Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ona tilimizning rivoji uchun yana bir muhim qadam
11:39 / 2025-10-23

O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganiga 36 yil to‘ldi. Ushbu shukuhli kunlarda mamlakatimiz Prezidenti “Davlat tilini rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi.

Bu qaror O‘zbek tili bayramiga munosib tuhfa bo‘ldi. E’tirof etish kerakki, xalqimiz va davlat tilining barcha jonkuyarlari bu qarorni juda katta quvonch bilan kutib oldi. 

Shu o‘rinda ta’kidlash joiz, qarordagi bir norma ba’zi yurtdoshlarimiz tomonidan noto‘g‘ri talqin qilinyapti. Xususan, qarorning 100-bandida 2026 yil 1 yanvardan boshlab respublika darajasidagi davlat organlari va xo‘jalik birlashmalarining markaziy apparatlarida hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar, tuman (shahar) hokimliklarida boshqaruv xodimlarining belgilangan umumiy cheklangan soni doirasida rahbarning ma’naviyat va davlat tili masalalari bo‘yicha maslahatchisi lavozimi joriy etilsin, deyiladi. 

Shu o‘rinda bir narsani tushunish lozim. Bu band yangi lavozim joriy qilinayapti, degan tushunchani bermasligi kerak. Ya’ni, davlat  tashkilotlarida davlat tili maslahatchilarining rasmiy lavozim nomi uzunligi bois “rahbarning ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini ta’minlash masalalari bo‘yicha maslahatchisi” degan jumla qisqarib, “rahbarning ma’naviyat va davlat tili masalalari bo‘yicha maslahatchisi” deb o‘zgartirildi. 

Ikkinchidan, bu lavozim davlat boshqaruv organlarida va hokimliklarda ilgari bor edi va ma’muriy islohotlar paytida ayrim tashkilotlar va muassasalarda qisqargan edi. Endi respublika darajasidagi boshqaruv organlarining barchasida maslahatchi lavozimi joriy etilishi belgilanyapti.  Chunki, respublika tashkilotlarida davlat tilining ijrosi bo‘yicha  ishlar ko‘ngildagidek emas edi. Ushbu sababdan  mazkur lavozim qayta joriy etilayapti. Shuningdek, yangi shtatlar berilmaydi, balki, har bir tashkilot bu lavozimni o‘zining mavjud cheklangan shtatlari doirasida joriy qiladi. O‘ylaymanki, qonun bilan himoyalangan ushbu qadam ham ona tilimizning g‘alabasi uchun yana bir muhim bosqich. O‘zbek tili bayrami doirasida bu qarorning hayotimizga tatbiq etilishi nur ustiga a’lo nur bo‘ldi! 

Qarorga 2026  yilning 1 iyuniga qadar ko‘p jildli "O‘zbekiston milliy qomusi"ni tayyorlash va e’lon qilish bo‘yicha normativ huquqiy hujjat loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritish, 2026 yilning 1 dekabriga qadar esa "Ona tili. Qomus" kitobini nashrga tayyorlash va chop etish masalasi kiritilganini ko‘rib juda xursand bo‘ldim. 

Yoki davlat tilining axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalariga faol integratsiyalashuvini ta’minlash borasida Raqamli texnologiyalar vazirligi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Fanlar akademiyasi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2026 yil 1 mayga qadar o‘zbek tilini sun’iy intellekt yordamida qo‘llab quvvatlashga xizmat qiladigan platforma ishlab chiqish bo‘yicha ham normativ huquqiy hujjat loyihasini tayyorlab, Vazirlar Mahkamasiga kiritishi belgilangani ham bugungi texnika asrida juda muvaffaqiyatli jarayonlarga sabab bo‘lishiga ishonaman. Ona tilimizning nufuzi yanada yuksalaversin. Bu jarayonda  bo‘layotgan ijobiy o‘zgarishlarni esa shu millatning bir farzandi va mutassadi vakili sifatida cheksiz olqishlayman.

Akmaljon Ro‘zitoyev,

Toshkent shahar hokimining 

Ma’naviyat va davlat tili masalalari 

bo‘yicha maslahatchisi

O‘zA