Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ona yurtni kuylagan rassom
17:40 / 2022-09-09

Toshkent Fotosuratlar uyida rassom Erkin Nurmonov tavalludining 70 yilligiga bag‘ishlangan “Ona yurtni kuylagan musavvir” nomli shaxsiy ko‘rgazmaning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Ko‘rgazmada rassomning 30 dan ortiq rangtasvir asarlari 20 ga yaqin kitoblarga ishlagan muqovalaridan namunalar va bir qancha badiiy asarlar, ocherklar, qissa va hikoyalarga ishlagan oq-qora illyustratsiyalari namoyish etilayapti.

Mazkur ko‘rgazmada asarlari namoyish etilayotgan ijodkor Erkin Nurmonov ko‘p yillar davomida Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn institutining turli kafedralarida dars berish bilan birga, tinimsiz ijod bilan shug‘ullanib keladi.

Mo‘yqalam sohibi nashriyotlarda kitob grafikasi rassomi vazifasini ham bajarib, ko‘p kitoblarga muqova va asarlar badiiy bezak ishlarini olib borgan. Bulardan Zahiriddin Muhammad Boburning “Boburnoma”, Ibrohim Haqqulning “Kamol et kasbkim”, Sa’dulla Siyoyevning “Yassaviyning so‘nggi safari”, Shodmon Otabekning “Do‘rmon hangomalari” singari asarlarning muqovalari ko‘pchilikka ma’lum va manzurdir.

Musavvirning ijoddagi yana bir betakror qirrasi bu jamiyatda bo‘ladigan turli hayotiy voqealar va jinoiy ishlarni voqelikka mos ravishda ifodalab berishidir. E.Nurmonov yillar davomida O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi nashrida bosh muharrir va "Kuch - adolatda" gazetasida badiiy muharrir bo‘lib ham ishlagan.

Rassomning ko‘rgazma ekspozitsiyasida taqdim etilayotgan rangtasvir asarlarida yurtimizning so‘lim maskanlari, xalqimizning mehnatsevarligi va bolajonligini ko‘rsatuvchi syujetli kompozitsiyalar namoyish etilgan.

Kartinalarda zalvorli tog‘lar va daraxtlar, sharqirab oqayotgan jilg‘alar va yam-yashil o‘t-o‘lanlar o‘zining real ifodasini topgan. “Beda o‘rimi”, “Tarvuzxo‘rlik”, “Oqtosh qishlog‘i”, “Yuqori Chimyon”, “Zomin”, “Oqtosh soyi” kabi asarlar shular jumlasidandir.

Mazkur ko‘rgazmada namoyish etilayotgan asarlar tomoshabinlarda katta taassurot qoldirmoqda.

N.Usmonova, O‘zA