French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ona tilimizni asrash – har birimizning burchimiz
14:54 / 2025-10-20

Kinematografiya agentligida O‘zbek tili bayrami kuniga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Kinematografiya agentligi direktori, atoqli adabiyotshunos olim, professor, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi Shuhrat Rizayev o‘zbek tili tarixi va rivojlanishi, bu yo‘lda jadidlarimizning jasoratlari haqida to‘xtaldi.  

– Biz kinoijodkorlar yaratayotgan har bir filmlarimiz orqali o‘z ona tilimiz – o‘zbek tilini yanada rivojlantirishga, uning mavqeini oshirishga xizmat qilishimiz zarur, – dedi Kinematografiya agentligi bosh direktori Shuhrat Rizayev. – Quvonch bilan aytish kerakki, bu boradagi amaliy ishlar hammamizning birdamligimiz asosida amalga oshmoqda. Xususan, Prezidentimiz tashabbusi bilan yaratilayotgan “Tirik tarix” dasturi doirasidagi badiiy, badiiy-publitsistik filmlar ona tilimizning boyligi, o‘ziga xos jozibasini namoyish etishga xizmat qilmoqda. O‘tgan davr mobaynida yaratilgan “Bahodir Yalangto‘sh”, “Ajiniyoz”, “Maxtumquli”, “Ulug‘ Amir va donna Mariya” kabi tarixiy filmlar fikrimizning yorqin misoli. Ayni paytda suratga olish jarayoni qizg‘in olib borilayotgan “Yulduzlar shu’lasi: Jomiy va Navoiy” tarixiy badiiy filmi orqali esa ulug‘ mutafakkir va buyuk shoir, turkiy tilda ko‘p va xo‘b she’rlar yozgan hazrat Alisher Navoiyning siymosini aks ettirib, ona tilimizga bo‘lgan muhabbatni yana bir bor tarannum etishga urinmoqdamiz. Shunday ekan, yaratilajak har bir asar, jumladan kinoloyiha orqali milliy tilimizni ulug‘laylik va e’zozlaylik. Zero, ona tiliga bo‘lgan munosabat ona yurtga bo‘lgan munosabat bilan teng.  

E’tirof etilganidek, har bir xalqning ona tili millatining ruhi, davlatining timsoli ekanini e’tiborga olgan holda, uni asrash va rivojlantirish har bir millatdoshimizning ham burchidir. Binobarin, o‘zbek tilini rivojlantirish, davlat tili sifatidagi o‘rnini va nufuzini yanada mustahkamlashdek mas’uliyatli vazifa barchamizning oldimizda eng muhim hayotiy masala.

Atoqli adib, jadidchilik harakatining yetuk vakili Abdulla Qodiriy ona tilimiz borasida kuyunib: “O‘zbek tili kambag‘al til emas, balki o‘zbek tilini kambag‘al deguvchilarning o‘zi kambag‘al. Ular o‘z nodonliklarini o‘zbek tiliga to‘nkamasinlar” degan edi.  

Ona tili yashasa, millat yashaydi. Agar biz tilimizning ko‘rkamligi, boyligini milliy filmlarimiz orqali dunyoga tarannum etsak, millatimiz sha’nini yanada yuksaltirgan bo‘lamiz.

Shundan so‘ng, Kinematografiya agentligi direktorining davlat tili masalalari bo‘yicha maslahatchisi Dilfuza Turdiboyeva so‘zga chiqib, so‘nggi yillarda yurtimizda olib borilayotgan til siyosati, Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosiga o‘tish jarayonlari va bu borada davlat xizmatchilarining o‘rni haqida gapirdi.  

Shu bilan birga, O‘zbek tili bayrami kuni munosabati bilan Kinematografiya agentligi tomonidan o‘tkazilgan tadbirlar haqida ham qisqacha ma’lumot berdi.

Yig‘ilish yakunida Kinematografiya agentligi rahbariyati tomonidan O‘zbek tili bayrami munosabati bilan o‘tkazilgan “Ommaviy diktant” aksiyasida eng yaxshi natija ko‘rsatgan xodimlar taqdirlandi.

N.Usmonova,

O‘zA muxbiri