Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ona va bola salomatligi doimo nazoratda
20:45 / 2022-10-17

Buxoroda Oliy Majlis Senatining Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasining ishchi guruhi tomonidan reproduktiv salomatlikni saqlash, onalik va bolalikni muhofaza qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar holati o‘rganilmoqda.

Ishchi guruh dastlab Buxoro viloyati hokimligi sog‘liqni saqlash boshqarmasida yig‘ilish o‘tkazdi. Unda soha mutaxassislari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari qatnashdi.

Ta’kidlanganidek, Prezidentimizning 2021 yil 28 iyuldagi “Sog‘liqni saqlash sohasida ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam ko‘rsatish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq Buxoro viloyatida 3 ta, jumladan G‘ijduvon, Romitan va Qorako‘l tuman tibbiyot birlashmalari negizida tumanlararo perinatal markazlarini bosqichma-bosqich tashkil etish belgilangan.

bugungi kunda viloyat aholisining 517 ming 323 nafari yoki 26 foizini tug‘ish yoshdagi ayollar tashkil etadi. Joriy holatda 33 mingdan ortiq homilador ayollar hisobga olingan. Joriy yilning 9 oyi davomida jami tug‘ruqlar soni 31 ming 244 tani tashkil etdi. Joriy yilning o‘tgan davrida tug‘ish yoshidagi 478 ming nafar ayollar tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilgan. ginekologik kasalliklar aniqlangan 187 ming 902 nafar ayollar sog‘lomlashtirilgan.

Ayollar va chaqaloqlarga yuqori malakali akusher-ginekologik yordamni yanada yaqinlashtirish maqsadida joriy yilning 1 yanvaridan Romitan, Qorako‘l va G‘ijduvon tumanlarida jami 345 shifo o‘rniga mo‘ljallangan tumanlararo perinatal markazlari faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Mobil ustunli fototerapiya apparati bilan jihozlangan. Viloyat perinatal markazi va 9 ta tuman tibbiyot birlashmasiga qarashli tug‘ruq komplekslari 34 ta kardiomonitor, 70 ta oilaviy shifokor poliklinikalari UZI hamda EKG apparatlari bilan ta’minlangan.

Viloyatdagi tug‘ruq muassasalarining moddiy texnik bazasini yaxshilash maqsadida 8 turdagi jami 80 dona zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar uchun 6 milliard 748 million so‘m mablag‘ ajratilgan. Hozirgi kunda mazkur mablag‘ tibbiyot birlashmalari tomonidan o‘zlashtirilib tug‘ruq bo‘limlari uchun tibbiy asbob-uskunalar xarid qilinmoqda.

[gallery-9163]

– So‘nggi yillarda davlatimiz rahbari tomonidan tibbiyot sohasida olib borilayotgan islohotlar, jumladan, onalar va bolalar salomatligiga alohida e’tibor qaratilmoqda, – deydi ishchi guruh rahbari, Oliy Majlis Senati a’zosi Abira Huseynova. – Senatorlar tomonidan joylarda qonunlar ijrosi bo‘yicha o‘tkazilgan o‘rganishlar va aholi bilan uchrashuvlar davomida tibbiyot sohasidagi muammolar ko‘tarilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining “Reproduktiv salomatlikni saqlash, onalik va bolalikni muhofaza qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar holatini o‘rganishni tashkil etish to‘g‘risida” gi qarori qabul qilindi. bugungi kunda ayollar va bolalarga malakali, ixtisoslashtirilgan yuqori texnologik tibbiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha respublikaning barcha hududlarida davolash-profilaktika muassasalari xizmat ko‘rsatmoqda. Respublikada homilador ayollar hamda yangi tug‘ilgan chaqaloqlar uchun barcha tug‘ruq muassasalarida maqsadli perinatal tibbiy yordam yo‘lga qo‘yilgan. Perinatal markazlarda chaqaloqlar patologiyasi va reanimatsiyasi bo‘limlari faoliyat ko‘rsatmoqda.

Mamlakatimizdagi barcha tuman (shahar) ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalaridagi perinatal skrining xonalari zamonaviy ultratovush apparati bilan jihozlangan. Natijada, homilador ayollarni skrining bilan qamrab olish imkoniyati yaratilgan. bugungi kunda onalar va go‘daklar o‘limiga daxldor bo‘lgan asosiy muammolar mavjud. Ularni bartaraf etish bo‘yicha mutaxassislarning fikrlari asosida takliflar ishlab chiqish ishchi guruhning asosiy maqsadi hisoblanadi. Homilador ayollarni homiladorlik davriga qadar sifatli tibbiy ko‘rikdan o‘tkazib, ularni sog‘lomlashtirish ishlari, istalmagan homiladorlikning oldini olish bo‘yicha xavf guruhidagi ayollar kontratseptiv vositalar va targ‘ibot amallari bilan qamrab olinishini kengaytirish, reproduktiv salomatlikni saqlash, sog‘lom turmush tarziga rioya qilish, erta va qarindoshlar o‘rtasidagi nikohlarning oldini olish bo‘yicha targ‘ibot tadbirlarining natijadorligini oshirish va boshqa shunga o‘xshash masalalarda targ‘ibot ishlarini kuchaytirishda soha vakillariga ko‘maklashishga harakat qilinmoqda.

Shu kuni senator Abira Huseynova boshchiligidagi ishchi guruh Buxoro viloyati perinatal markazi, Buxoro shahar tug‘ruq majmuasi, Romitan tumani tibbiyot birlashmalari negizidagi tumanlararo perinatal markazlarida ayollar uchun yaratilgan sharoitlarni o‘rgandi.

Ishchi-guruhning Buxoro viloyati bo‘yicha o‘rganish ishlari davom etmoqda.

Zarif Komilov, Tohirjon Istatov, (surat), O‘zA