Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Ona tili va o‘qish savodxonligi” fani: ilk natijalar qanday?
16:37 / 2022-06-02

Toshkent shahridagi “M-Faktor” biznes markazida Xalq ta’limi vazirligi huzuridagi Respublika ta’lim markazi, YUNICYeF, YUNESKO tashkilotlarining mamlakatimizdagi vakolatxonalari bilan hamkorlikda “Ona tili va o‘qish savodxonligi” fani bo‘yicha xalqaro ekspert Syuzan Ianuzzi ishtirokida boshlang‘ich sinf o‘qituvchilari uchun seminar tashkil etildi.

2020 yildan boshlab Milliy o‘quv dasturi loyihasi doirasida xalqaro tajriba hamda mehnat bozori talablarini hisobga olgan holda, umumta’lim maktablari uchun 22 ta fandan, xususan, “Ona tili va o‘qish savodxonligi” fanidan zamonaviy ta’lim standartlari, o‘quv dasturlari hamda ilg‘or metodikalar, baholash tizimini ishlab chiqish maqsad qilingan.  

Milliy o‘quv dasturi asosida 2020-2021 yildan boshlab umumta’lim maktablarida “Ona tili” va “O‘qish” fanlarining birlashuvi natijasi “Ona tili va o‘qish savodxonligi” fani joriy etildi. Ikki fanning birlashuviga asosiy sabab ona tilini o‘qitishdagi yondashuvning o‘zgarishi bo‘ldi. Endilikda grammatika va yodlashga asoslangan ta’limdan tinglab tushunish, o‘qib tushunish, fikrni og‘zaki va yozma bayon qilishdan iborat til o‘rgatishning 4 ko‘nikmasini rivojlantirishga qaratilgan ta’lim shakliga o‘tildi. 

Ona tili fani asosida o‘quvchida shakllantiriladigan ko‘nikmalardan biri bu o‘qib tushunishdir. Natijada o‘quvchi darslikda qoidalar o‘rniga ko‘proq matnlar bilan ishlaydi va ularda o‘qib tushunish ko‘nikmasi rivojlanadi. O‘quvchida o‘qib tushunish ko‘nikmasini “Ona tili” fani rivojlantirishi hisobiga o‘z-o‘zidan “O‘qish” faniga zarurat qolmaydi.  

Ushbu darslik amaliyotga joriy qilinishidan oldin maktablarda tajriba-sinovdan o‘tkazildi. 1-2-sinf “Ona tili va o‘qish savodxonligi” darsligi 2021-2022-o‘quv yili uchun amaliyotga joriy qilinganida, ko‘plab o‘qituvchilar tomonidan noroziliklarga sabab bo‘lgan bo‘lsa-da, bu darslikni bir yil davomida o‘qitib, o‘quvchilaridagi ijodiy va tanqidiy fikrlash qobiliyatining oshib borayotganini, matnlar, audiomatnlar bilan ishlash, yozish va nutq so‘zlash ko‘nikmalarining rivojlanayotganini ko‘rgan o‘qituvchilar endilikda ushbu darsliklarga nisbatan iliq munosabat bildirmoqdalar. 

– “Ona tili va o‘qish savodxonligi” darsligida berilgan bo‘lim va mavzular real hayotga asoslangan bo‘lib, o‘quvchining nafaqat o‘qish va savodxonlik ko‘nikmalarini oshirish balki, ularning atrofidagi voqea va hodisalarni anglashga, muayyan ijtimoiy vaziyatlar uchun kerakli bilim, ko‘nikma va malakalarni shakllantirishga asos bo‘lmoqda, – dedi to‘raqo‘rg‘onlik o‘qituvchi Manzura Karimova. 

Ona tili va o‘qish savodxonligi darsligini yaratish jarayoniga mahalliy mutaxassislar, amaliyotchi o‘qituvchilar bilan birgalikda YUNICYeFning xalqaro eksperti Syuzan Ianuzzi ham ishtirok etdi. Shu o‘rinda tabiiy savol tug‘iladi: Xo‘sh, ona tilini o‘qitishda xorijlik mutaxassisga qanday zaruriyat bor?  

Mutaxassislarning fikricha, butun dunyoda ona tilining ham, xorijiy tillarning ham o‘qitish metodikasiga umumiy va yagona metodika asosida yondoshiladi. Bunda o‘quvchining o‘z ona tilini hayotiy jarayonlarda to‘g‘ri qo‘llay olishi, o‘z fikrini to‘g‘ri, erkin, savodli ifoda etishi kabi ko‘nikmalarning rivojlantirilishiga asosiy e’tibor qaratiladi.   

Darslikni yozishda qatnashgan mahalliy mutaxassislarning 5 nafari Syuzan Ianuzzi tomonidan tashkil qilingan 3 oylik seminar-treninglarda zamonaviy darslikni yaratish malakalarini oshirdilar. 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 11 maydagi “2022-2026- yillarda Xalq ta’limini rivojlantirish bo‘yicha Milliy dasturni tasdiqlash to‘g‘risida”gi farmonida o‘quv dasturi, o‘quv-metodik majmua va darsliklarni yaratish hamda yangilash uchun jalb qilinadigan xorijiy ekspertlar bilan muzokaralar olib borish, ularni dastur, o‘quv metodik majmua va darsliklarni yaratish hamda yangilash uchun jalb qilish vazifasi qo‘yildi. 

Ushbu vazifalarni amalga oshirish, til ko‘nikmalarini rivojlantirishga qaratilgan fanning mazmun-mohiyatini xorijiy va mahalliy ekspertlar tomonidan o‘qituvchilarga yetkazishda mazkur ma’rifiy-uslubiy seminarning ahamiyati o‘ziga xos bo‘ldi.   

N.Usmonova, O‘zA