Til – milliy madaniyatning shakli sifatida millat ma’naviy boyliklarini zamon va makonda birlashtiradi. Til millatning ruhi va uni ushlab turuvchi vosita, millatni dunyoga tanitadigan omillardan biri hisoblanadi. Tafakkur bilan til bir-biriga uzviy bog‘liq holda doimiy rivojlanib boradi. Jamiki yaxshi fazilatlar inson ongi va shuuriga ona tilining jozibasi bilan singadi. Shu bois ham har bir xalq, millat o‘z ona tilini aziz va muqaddas biladi.
Inson kamoloti, tafakkur dunyosi shakllanishida ona tilning o‘rni va roli nihoyatda katta. Ulug‘ bobomiz, hazrat Navoiy "Ko‘ngil mahzanining qulfi til va ul mahzanning kalitin so‘z bil", degan ibratli hikmatni bejiz aytmagan edi.
Tarixdan ma’lumki, til masalasi va uning himoyasi hamisha dolzarb bo‘lib kelgan. O‘zbek tili ham tarixan uzun, mashaqqatli va sharafli yo‘lni bosib o‘tdi.
Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, dunyoda 5 mingdan ortiq til mavjud bo‘lib, shundan 200 tasi davlat tili sifatida qabul qilinganligini hisobga olsak, o‘zbek tiliga davlat tili maqomining berilishi tilimizning barqarorligi, qudrati va ulug‘vorligini ko‘rsatadi. Qolaversa, mamlakatimizning xalqaro hamjamiyat o‘rtasidagi nufuzini yanada oshirishga xizmat qiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida o‘zbek tili maqomi huquqiy jihatdan mustahkamlangan. O‘zbek tili haqidagi qonun qabul qilinganidan so‘ng barcha davlat hujjatlari o‘zbek tilida yuritila boshlandi. 1993 yil 2 sentyabrda “Lotin tiliga asoslangan o‘zbek alifbosini tuzish to‘g‘risida”gi Qonun qabul qilingandan so‘ng mamlakatimizning xalqaro standartlarga integratsiyalashuv jarayoni yanada tezlashdi, imkoniyatlari kengaydi.
Yurtning har bir giyohi, har bir zarrasi qadrlidir. Ularni anglash, his etish kishi qalbida ona Vatanga muhabbat, shu aziz yurtdan faxrlanish tuyg‘ularini mustahkamlaydi. Ana shu fazilatlarning shakllanishi, ayniqsa, yosh avlodni Vatanga muhabbat, istiqlol g‘oyalariga, milliy qadriyatlarimizga hurmat ruhida tarbiyalashda ona tilimizning o‘rni, roli va ahamiyati beqiyos.
Milliy mafkuramizning ana shu negizlari zamirida shubhasiz, ona tilga bo‘lgan munosabat, ona tilimizni ulug‘lash, sofligini saqlash masalasi turadi.
Mazkur jarayonda o‘z ona tilimizni qadrlashimiz, hurmat qilishimiz muhimdir. Shu ma’noda tilimizga qadr va hurmatni oilamizdan boshlaylik, ko‘cha-ko‘yda, keng jamoatchilik orasida sofligini saqlashga harakat qilaylik.
Ona tilimizning butun jozibasi, go‘zalligi va sofligini asrab-avaylaylik. Yoshlar, farzandlarimiz ongiga tilimizning ana shu jozibasi, go‘zalligi, unga bo‘lgan hurmatni muhrlay olsak, ular ona tilimizda erkin fikrlay oladi, o‘zligini teran anglaydi, tilimiz barhayot bo‘ladi.
Ergashbek Jumaboyev,
Andijon davlat universiteti rektorining axborot siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchisi.
O‘zA