Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ona Vatanimizga muhabbatni ona tilimizda aytamiz
13:24 / 2016-09-22

Harbiy-qurilish yo‘nalishidagi Samarqand akademik litseyiga o‘qishga qabul qilingan o‘quvchilar o‘zbek tili fani bo‘yicha ilk mashg‘ulotga kirganlarida o‘qituvchi ularga “Ona tili va adabiyot fanini nima uchun o‘rganamiz?” deb savol berdi.

Harbiy-qurilish yo‘nalishidagi Samarqand akademik litseyiga o‘qishga qabul qilingan o‘quvchilar o‘zbek tili fani bo‘yicha ilk mashg‘ulotga kirganlarida o‘qituvchi ularga “Ona tili va adabiyot fanini nima uchun o‘rganamiz?” deb savol berdi. O‘quvchilar turlicha fikr aytdi:

“Tilimiz va adabiyotimizning boyligini anglash uchun”;

“O‘z fikrimizni ona tilimizda izhor etish uchun”;

“O‘z ona tilini bilmagan, uni hurmat qilmagan odam boshqa tilni ham hurmat qilmaydi”;

“Menimcha, biz harbiylar ona tilida so‘zlashishni bilsak bo‘ldi. Uni chuqur o‘rganishimizga zarurat yo‘q, deb o‘ylayman. Biz ko‘proq jangovar va ruhiy tayyorgarlikni oshirishimiz lozim”.

Ana shu fikrdan so‘ng o‘qituvchi o‘zi o‘rtaga tashlagan savolga javob berish bilan birga harbiy yo‘nalishdagi litseyda o‘zbek tili va adabiyoti fanlari o‘qitilishining ahamiyati haqida so‘zladi.

– Alisher Navoiyning “Tilga ixtiyorsiz – elga e’tiborsiz” degan hikmatini hammamiz yaxshi bilamiz-a? – o‘quvchilarga yuzlandi u. – Buyuk ma’rifatparvar bobomiz Abdulla Avloniy “Har bir millatning dunyoda borlig‘ini ko‘rsatadurgan oyinai hayoti til va adabiyotidur”, deb aytgan. Mamlakatimizning Birinchi Prezidenti Islom Karimovning “Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch” asarida ana shu fikrlar umumlashtirilib, ona tiliga g‘oyat aniq va lo‘nda ta’rif berilgan: “o‘zlikni anglash, milliy ong va tafakkurning ifodasi, avlodlar o‘rtasidagi ruhiy-ma’naviy bog‘liqlik til orqali namoyon bo‘ladi. Jamiki ezgu fazilatlar inson qalbiga, avvalo, ona allasi, ona tilining betakror jozibasi bilan singadi. Ona tili – bu millatning ruhidir”.

Shuning uchun ham biz ona tilini ta’limning barcha bosqichlarida o‘rganamiz. Qaysi kasb, mutaxassislik bo‘lishidan qat’i nazar, talabalarga avvalo ona tili va adabiyot o‘qitiladi. Siz, kelgusida harbiy bo‘lishni maqsad qilgan yoshlar ham ona tilini qanchalik chuqur bilsangiz, ona Vatanimizga sadoqatingiz shunchalik kuchli bo‘ladi.

O‘qituvchi Dilafro‘z Ne’matovaning litsey birinchi kursi o‘quvchilari bilan ilk tanishuvi, dars mashg‘uloti, odatda, ana shunday kechadi. Bu suhbatdan so‘ng yoshlarning fanga qiziqishi ortib, o‘qishga munosabati o‘zgaradi. Darsdan keyingi to‘garak mashg‘ulotlarida qatnashuvchilar safi kengayadi. Harbiy yo‘nalishdagi litsey o‘quvchilarining viloyat, mamlakat miqyosida o‘zbek tili va adabiyoti fanlari bo‘yicha olimpiadalar, turli ijodiy va insholar tanlovida muvaffaqiyatli ishtirok etishi boisi ham shunda bo‘lsa, ajab emas.

– Tillar kafedrasi mudiri Dilafro‘z Ne’matova litseyimizning yuksak mahoratli, intiluvchan pedagoglaridan biri, – deydi harbiy-qurilish yo‘nalishidagi Samarqand akademik litseyi direktori Hikmatillo Norqorayev.

– 12-yildan buyon jamoamizda mehnat qilib, yosh bo‘lishiga qaramay hamkasblari o‘rtasida hurmat-e’tibor qozongan. Bunga o‘z fanini puxta bilishi, izlanuvchan va ijodkorligi bilan erishdi. O‘quvchilari har yili fan olimpiadasi va boshqa tanlovlarda muvaffaqiyatli ishtirok etadi. 2014-yilda o‘zbek tili va adabiyoti fanlaridan yaratgan “Ta’lim texnologiyasi” qo‘llanmasidan bugungi kunda mamlakatimizdagi kasb-hunar kollejlarida foydalanilmoqda. O‘tgan yili esa mamlakatimizda birinchilar qatorida o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalari o‘quvchilari uchun elektron darsliklar ishlab chiqdi. U yoshlarga o‘zbek tili va adabiyotidan bilim berish bilan birga, ularni ona Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalash, yoshlar ongi va qalbiga istiqlol g‘oyalarini singdirishga ham salmoqli hissa qo‘shmoqda.

Litsey o‘qituvchilarining aytishicha, muallimaning “O‘zbek tilida so‘z yasalishini ertak usulida o‘rgatish”, “O‘zbek tilida ko‘chma ma’nolar”, “Alisher Navoiy nasriy asarlari haqida ma’lumot” singari 50 dan ortiq dars ishlanmalari ham mutaxassislar tomonidan e’tirof etilgan. Ayni paytda u “O‘zbek tilida harbiycha so‘zlarning izohli lug‘ati”ni tuzish ustida ish olib bormoqda.

Vatanimiz mustaqilligining yigirma besh yilligi arafasida O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti Islom Karimov farmoniga muvofiq Dilafro‘z Ne’matova “Shuhrat” medali bilan taqdirlandi.

– Ushbu yuksak mukofotga sazovor bo‘lishim biz, o‘qituvchilarning mehnati davlatimizning doimiy e’tiborida ekanining ifodasi bo‘ldi, – deydi u. – Bugun o‘qituvchi mehnatiga munosib haq olayapti. Ta’lim muassasalarida yaratilgan sharoit va imkoniyatlar havas qilsa arzigulik. Litseyimiz misolida aytadigan bo‘lsam, binolarimiz 2007-yilda kapital rekonstruksiya qilinib, zamon talablari darajasiga keltirildi. Sinfxonalarimiz zarur jihozlar bilan ta’minlandi. Axborot-resurs markazida to‘qqiz mingdan ortiq darslik, badiiy va ilmiy kitoblar mavjud. Ta’lim jarayonida zamonaviy axborot texnologiyalaridan keng foydalanamiz.

Litseyimizda o‘quvchilar davlat tomonidan turar joy, oziq-ovqat bilan to‘liq ta’minlanadi. Ularning darsdan keyingi vaqti ham shu yerda o‘tadi. Bu biz o‘qituvchilardan ular bilan ko‘proq ishlash, mashg‘ulotlardan keyingi bo‘sh vaqtida turli madaniy tadbirlar uyushtirishni taqozo etadi. Shundan kelib chiqib, to‘garak mashg‘ulotlarida badiiy asarlar sahnalashtiramiz, adabiy kechalar, shoir va yozuvchilar bilan ijodiy uchrashuvlar uyushtiramiz. Bu tadbirlar bo‘lajak Vatan himoyachilarida o‘zbek tili va adabiyotiga mehr uyg‘otish, ularni mard va jasur, vatanparvar insonlar etib tarbiyalashga xizmat qilmoqda.