Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ona yurt posbonlariga ehtirom
19:40 / 2026-01-13

Vatanga sadoqat, uning tinchligi va xavfsizligini asrash har bir fuqaroning muqaddas burchidir. Ayniqsa, yosh avlod qalbida vatanparvarlik, fidoyilik va mas’uliyat tuyg‘ularini shakllantirish, milliy armiyaga hurmat ruhini mustahkamlash bugungi kunda alohida ahamiyat kasb etmoqda.

Shu bois, turli sohalarda faoliyat yuritayotgan jamoalar ishtirokida o‘tkazilayotgan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar jamiyat hayotida muhim o‘rin tutadi.

Bugun aynan shunday tadbir “Issiqlik elektr stansiyalari” aksiyadorlik jamiyatida o‘tkazildi.  

O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 34 yilligi hamda 14 yanvar – Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan tashkil etilgan ushbu tadbirga O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi Ma’naviyat va madaniyat departamenti vakillari, shuningdek, “Toshkent IEM”, “Toshkent issiqlik markazi” hamda “O‘zenergosozlash” korxonalari yoshlari taklif etildi.  

“Milliy armiya – ona yurt qalqoni, tinchligimiz posboni” shiori ostida o‘tkazilgan ushbu tadbirda so‘z olganlar yoshlar ongida vatanparvarlik tuyg‘usini shakllantirish, ularni ona Vatanga sadoqat va fidoyilik ruhida tarbiyalash muhim vazifa ekanini ta’kidladi. Shuningdek, energetika sohasi vakillari ham mamlakat taraqqiyoti, iqtisodiyot barqarorligi va aholi farovonligini ta’minlashda strategik ahamiyatga ega bo‘lgan sharafli kasb egalari ekani e’tirof etildi.

– Milliy armiya mamlakatimiz tinchligi va xavfsizligining ishonchli kafolati bo‘lsa, energetika sohasi vakillari o‘z fidokorona mehnati bilan iqtisodiy barqarorlikni ta’minlab kelmoqda. Bu ikki sohadagi mas’uliyat, intizom va sadoqat umumiy maqsad – Vatan ravnaqiga xizmat qiladi. Mazkur ma’naviy-ma’rifiy tadbir yoshlar qalbida vatanparvarlik tuyg‘usini kuchaytirish, milliy qadriyatlarga hurmat va yurt taqdiriga daxldorlik hissini yanada mustahkamlashga xizmat qildi, – dedi “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ boshlang‘ich kasaba uyushmasi qo‘mitasi raisi Nuriddinbek Mahmudov.

Shuningdek, tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi Ma’naviyat va madaniyat departamenti vakillari so‘zga chiqib, Qurolli Kuchlarning jamiyat hayotidagi o‘rni, uning asosiy vazifalari, harbiy xizmatning yuksak mas’uliyati va ahamiyati haqida batafsil ma’lumot berdi. Milliy armiyaning ona zaminimiz tinchligi, barqarorligi va osoyishtaligini ta’minlashdagi beqiyos xizmati alohida qayd etildi.

Ochiq muloqot tarzida o‘tgan uchrashuv davomida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilib, harbiy mutaxassislardan atroflicha javoblar oldi.  

N.Ziyodullayeva, O‘zA