Ona tilimizning sofligi va jozibasini saqlashda mamlakatimiz zahmatkash olimlarining xizmatlari beqiyosdir. Filologiya fanlari doktori, professor Nizomiddin Mahmudov o‘zbek tili ravnaqiga beminnat hissa qo‘shib kelayotgan ana shunday zahmatkash olimlarimizdan sanaladi.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida ustoz olim Nizomiddin Mahmudov tavalludining 75 yilligiga bag‘ishlangan adabiy anjuman tashkil etildi.
Mazkur tadbirga olimlar, mamlakatimizning ijodkor ziyolilari, so‘z san’ati muxlislari taklif qilindi.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, O‘zbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyid o‘zbek tilini asrab-avaylash, uning mavqei va maqomini saqlashda jonkuyar olim Nizomiddin Mahmudov singari olimlarning mehnati beqiyos ekanini ta’kidladi.
– Nizomiddin Mahmudov g‘oyat talabchan va fidoyi rahbar, – dedi O‘zbekiston Fanlar akademiyasi O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti direktorining o‘rinbosari, filologiya fanlari doktori, professor Maqsud Asadov. – Nizomiddin akaning 2010 yildan keyingi faoliyati bizning institutimiz bilan bevosita bog‘liqdir. Ustoz boshchiligida 6 jildlik “O‘zbek tilining izohli lug‘ati”, 4 jildlik “Alisher Navoiyning ensiklopediyasi” va boshqa ko‘plab ilmiy-ma’rifiy kitoblar tayyorlanib, nashr etildi. Tilshunoslikning bir necha yo‘nalishlarida muhim tadqiqotlar olib borildi. Olimning so‘z tanlash mahorati, asarlarning badiiy xususiyatini ochib berish salohiyati tahsinga loyiq. Uning ilmiy-tahliliy maqolalari maroq bilan o‘qiladi. Nizomiddin Mahmudov ilmiy rahbarlik borasida ham salmoqli ishlarni amalga oshirgan. Mingga yaqin ilmiy maqolalar e’lon qilgan olimning izlanishlari xorijda ham yuksak e’tirof etiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat tilini rivojlantirish departamenti rahbari Nodir Jonuzoq Nizomiddin Mahmudov umri davomida sharafli, mas’uliyatli, zahmatli yo‘lni sadoqat bilan bosib o‘tganini e’tirof etdi.
– Har qanday milliy adabiyotning asosi bu milliy tildir, – dedi Nodir Jonuzoq. – Tilshunoslarning katta xizmatlari shundaki, ona tilimizni bog‘bon kabi asrashga katta e’tibor qaratib kelmoqdalar. Yuzlab ilmiy kitoblar, risolalar, shuningdek ko‘plab ilmiy maqolalar yozdilar. Ustoz Nizomiddin Mahmudovning har bir maqolasida tilshunoslikka oid mo‘’jizani ko‘rish mumkin. Ayni paytda domla maqolalariga juda topqirlik bilan, qofiya va ohangini topib nom qo‘yadilar. Prezidentimiz tilimiz rivojiga ulkan e’tibor qaratayotgan shunday bir davrda Nizomiddin aka bu yo‘nalishdagi ishlarga munosib hissa qo‘shib kelayotgani diqqatga sazovordir.
– Nizomiddin aka o‘zbek tilining darg‘asi, atoqli olim, – dedi Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat O‘zbek tili va adabiyoti universiteti rektori, akademik, navoiyshunos olim Shuhrat Sirojiddinov. – 90-yillardan buyon ona tilimizni saqlash borasida qanday kurash ketayotgan bo‘lsa, Nizomiddin aka ushbu sohaning tolmas kurashchisi. Zamonaviy o‘zbek tilida shunday maktab yaratganki, yuzlab shogirdlar aynan shu ma’naviy muhitda kamolga yetdilar.
Ma’rifiy anjumanda ustoz olim va ijodkor Nizomiddin Mahmudovning ilmiy faoliyati xususida batafsil so‘z yuritildi. Zahmatkash olimga esdalik sovg‘alari topshirildi.
Nazokat Usmonova, Oybek Pardayev (surat), O‘zA