Buxoro shahridagi “Avshormahalla” mahalla fuqarolar yig‘inida “Ona uyi” resurs markazining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Unda viloyat hokimi Botir Zaripov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktori Mansurbek Olloyorov, Qozog‘istondagi “Ona uyi” (“Ana Uyi”) ijrochi direktori Ajarkul Klishbayeva, keng jamoatchilik vakillari, mahalla faollari va ommaviy axborot vositalari vakillari qatnashdi.


Tadbirda so‘z olganlar yurtimizda ijtimoiy himoya yo‘nalishida amalga oshirilayotgan ishlar, ona va bola salomatligi, ularning ijtimoiy muhofazasi borasida amalga oshirilayotgan ishlar xususida to‘xtaldi. Shundan so‘ng tadbir qatnashchilari “Ona uyi”da yaratilgan qulayliklar bilan tanishdi.
“Ona uyi” markazi qiyin ijtimoiy vaziyat va turli salbiy holatlarda onalarga bolalarini o‘zlari tarbiyalash imkonini berish orqali yordam beradi. Markazda ularga ma’naviy, psixologik va moddiy yordam ko‘rsatiladi hamda ushbu yordam barcha zarur narsalar, xususan, uy-joy, oziq-ovqat, kiyim-kechak, shuningdek, ayol va bola uchun tibbiy yordamni o‘z ichiga oladi.


Zarif Komilov, O‘zA muxbiri