English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ona tilimizga bo‘lgan ehtirom va sadoqat ifodasi
17:18 / 2025-10-20

Millatning eng ulug‘ ma’naviy qadriyatlaridan biri sanalgan ona tili – xalqimizning tarixi, madaniyati va milliy g‘ururini ifoda etuvchi benazir boylik. O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzini yuksaltirish, uning jamiyat hayotining barcha sohalarida to‘laqonli tatbiq etilishini ta’minlash mamlakatimizda ustuvor yo‘nalish hisoblanadi.

Mamlakatimizda har yili 21 oktyabr – O‘zbek tili bayrami kuni sifatida keng nishonlanishida ham ana shunday ezgu maqsadlar bor. Shu kunlarda “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ tizimidagi korxonalarda “Qadring baland bo‘lsin, ona tilim!” shiori ostida qator ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazilmoqda.

Jumladan, Navoiy va Angren issiqlik elektr stansiyalarida ishchi-xodimlar o‘rtasida yozma savodxonlikni oshirishga qaratilgan diktant tanlovi tashkil etildi. Tadbirda sex va bo‘limlar, texnologik uchastkalar va boshqaruv apparatida faoliyat yuritayotgan 100 nafardan ortiq xodim faol ishtirok etdi. Tanlov Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti huzuridagi davlat muassasasining malakali mutaxassislari tomonidan olib borildi va baholandi. 

“Issiqlik elektr stansiyalari” aksiyadorlik jamiyati axborot xizmati rahbari Muhammadjon Bekmuhammedovning qayd etishicha, o‘zbek tilining nufuzini oshirish, uning haqiqiy hayotiy qudratga ega bo‘lishi uchun muttasil sharoit yaratib kelinmoqda. 

– Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri bo‘lgan o‘zbek tili xalqimiz uchun milliy o‘zlik va mustaqil davlatchilik timsoli, bebaho ma’naviy boylik, mamlakatimizning siyosiy-ijtimoiy, ma’naviy-ma’rifiy taraqqiyotida g‘oyat muhim o‘rin egallab kelayotgan buyuk qadriyat hisoblanadi. Shu sababli, “Davlat tili haqida”gi qonunning amaldagi ta’sirini kuchaytirish, jamiyatda savodxonlikni oshirish, til madaniyatini yuksaltirish bugungi kunda muhim vazifalardan biridir. Shu nuqtai nazardan qaralganda, ushbu diktant tanlovi nafaqat bilim sinovi, balki ona tilimizga bo‘lgan ehtirom va sadoqat ifodasi bo‘ldi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Bunday loyihalar xodimlar o‘rtasida ma’naviy muhitni mustahkamlash, davlat tilini rivojlantirishga qaratilgan islohotlarga munosib hissa qo‘shishga xizmat qilmoqda, – dedi M.Bekmuhamedov. 

Tanlov yakuni bo‘yicha Navoiy va Angren IESlarda g‘olib va sovrindorlar aniqlandi. Tashkiliy qo‘mita tomonidan birinchi, ikkinchi va uchinchi o‘rin sohiblariga diplom va esdalik sovg‘alari topshirildi. 

N.Ziyodullayeva, O‘zA