Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ona tilimiz – el iftixori, millat qiyofasi
17:20 / 2025-10-20

Jizzax viloyatida “O‘zbek tili barchamizni birlashtiradi!” shiori ostida ko‘plab bayram tadbirlari bo‘lib o‘tmoqda. Ularning har biri xalqimizning o‘z tiliga bo‘lgan yuksak ehtiromi va sadoqatini namoyon etmoqda.

Jizzax shahar Nuroniylar maskanida o‘tkazilgan ma’naviy-ma’rifiy tadbirda tilimizning tarixiy ahamiyati, nutq madaniyati, yoshlar orasida tilga bo‘lgan munosabat masalalari muhokama qilindi. Qo‘shiqlar, she’rlar, dil izhorlari yangradi.

Sharof Rashidov nomidagi Jizzax viloyati axborot-kutubxona markazida esa “Ona tilim – g‘ururim, iftixorim!” mavzusida adabiy-musiqiy kecha o‘tkazildi. Unda shahar hokimligi, O‘zbekiston Milliy universiteti Jizzax filiali, Milliy gvardiya, ta’lim muassasalari, arxiv va Sambhram (Hindiston) universiteti vakillari ishtirok etishdi. Talabalar, o‘quvchilar ijrosidagi yurt, til va Vatan haqidagi she’rlar, sahna ko‘rinishlari, milliy raqslar barchaga bayram ruhini ulashdi.

Jizzax viloyat sudida “Davlat tiliga ehtirom – millatga hurmat” shiori ostida videokonferensiya shaklida ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi. Viloyat sudi raisi A.Shukurov va JDPU dotsenti D.Boymatova nutq so‘zlab, o‘zbek tilining tengsiz ruhiy boylik ekani, mustaqillik yillarida uning davlat va jamiyatda tutgan o‘rni mustahkam bo‘layotganini alohida ta’kidlab o‘tishdi.

Sharof Rashidov tumanidagi umumiy o‘rta ta’lim maktablari o‘quvchilari tomonidan “Davlat tili – millat faxri!” shiorida chellenjlar o‘tkazilib, videoroliklar namoyish etildi, she’riy chiqishlar qilindi.

Arnasoy tumanida esa “O‘zbek tilim – faxrim, g‘ururim!” chellenji va “Jadidlar izidan” tanlovi o‘tkazildi.

Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri