Tahlil va taklif
"Tilga hurmat – onaga hurmat", "Til bor – millat bor...", degan tushunchani bugun qalblarga singdirish muhim bo‘lgan zamonda yashayapmiz. Davlat boshqaruvining har qanday bo‘g‘inlarida, yurtdoshlarimizning qayerda yashashidan qat’i nazar, ona tilimiz taraqqiyoti uchun kurashishimiz muhimdir.
Bu borada e’tibor qilishimiz, isloh etishimiz lozim bo‘lgan jihatlar hali talaygina. Shular haqida Navoiy davlat pedagogika instituti katta o‘qituvchisi, filologiya fanlari nomzodi, dotsent O‘ralboy ORIPOVning fikrlari bilan qiziqdik.
– Muhtasham «Kongress-xoll» saroyida 2019 yilning 21 oktyabr kuni o‘zbek tiliga Davlat tili maqomi berilganining o‘ttiz yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimda Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirok etib, "Ona tilimiz – milliy ma’naviyatimizning bitmas-tuganmas bulog‘idir. Shunday ekan, unga munosib hurmat va ehtirom ko‘rsatish barchamizning nafaqat vazifamiz, balki muqaddas insoniy burchimizdir", deb ta’kidlagan edilar. Shu bois ona tilimizga oid manbalarni o‘qib o‘rganish, milliy tilimiz taraqqiyoti va kelajagi uchun qayg‘urmoq barchamizning eng muhim vazifamizdir, – deydi O‘ralboy Oripov. – Qolaversa, 21 oktyabr sanasi yurtimizda «O‘zbek tili bayrami» kuni, deb belgilandi. Bu sana keng nishonlanmoqda.
Birlashgan Millatlar Tashkilotida ikki marotaba davlatimiz rahbarining o‘z ona tilimizda qilgan ma’ruzalari bizga ruh, ona tilimizga esa yanada hurmat tuyg‘usini shakllantirdi. Bu shunchaki, oddiy gap emas. Jahon minbarida baralla yangrayotgan ona tilimizni asrashimiz, uning taraqqiyoti uchun barchamiz birdek harakat qilmog‘imiz lozim.
– Soha mutaxassisi sifatida fuqarolarimizning ona tiliga munosabati, e’tibor qilishi lozim bo‘lgan muhim jihatlarni nimada ko‘rasiz?
– Yurtimizning ko‘pgina hududlarida ona tiliga munosabat, uning og‘zaki va yozma shakllaridan foydalanish darajasini qoniqarli, deya olmaymiz. Shaharlardagi peshlavhalarda, turli davlat va xususiy tashkilotlarga osilgan e’lonlarda ko‘plab imloviy, punktuatsion, shu bilan birga, ona tilimizdagi so‘zlarni har xil yozish va chet tilidan kirgan so‘zlar bilan aralashtirib bitish holatlari uchraydi.
Masalan, Navoiy shahrida joylashgan pishiriq do‘konlaridan birida "Al-Jasur cake" deb yozilganiga ko‘zim tushgan. Bu arabchami, o‘zbekchami yo inglizchami, anglab bo‘lmaydi. Turli do‘konlar, ayollar va erkaklar salon hamda sartaroshxonalariga bitilgan – "Pinko shop Linza_navoi", "Matluba Woman boutique", “Marva" "Jadem premium boutique", “Renzo rinaldi milano", “SM margo boutique”, “incco Make the World in Your Hands ingco Navoi”, “Brandomaniya_uz boutique”, “Vestido”, “COSMOS TOUR”, “Beauty salon ideal”, “La sposa”, “White men boutique house”, “Joni”, “Romano botta” kabi so‘zlarni deyarli ko‘plab shaharlarimizda uchratishimiz mumkin.
Mana bu holatda esa zargarlik tashkilotlaridan biriga "Fonon birinchi zargarlik zavodi" deb nom berilgan. Bu yerda inglizcha so‘zning pastiga o‘zbekcha so‘zlar yozilgan. Aslida bu yerga ham bir tilga doir so‘z yozilishi kerak. Avvalo, yozilgan barcha so‘zlar o‘zbek tilida bo‘lishi kerak va qonunga muvofiq tarjimasi boshqa tillarda berilishi mumkin.
Yana bir savdo do‘koniga “Hik vision red eye barcha turdagi kuzatuv kameralari spasibo, chto vыbrali nas” deb yozib qo‘yilgan. Bu yerda bitta reklama nom uchun uch xil tildan foydalanilgan, aslida hammasini o‘zbek tili va yozuvida bitish maqsadga muvofiq bo‘ladi.
Insonlar qalbida ona tiliga hurmat uyg‘otish, tilni muqaddas bilib, uni kamsitmaslik uchun bir qator taklif va mulohazalar bildirishni lozim topdik.
Avvalo, ona tilimizni hurmat qilish, davlat tili haqidagi qonun hujjatlariga to‘g‘ri rioya etish uchun jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, barcha jabhalarda davlat tilida ish yuritish, keng muloqot tili tarzida foydalanishni tashkil etish lozim. Shuningdek, ta’lim muassasalari, ayniqsa, umumta’lim maktablarida o‘zbek tili (ona tili) darslarini guruhlarga bo‘lgan holda tashkil etish, imlo qoidalarini buzganlik uchun jazo belgilash, sud-huquq sohasida davlat tili bo‘yicha alohida nazorat o‘rnatish bugungi islohotlarga yanada kamarbasta bo‘lar edi.
E’tibor qilishimiz lozim bo‘lgan yana bir taklif esa televideniye, radio va boshqa ommaviy axborot vositalaridagi mutaxassislar faoliyatining davlat tiliga mosligini nazorat qilish, yozma nashrlarning davlat tiliga mosligini chuqur o‘rganish, sport, turizm sohasida ham davlat tilida ish yuritish, muloqot qilishni kuchaytirish, turli korxona va tashkilotlardagi yozuvlar va tilga munosabatni nazoratga olishni muhim jihat, deb bilaman.
Bu kabi jihatlarga alohida e’tibor qaratilsa, ona tilimiz yanada shaffof rivojlanadi. Dunyo miqyosiga chiqishi jadallashadi. Ona tilini himoya qilish ona Vatanni himoya qilish bilan barobardir. Vatanimizni va ona tilimizni asraylik!
O‘zA muxbiri
Abdulaziz Rustamov
suhbatlashdi.