Sog‘liqni saqlash vazirining onalik va bolalikni muhofaza qilish bo‘yicha o‘rinbosari Elmira Basitxanova boshchiligidagi respublika ishchi guruhi Sirdaryo viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi tizimidagi tibbiyot muassasalari, jumladan, tug‘ruq va akusherlik komplekslari, ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalar faoliyati bilan tanishdi. Mavjud kamchilik va muammolar o‘rganildi.
Mazkur o‘rganishlar natijalariga bag‘ishlab o‘tkazilgan yig‘ilishda ko‘pgina masalalar, ya’ni onalik va bolalikni muhofaza etish bo‘yicha yangi tizimni yo‘lga qo‘yish, sohani transformatsiya qilish masalalari muhokama etildi.


–Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan skrining va perinatal markazlarida onalik va bolalikni muhofaza etish, mutlaqo yangi tizimni yo‘lga qo‘yish va transformatsiya qilishdan ko‘zlangan maqsadlarimiz juda katta, – dedi yig‘ilishda Elmira Basitxanova. – Sir emas, o‘tgan 30 yil mobaynida yurtimizda onalar va bolalar o‘limini oldini olish bo‘yicha bir qancha ijobiy o‘zgarishlar amalga oshirilgan. Ammo, olib borilgan ishlar xalqaro talab darajasiga javob bermagan. Shuning uchun ham onalik va bolalikni muhofaza qilish tizimini yanada rivojlantirish, xalqaro talab darajasiga yetkazish maqsadida tizimni transformatsiya qilishni davrni o‘zi talab etmoqda. Bu esa onalar va bolalarga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatni yanada yuqori bosqichga chiqarish imkonini beradi. Shunga asosan, yurtimizda, qolaversa Sirdaryo viloyatida ham skrining va perinatal xizmatlarini takomillashtirish, onalar va bolalar o‘limini oldini olish bo‘yicha mutlaqo yangicha tizimni yo‘lga quyish, bu borada aniq, bir maqsadga yo‘naltirilgan yo‘l xaritalarini ishlab chiqish, uni amaliyotga joriy etish imkonini beradi.


Yig‘ilishda onalar va bolalar o‘limini oldini olish, namunali tibbiy xizmat ko‘rsatish, birlamchi tibbiy sanitariya-profilaktika muassasalarida ishlayotgan patronaj hamshira, doya tomonidan ayollarni elektron reyestrini yuritish, doyalarni intellektual salohiyatini oshirish, malakali kadrlarga bo‘lgan ehtiyojni bartaraf etish, moddiy texnik resurs va boshqa ko‘pgina masalalar muhokama etildi.
Yig‘ilish so‘ngida soha xodimlariga qilinishi lozim bo‘lgan ishlar, uni amalga oshirish mexanizmlari to‘g‘risida maslahat va ko‘rsatmalar berildi.
Sh. Suyarov, F. Toshmatov,(suratlar) O‘zA.