uzatiladi. Jizzax viloyatining Do‘stlik tumanida “Marjon” ashula va raqs ansamblimiz bor. Respublika Qirg‘iz milliy madaniyat markazining O‘zbekiston bo‘ylab 6 ta viloyatda bo‘limlari bor. O‘zbekistonda baland ruhda o‘tkazilayotgan “Do‘stlik” festivalining ahamiyati va ma’no-mazmuni juda ulug‘vordir. Zero, bugungi murakkab global sharoitda tinchlik, millatlar va diniy konfesiyalararo totuvlik g‘oyat dolzarb. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan bu borada olib borilayotgan ezgu sa’y-harakatlar butun dunyoga ibratdir.
“Ona zamin bag‘ridan...” deb nomlangan ko‘rgazma-yarmarka doirasida turli millat va elatlarning kuy-qo‘shiqlari yangradi.
Nazokat Usmonova, Nosirjon Haydarov (surat), O‘zA muxbirlari