Prezidentimizning 2020 yil 20 oktyabrdagi “Mamlakatimizda o‘zbek tilini yanada rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq “O‘zbek tilining izohli lug‘ati”, “O‘zbek tili sinonimlarining katta izohli lug‘ati” hamda “O‘zbek tili frazeologik lug‘ati” tayyorlandi.
Milliy matbuot markazida mazkur lug‘atlarga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti direktori, filologiya fanlari doktori, professor Nizomiddin Mahmudov, filologiya fanlari doktori, professor Durdona Xudoyberganova va boshqalar tilshunoslik yer yuzidagi eng qadimiy va hamisha dolzarb fan ekanini ta’kidladi.
O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti olimlari tayyorlagan olti jildli “O‘zbek tilining izohli lug‘ati” lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosida tayyorlangan dastlabki nashr sanaladi.
Lug‘at hozirgi o‘zbek adabiy tilida keng iste’molda bo‘lgan 80 mingdan ortiq so‘z va so‘z birikmalarini, fan, texnika, san’at va madaniyat sohalariga oid terminlarni, shevalarda qo‘llaniladigan so‘zlarni, ba’zi tarixiy va eskirgan atamalarni o‘z ichiga olgan.
Lug‘atda berilgan so‘zlarning amalda qo‘llanilishi XX asr hamda XXI asrning dastlabki davri o‘zbek adabiyoti va matbuotidan olingan misollar bilan dalillangan.
Lug‘at mutaxassislar, tarjimonlar, ommaviy axborot vositalari xodimlari, oliy ta’lim maskanlarining o‘qituvchilari, talabalar, shuningdek, keng o‘quvchilar ommasi uchun mo‘ljallangan.
“O‘zbek tili sinonimlarining katta izohli lug‘ati”ni yaratish o‘zbek tilshunosligi oldidagi muhim vazifalardan biri edi. O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti olimlari tomonidan tuzilgan “O‘zbek tili sinonimlarining katta izohli lug‘ati” ona tilimizning boyligi hisoblangan leksik sinonimlarning keng qamrovli leksikografik talqinidir.
Lug‘atdan nainki adabiy tilga, balki o‘zbek xalq shevalari hamda tarixiga oid sinonim so‘zlar ham o‘rin olgan.
Bu esa o‘zbek tili sinonimlari haqida keng va to‘liq tasavvur hosil qilishga imkon beradi.
“O‘zbek tili frazeologik lug‘ati” esa Vazirlar Mahkamasining ma’naviyat va davlat tilini rivojlantirish masalalari departamenti, O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti, Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi bilan hamkorlikda 2022 yilda G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyot - matbaa ijod uyida chop etilgan.
Ushbu lug‘at Sh.Rahmatullayev, N.Mahmudov, Z.Xolmanova, I.O‘razova, K.Rixsiyeva hammuallifligida chop etilgan.
Ushbu lug‘at adabiy til va shevalarda, mumtoz tarixiy manbalarda mavjud iboralar tizimini o‘z ichiga oladi. Lug‘atni yaratishda frazeologizmlar shakllanishi, rivojlanishi, tarixiy taraqqiyotiga oid ilmiy tadqiqot natijalari, monografiyalardan foydalanilgan.
N.Usmonova, O‘zA