Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ona tilimizga bag‘ishlangan yangi nashrlar taqdimoti o‘tkazildi
11:10 / 2023-01-11

Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasida “Ona tilim – mangu makonim”, “Davlat tilida ish yuritish”, “O‘zbekiston joy nomlarining izohli lug‘ati” nomli kitoblar taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Taqdimot Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbek tilini rivojlantirish jamg‘armasi, Fanlar akademiyasi va Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi bilan hamkorlikda tashkil etildi.  

“O‘zbekiston joy nomlarining izohli lug‘ati” nashri ilmiy va ko‘pgina mashhur olimlarning fikrlari ham inobatga olingan holda tuzilgan.  

Mazkur lug‘at nihoyatda boy ma’lumotlarga ega bo‘lib, mukammal tarixiy asarlar asosida jamlangan. Lug‘atda bunday yondashuv asosan o‘tmishdagi joy nomlarini aniqlash va belgilab olish hamda kelgusida shu sohada ilmiy tadqiqot olib boruvchi izlanuvchilar uchun zamin hozirlash, eng asosiysi, yoshlarga ushbu nomlarning ma’nolarini bekamu ko‘st yetkazish maqsadi qo‘yilgan.  

Taqdimot tadbirida “Davlat tilida ish yuritish” kitobi to‘g‘risida ham batafsil so‘z yuritildi. “Davlat tilida ish yuritish” amaliy qo‘llanmasining 2022 yilgi nashri o‘zbek-kirill yozuvidagi to‘ldirilgan, takomillashtirilgan tegishli nashr asosida tayyorlangan. Ayniqsa, ushbu nashrning lotin yozuvidagi o‘zbek tili alifbosiga asoslangan 9-nashri 2023 yil barcha vazirlik va idoralarda ish yuritishda muhim o‘rin egallashi shubhasiz.  

“Ona tilim – mangu makonim” kitobi ona tilimiz – o‘zbek tili to‘g‘risida vasf etilgan she’rlardan tashkil topgani bilan ahamiyatlidir. Unda Alisher Navoiy, Mihammadrizo Ogahiy, Abdulla Avloniy, Avaz O‘tar, Elbek, Botu, Mirtemir, Shuhrat, Erkin Vohidov, Jamol Kamol, Abdulla Oripov, Halima Xudoyberdiyeva, Xurshid Davron, Muhammad Yusuf, Sirojiddin Sayyid, Iqbol Mirzo va boshqa ko‘pgina shoirlarning she’rlaridan jamlangan.  

Ushbu to‘plam, ayniqsa, ona tiliga bag‘ishlab she’r yozuvchi yoshlarga va barcha she’riyatga qiziquvchilarga mo‘ljallangan.  

“Axborot texnologiyalari atamalarining izohli lug‘ati” alifbo tartibida joylashtirilgan 10 mingga yaqin atamani o‘z ichiga oladi. Unda lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosidagi atamalar, ularning ta’riflari hamda shu atamalarning ingliz va rus tilidagi muqobillari keltirilgan.  

Mazkur lug‘atdan axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalari sohasida faoliyat yurituvchi mutaxassislar, ilmiy xodimlar, tegishli ixtisoslikdagi talabalar va aspirantlar, shuningdek, AKTga qiziquvchilar foydalanishi mumkin.  

Tadbirda shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbek tilini rivojlantirish jamg‘armasi yetakchi mutaxassisi Sherzod Karimjonov, O‘zbekiston qozoq milliy madaniy markazi raisi Serikbay Usenov, Respublika tojik milliy madniy markazi rais o‘rinbosari Nasiba Zayniddinovalar ham o‘z ma’ruzalari bilan ishtirok etdi.  

Tadbirning badiiy qismida milliy madaniy markazlar badiiy dasturi namoyish etildi.  

 

O‘zA