“Juda boy, chiroyli tilimiz bor. Bu tilda ifoda etib bo‘lmaydigan fikr, tuyg‘u, holat yo‘q!” degan edi O‘zbekiston xalq yozuvchisi Abdulla Qahhor.
unday tilni sevmay bo‘lmas. O‘zbek tilini e’zozlash, qadrini ko‘tarish har birimizning vijdon ishimiz. Ona tilimiz goh yuksaldi, goh kamsitildi, nopisand qaraganlar bo‘ldi. Shukrki, bugungi yorug‘, munavvar kunlarga salomat yetib keldi. Bugun shu go‘zal tilimizning bayrami. Tantana qilsak, iftixor qilsak arziydi.
Turli tadbirlar, kechalar, davra suhbatlari, uchrashuvlarda tilimizga e’tibor asosiy mavzuga aylangan. Ona tilimiz xalqaro minbarlarda baralla yangramoqda. Tarixiy voqea- o‘tgan yili O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning BMT Bosh Assambleyasi 75- sessiyasida ona tilimizda so‘zlagan nutqi hamon yodimizda.
O‘shandagi faxr diydalarimizni tark etmagan. Biz o‘z tilimizni onamizni qanday sevsak shunday sevamiz. Onaga qanday hurmat ko‘rsatsak shunday e’zozlaymiz. Shuning uchun ham uning qadrsizlanishiga aslo yo‘l qo‘ymaymiz. Aksincha har birimiz tilimiz maqei, sha’ni uchun kurashchimiz.
Ona tilimizga ko‘rsatayotgan izzatimiz har lutfimizda, har harakatimizda ask etib turishi lozim. Xorijiy tillarni bilish bu boshqa masala. Inson qancha ko‘p til bilsa shuncha yaxshi. Faqat boshqa tillardagi so‘zlarni o‘z ona tilimizga qorishtirib uning ohorini to‘kmaslik kerak.
Biz ma’naviyat va ma’rifat sohasi xodimlari joylarda o‘tkazayotgan tadbirlarimizda aynan tilimiz sofligiga alohida ahamiyat qaratayapmiz. Maqsadimiz kelajak egalari bo‘lgan yoshlarimiz millatimiz sha’ni, iftixori bo‘lgan ona tilimizni o‘z ohori bilan saqlasinlar.
Shu o‘rinda o‘z ona tilini bilmagan bir tengdoshimning afsus nadomatlarini aytib o‘tmoqchiman. Tengdoshimning millati o‘zbek. Ota-onasi uni davr taqozosi bilan rus tiliga ixtisoslashgan bog‘chaga bergan, so‘ng maktabda rus sinfida o‘qigan. Oilada ham rus tilida so‘zlashgan. U oliy o‘quv yurtida ham rus tilida ta’lim olib, maktabda ishlayapti. “Bolalar bilan muloqotda qiynalayapman.
Juda ko‘p joyda noqulay holatga tushib qolaman” deydi u. “O‘z tilingni bilmaslik yomon ekan”. Endilikda qo‘liga lug‘at olib o‘zbek tilini o‘rganayapti. Oiladagi muhit bu tengdoshimni ana shu ko‘yga solib qo‘ygan. Shuning uchun ona tiliga muhabbat, hurmat eng avvalo oiladan boshlanadi. Oilada bolalarning to‘g‘ri, toza va sof so‘zlashida avvalo o‘zimiz ibrat bo‘lishimiz shart.
...Ona tilim sen borsan shaksiz,
Bulbul kuyin she’rga solaman.
Sen yo‘qolgan kuning shubhasiz,
Men ham to‘ti bo‘lib qolaman.
deb yozgan shoir ming bora haq. Ona tili yo‘qlikka yuz tutgan millatning o‘zi tanazzulga yuz tutadi. Chunki har bir xalqning vatani uning ona tilidir. Til bo‘lmasa millat, millatsiz esa Vatan bo‘lmaydi. Shunday ekan ona tilimizni asrashimiz, avaylashimiz darkor.
Prezidentimiz aytganidek “Har birimiz davlat tiliga bo‘lgan e’tiborni mustaqilikka bo‘lgan e’tibor deb, davlat tiliga ehtirom va sadoqatni ona vatanga ehtirom va sadoqat deb bilishimiz, shunday qarashni hayotimiz qoidasiga aylantirishimiz kerak. Bu olijanob harakatni barchamiz o‘zimizdan, o‘z oilamiz va jamoamizdan boshlashimiz, ona tilimizga, urf-odat va qadriyatlarimizga hurmat, Vatanga mehrimizni amaliy faoliyatda namoyon etishimiz kerak”.
Murodjon Hayitov,
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat
markazi Sirdaryo viloyat bo‘limi rahbari.
O‘zA