O‘zbekiston Qizil Yarim Oy jamiyati hamda YUNISEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi hamkorligida amalga oshirilayotgan “Onalik va bolalikni himoya qilish” loyihasi doirasida respublika shahar va tumanlarda jamoatchilik va aholi o‘rtasida ma’rifiy muloqotlar o‘tkazilmoqda.
Loyiha doirasidagi navbatdagi uchrashuv Buxoro viloyati G‘ijduvon tumanida joylashgan “Dodarak” va “Qumoq” mahalla fuqarolar yig‘inida bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda mahalla aholisi, xususan, homilador ayollar va ularning oila a’zolari faol ishtirok etdi.
Tadbir davomida homilador ayollarning tug‘ruqqa qadar bo‘lgan davrda shifokor nazoratida bo‘lishi, belgilangan 8 ta tibbiy ko‘rikdan o‘z vaqtida o‘tishi shartligi alohida ta’kidlandi. Bu ko‘riklar ona va bola salomatligini ta’minlash, asoratlarni barvaqt aniqlash hamda sog‘lom bola dunyoga kelishida muhim ahamiyatga egaligi qayd etildi.
Shifokor-ekspert O.Hojiyeva tomonidan har bir tibbiy ko‘rikning maqsadi, uning ahamiyati va natijalari batafsil tushuntirib berildi. Mutaxassis homiladorlik davrida to‘g‘ri ovqatlanish, sog‘lom turmush tarziga rioya qilish hamda tibbiy tavsiyalarga amal qilish bo‘yicha ham qimmatli maslahatlar berdi.
Uchrashuv yakunida homilador ayollar va ularning qaynonalari tomonidan berilgan savollarga mutaxassislar tomonidan to‘liq va atroflicha javoblar berildi. Bunday ochiq muloqotlar aholining tibbiy madaniyatini oshirish, onalik va bolalikni himoya qilish borasida jamiyatda mas’uliyatni kuchaytirishga xizmat qilmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA