Buxoroda viloyat oila va xotin-qizlar boshqarmasi tashabbusi bilan “Ona – ulug‘ ustoz, ona – ulug‘ tarbiyachi” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.
“O‘zbekiston – 2030” strategiyasini amalga oshirish va uning maqsadli ko‘rsatkichlariga erishish, xotin-qizlar o‘rtasida jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish, oilalar mustahkamligini ta’minlash, oilada farzand tarbiyasi, kitobxonlik va ma’naviyat sohasiga oid fikr-mulohazalari bildirildi.
– Ko‘pchilik oilalarda ayol bosh tarbiyachi ekanini tan olsa-da, bu masalaga jiddiy qaramaydi, – deydi viloyat hokimining o‘rinbosari Feruza Ibragimova. – Aksar oilalarning hayot tarziga nazar tashlasak, uyning saranjomligi, ovqatning mazasi, kiyimlarning orastaligi kabi masalalar farzandining qanday sharoitda katta bo‘layotganidan ko‘ra muhimroq. Bunday ota-onalarning ilmiy asosi bo‘lmagani sababli bolaning yaxshi kiyingani, o‘ziga qarab yurishi, hech kimga xalaqit bermay o‘tirishi, birovlarning oldida uyatga qoldiradigan biror ish qilmasligi ularga yetarli hisoblanadi. Aslida bolaning jismoniy holati bilan birga ruhiyati ham muhim ahamiyatga ega. Bolaga ma’naviy ozuqa berish, uni kuniga uch mahal taomlantirishdan ham zarurroq ekanini anglab yetgan ona farzandiga sog‘lom tarbiya berish uchun qadam qo‘ygan bo‘ladi. Albatta, bu ish o‘ziga yarasha ilm-malakani talab etadi. O‘tkazilayotgan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarning bosh maqsadi ham shunda.
Viloyatning barcha shahar va tumanlarida faol ayollar, jamoat tashkilotlari, mahalla, ta’lim tizimi mutasaddilari ishtirokida o‘tkazilayotgan tadbirlarda interaktiv usulda ma’naviy-ma’rifiy, ijtimoiy sohalarda dolzarb bo‘lib turgan masalalarga e’tibor qaratildi.
Kogon shahri, Kogon va Vobkent tumanlarida tashkil etilgan tadbirlarda O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti professori Sayyora To‘ychiyeva, O‘zbekiston davlat filarmoniyasi solisti Ozoda Yorova, Jondor, Qorako‘l, Olot tumanlarida tashkil etilgan tadbirlarda Ichki ishlar akademiyasi professori Gulchehra Matkarimova, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Hurriyat Isroilova ishtirokida ayolning jamiyatdagi o‘rni, oilalar mustahkamligini ta’minlash, oilada farzand tarbiyasi, kitobxonlik va ma’naviyat sohasiga oid ko‘plab masalalar ham muhokama qilindi. Bu borada taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat),
O‘zA muxbirlari