Prezidentimizning yaqindagina qabul qilgan “Davlat tilini yanada rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ona tilimizni ravnaq toptirishda yangi bosqichni boshlab berishi bilan ahamiyatlidir.
Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti rektori, akademik, atoqli navoiyshunos olim Shuhrat Sirojiddinov mazkur qarorning ahamiyati yuzasidan quyidagi fikrlarni bildirdi:
– 21 oktyabr sanasi 1989 yildan buyon biz uchun alohida ahamiyatga ega bo‘lib kelayotgan edi. Aynan shu kuni “Davlat tili haqida”gi qonun qabul qilinib, ona tilimiz davlat tili sifatida e’tirof etilgani bilan bu sana bizga qadrli edi.
Ammo 2019 yildan buyon bu sananing qadri, ahamiyati biz uchun bir necha barobar oshib ketdi, desam, o‘ylaymanki, ko‘pchilik bu fikrimga qo‘shiladi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi bilan 21 oktyabr “O‘zbek tili bayrami kuni” deb belgilangani va davlat tilining jamiyatdagi nufuzi va mavqeini oshirishga qaratilgan qator tarixiy farmon va qarorlarning qabul qilingani o‘zbek tili taraqqiyoti tarixida yangi yuksalish davrini boshlab berdi.
O‘tgan qisqa fursatda salmoqli ishlar amalga oshirilganiga barchamiz guvohmiz. Vazirlar Mahkamasi tuzilmasida Davlat tilini rivojlantirish departamenti hamda O‘zbek tilini rivojlantirish jamg‘armasi tashkil etildi, 2020-2030 yillarda o‘zbek tilini rivojlantirish hamda til siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi va davlat dasturi qabul qilindi.
Shu asosda vazirlik va idoralarda ish yuritishni davlat tilida amalga oshirish, ta’lim muassasalarida o‘zbek tilini o‘qitish ishlarini takomillashtirish, turli qo‘llanma va lug‘atlar yaratish, geografik ob’ektlar nomalarini davlat tili talablariga muvofiqlashtirish, yangi so‘z va atamalarning o‘zbek tilidagi muqobilini tasdiqlash kabi yo‘nalishlarda tizimli ishlar yo‘lga qo‘yildi.
Alisher Navoiy nomidagi o‘zbek tili va adabiyoti universiteti huzurida tashkil etilgan Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazi ham bu jarayonda faol ishtirok etib kelmoqda. Xususan, o‘tgan yillarda markazimizda 45 mingga yaqin davlat xizmatchilarining davlat tili bo‘yicha malakasi oshirilib, boshqa tillarda so‘zlashuvchi aholi uchun bepul kurslar tashkil etib kelinmoqda.
Bir so‘z bilan aytganda, so‘nggi yillarda davlatimiz rahbarining jiddiy e’tibori va sa’y-harakati bilan o‘zbek tilining davlat tili sifatidagi siyosiy-huquqiy, iqtisodiy-ijtimoiy maqomi tiklandi. Ona tilimiz nafaqat mamlakatimizda, balki xalqaro minbarlarda ham baralla yangramoqda.
Kuni kecha qabul qilingan tarixiy qaror esa xalqimizga yana bir ulkan bayram tuhfasi bo‘ldi, desam, yanglishmayman. Davlatimiz rahbarining ona tilimizning nufuzini yanada ko‘tarish va uning maqomini mustahkamlash borasidagi ushbu yuksak e’tibori va g‘amxo‘rligi uchun barcha ziyolilarimiz, tilimiz fidoyilari nomidan chuqur minnatdorlik bildiraman.
Mazkur qaror shu yo‘nalishda olib borilayotgan zalvorli amaliy harakatlarni yangi bosqichga ko‘tarishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir. Jumladan, qarorda qayd etilgan muhim masalalardan biri – yurtimizda va xorijda o‘zbek tilini o‘rganish uchun o‘quv markazlari va o‘zbek tili kurslarini ochish masalasi ayni zamonda juda dolzarb hisoblanadi. Bu nafaqat boshqa davlat fuqarolari uchun, eng avvalo, xorijda faoliyat yuritayotgan vatandoshlarimiz uchun o‘ta muhimdir.
Yaqinda – 14 oktyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva tashabbusi bilan Oksford universitetining Osiyo va Yaqin Sharq tadqiqotlari fakultetida ilk bor o‘zbek tili kursi ochilgani barchamizni xursand qildi. Nufuzli Oksford universitetida o‘zbek tilining o‘qitilishi nafaqat Buyuk Britaniyada, balki dunyo universitetlarida ham o‘zbek tiliga bo‘lgan qiziqishning ortishiga sabab bo‘ldi.
Yangi qaror bizga bu yo‘nalishda katta imkoniyatlar eshigini ochishiga shubha yo‘q. Zotan, qaror ilovasida alohida bob o‘zbek tilining xalqaro miqyosdagi o‘rni va nufuzini oshirishga bag‘ishlangani fikrimizning isbotidir.
Davlat tili milliy g‘oyamizning asosiy tamoyillaridan biri bo‘lgani sababli, yosh avlod qalbiga ona tilimizni bolalikdan singdirish juda muhim. Qarorda bunga ham alohida e’tibor qaratilgan. Endi bolalarga o‘zbek tilini o‘rgatishda, to‘g‘ri so‘zlashuv ko‘nikmalarini shakllantirishda, odob va axloq normalarini singdirishda o‘zbek adabiy tilining boy imkoniyatlaridan samarali foydalanish tizimli yo‘lga qo‘yiladi.
Bugungi kunda insoniyat sun’iy intellekt imkoniyatlaridan keng foydalanish yo‘liga o‘tmoqda. Prezidentimiz oxirgi paytlarda bu masalaga alohida e’tibor qaratmoqdalar.
Xalqaro minbarlardagi nutqlarida ham bu o‘z ifodasini topmoqda. Jumladan, TDTning Gabala sammitida so‘zga chiqib, raqamlashtirish va sun’iy intellekt sohasida ko‘p tomonlama amaliy harakatlar rejasini ishlab chiqishni taklif qildilar. Shuningdek, “Markaziy Osiyo – Rossiya” formatidagi ikkinchi sammitda ham Sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalar bo‘yicha Mintaqaviy ekspert kengashini tashkil etish masalasiga alohida to‘xtaldilar.
“Davlat tilini yanada rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaror ham davlat tilining zamonaviy axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalariga faol integrallashuvini ta’minlash, bu borada sun’iy intellekt imkoniyatlaridan foydalanish masalasi o‘rin olgani tilimiz rivojida muhim ahamiyatga ega bo‘ladi.
Albatta, bir suhbat davomida bu keng ko‘lamli qarorda aks etgan barcha masalalarni qamrab olish, ularning ahamiyatini to‘liq ochib berish imkonsiz.
Muxtasar aytganda, qarorda ko‘pdan buyon jamoatchilikni o‘ylantirib kelayotgan dolzarb masalalar va ularning yechimlari aks etgani barchamizga ham rag‘bat, ham mas’uliyat bag‘ishlaydi. Endi nafaqat tilshunos-adabiyotshunos olimlar, barchamiz bir yoqadan bosh chiqarib, ushbu qarorning ijrosini ta’minlashga sidqidildan kirishmog‘imiz lozim.
Mazkur qaror biz – ziyolilarga ona tilimizning shon-shuhratini yoyish, uning maqomini yanada mustahkamlashda yangi imkoniyatlar eshigini ochib beradi.
O‘zA muxbiri Nazokat Usmonova yozib oldi.