Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ona tilimiz fidoyilari xotirasi unutilmaydi
18:29 / 2019-10-16

Har bir yurtning chinakam qalam ahli – ijodkorlari oʻz tilining ravnaqi, istiqboli uchun oʻzini masʼul deb biladi. Bu masʼuliyat ularning asarlarida, amallarida sezilib turadi. Ular hamisha boshqalarni ham ona tiliga hurmat bilan qarashga, uni sevishga chorlab turadi.


Har bir yurtning chinakam qalam ahli – ijodkorlari oʻz tilining ravnaqi, istiqboli uchun oʻzini masʼul deb biladi. Bu masʼuliyat ularning asarlarida, amallarida sezilib turadi. Ular hamisha boshqalarni ham ona tiliga hurmat bilan qarashga, uni sevishga chorlab turadi.

Ustozlar bu mavzu haqida gap boshlaganda hazrat Alisher Navoiyga murojaat qiladi. Uning ijodi va faoliyati avlodlarga yuksak namuna ekanini koʻp takrorlaydi.

Adabiyotimizda Navoiy bulogʻidan bahramand ijodkorlar borki, ularning asarlarini oʻqiganda ezgu amallar targʻibotiga hamohang ona tilimizga boʻlgan mehrni, uning himoyasiga boʻlgan shahdni his qilib turasiz.

Ming yillarkim bulbul kalomi
Oʻzgarmaydi, yaxlit hamisha.
Ammo shoʻrlik toʻtining holi
Oʻzgalarga taqlid hamisha.

Ona tilim, sen borsan, shaksiz,
Bulbul kuyin sheʼrga solaman.
Sen yoʻqolgan kuning, shubhasiz,
Men ham toʻti boʻlib qolaman!

Oʻzbekiston Qahramoni, Xalq shoiri Abdulla Oripovning bu kabi sodda, lekin teran maʼnoli misralarni bir oʻqigandayoq yod olasiz. Uni har takrorlaganda yoki eshitganda esa oʻzimizda oʻzgacha gʻururni tuyamiz, ona tilimizni yana ham yaxshi koʻrib ketamiz...

Toshkent viloyati Chirchiq davlat pedagogika institutida Abdulla Oripov ijodiga bagʻishlangan adabiy-maʼrifiy tadbir “Ona tilim, sen borsan, shaksiz, bulbul kuyin sheʼrga solaman...” deb nomlangani ishtirokchilar tomonidan alohida eʼtirof etildi.

Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi qonuni qabul qilinganining oʻttiz yilligi munosabati bilan tashkil etilgan ushbu tadbirda ustoz ijodkorlar, adabiyot ixlosmandlari, institut professor-oʻqituvchilari va talaba-yoshlar ishtirok etdi.

Tadbirda Chirchiq davlat pedagogika instituti rektori Gʻafurjon Muhamedov, Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi bosh direktori Abdusaid Koʻchimov, filologiya fanlari doktori, professor Nurboy Jabborov, Oʻzbekiston Xalq shoiri Sirojiddin Sayyid, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi Caʼdulla Hakim, Abdulla Oripovning turmush oʻrtogʻi Hanifa Mustafoyeva va boshqalar shoirning ijodi, u yaratgan oʻziga xos maktab, hayot yoʻli haqida soʻzlab berdi.

Abdulla Oripovning har bir misrasini oʻqiganda koʻnglimizni shu yurtning farzandi ekanimizdan iftixor tuygʻulari qamrab oladi. Bugungi kunda oʻz isteʼdodi orqali qalblarga vatan tuygʻusi bilan bogʻliq boʻlgan hayajonni singdira olgan ijodkor xotirasini abadiylashtirish, u yaratgan maktabni davom ettirishga alohida eʼtibor qaratilayotir.

Oʻtgan yili Qarshi shahrida Oʻzbekiston Qahramoni Abdulla Oripov nomidagi ixtisoslashtirilgan maktab-internati barpo etildi. Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 24-maydagi “Qarshi shahrida Abdulla Oripov nomidagi ona tili va adabiyoti fanini chuqurlashtirib oʻqitishga ixtisoslashtirilgan maktab-internatini tashkil etish toʻgʻrisida”gi qarori asosida bunyod etilgan ilm dargohi oldida shoirning haykali qad rostladi.

Ushbu maktabning birinchi qavatida Abdulla Oripov muzeyi tashkil etildi. Bugun 150 oʻringa moʻljallangan bu maktab Ibroyim Yusupov, Muhammad Yusuf, Hamid Olimjon va Zulfiya, Halima Xudoyberdiyeva nomidagi maktablar kabi oʻz faoliyatini samarali davom ettirmoqda.

– Tadbir sevimli shoirimiz Abdulla Oripovga zamondosh boʻlgan, u bilan yonma-yon ishlagan, ijod qilgan ustozlar ishtirok etgani uchun yana ham qiziqarli oʻtdi, – deydi institutning tarix va tillar fakulteti ikkinchi bosqich talabasi Durdona Abdugʻafforova. – Rasmiyatchilikdan yiroq, erkin suhbat tarzidagi “Abdulla Oripovning milliy sheʼriyatimiz taraqqiyotida tutgan oʻrni”, “Ustoz bilan gurunglar”, “Ustoz Abdulla Oripovning ijod maktabi” kabi mavzulardagi maʼruzalar bizga juda manzur boʻldi. Bunday uchrashuvlar tez-tez oʻtkazib turilsa xursand boʻlardik.

Talabalar tomonidan Abdulla Oripov sheʼrlari asosida yaratilgan qoʻshiqlar, turli badiiy chiqishlar ishtirokchilarga xush kayfiyat ulashdi.