Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ona tilim – onajonim tili bu!
18:00 / 2023-10-20

Til - inson ruhi va vujudining doimiy harakatini ta’minlovchi kuchdir. Tilimizning shavqi, jozibasi, teranligi, fasohati har bir og‘iz so‘zimizda namoyon bo‘ladi. Biz chiroyli va ma’noli muloqotimiz orqali uning latofatini yanada teranroq ifoda etamiz.

Toshkentdagi TMS institutida o‘zbek tiliga davlat maqomi berilganining 34 yilligi munosabati bilan "Ona tilim - Onajonim tili bu", deb nomlangan anjuman tashkil etildi.

Institut prorektori Bahrom Avazboyevich tadbirni ochib berar ekan, uning bugungi qadru qimmati, tarixiyligi va o‘zbek tili til sifatida dunyoning qaysi mintaqasida bo‘lmasin, shu tilda voyaga yetganlar uchun aziz va mo‘’tabar ekanligini e’tirof etdi. 

Bayram tadbirida O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, "Mehnat shuhrati" ordeni sohibasi, shoira Sharifa Salimova, "Shuhrat" medali va bir qancha xalqaro mukofotlar sohibasi, latofatli shoira Xosiyat Rustamova, "Mard o‘g‘lon" davlat mukofoti sohibi, yosh shoir va tarjimon Rahmat Bobojonlar ishtirok etishdi.

Har qanday til o‘z ichki va tashqi omillari asosida boyiydi. Buni 1000 yil muqaddam Mahmud Koshg‘ariy bobomiz o‘zining "Devonu lug‘ot-it-turk" asari orqali isbotlab ketgan. Masalan, Koshg‘ariydan bizgacha 268 maqol o‘z holatida yetib kelgan. Bu esa ming yil davomida tilimizdagi anchagina so‘zlar hech bir buzilish va xavf-xatarlarsiz saqlanayotganini bildiradi. Zotan, tilimizning tozaligini, sofligini asrab-avaylash har birimizning qo‘limizdadir, - dedi shoira Sharifa Salimova o‘z so‘zlarida.

Shoira Xosiyat Rustamova o‘z she’rlaridan o‘qidi:

Yo Tangrim,
Sen menga kuch ber,
Ber chidam –
Xuddi daraxtlarday ko‘tarayin qad.
Ichimga qor yog‘ib turganida ham,
Men kulib turishim kerak hamma vaqt.
Qushlar daraxtlarni aylasa ham tark,
Chidar.
Ayozlardan o‘tar tippa-tik.
Shunda ham olmalar yozaverar barg,
Shunda ham gullaydi bechora o‘rik.
O‘rgat, toshlarga ham gapiray mayin,
Ayolman!
Xudoyim, keltirmayin shak.
Men ham daraxtlarday gullayverayin,
Men ham daraxtlarday yozayin kurtak.

Shuningdek, tadbirda TMS instituti talabalari o‘zlarining she’r, qo‘shiq va raqslari bilan ishtirok etdilar. Abdulla Qodiriyning "O‘tkan kunlar" asaridan sahnalashtirilgan lavha kecha qatnashchilarida chuqur taassurot qoldirdi.
Shoir Rahmat Bobojon tarjima jarayonida tilning kuchi va qudrati yaqqol sezilishi haqida gapirdi. Ayniqsa, turk yoki ozarbayjon tilidan biror she’rni tarjima qilar ekan, ba’zan biror so‘z ustida bir necha kunlab bosh qotirishga to‘g‘ri kelishini ta’kidladi.

O‘tgan asr boshlarida Abdurauf Fitrat "Tilimiz" maqolasi orqali ona tilimizni o‘rab olgan xavf-xatar haqida fikr yuritgan edi. Til yashar ekan, rivojlanar ekan, xavf ham, xatar ham har doim u bilan birga, qadam-baqadam yuradi. Faqat bizning vazifamiz o‘zimiz alla eshitib ulg‘aygan tilning jilovini yot unsurlarga berib qo‘ymaslikdir. Inchunun, ota-onani almashib bo‘lmagani kabi ona tilimizni ham boshqa hech bir til bilan tenglashtirib yoki almashtirib bo‘lmaydi.

Oydin Yo‘ldosheva, O‘zA